Knyaz Romanov saroyi poytaxtimizning asosiy diqqatga sazovor turistik maskanlaridan biriga aylanadi

    Madaniyat 3 Oktabr 2021 1958

    Bugun Toshkentdagi Knyaz Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish va binoning asl me‘moriy qiyofasini qaytarish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san‘atni rivojlantirish Jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova hamda mazkur soha mutaxassislari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan noyob tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, uni xalqaro maydonda ommalashtirish va mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish siyosati doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish Jamg‘armasi knyaz Romanovning sobiq qarorgohini restavrasiya qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Restavratsiya ishlarini moliyalashtirish davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatimiz madaniyati va san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan fundamental qarorlar qabul qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1019-sonli qarori shular jumlasidan bo‘lib, unga ko‘ra Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga Toshkentdagi Knyaz Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish va binoning asl me’moriy qiyofasini qaytarish ishonib topshirilgan. Loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

    Romanov qarorgohining tarixi

    Saroy 1891-yilda me’morlar A.Benua va V.Geinselman loyihalari asosida o‘z zamoniga mos “modern” uslubida qurilgan. Ikki qavatli nafis bino o‘yma panjaralar, g‘ayrioddiy shakldagi derazalar, minoralar va boshqa bezak elementlari bilan boyitilgan. Saroyda kutubxona, issiqxona va qishki bog‘ bo’lgan. Binoning orqa tarafidan mashhur toshkentlik botanik va farmasevt I.I.Krauze tomonidan qurilgan katta bog‘ga chiqish yo’li bo‘lgan. Saroy zallari quyuq eman bilan qoplangan, o‘yma karnizlar va tilla kartinalar bilan bezatilgan. Uning ichki bezaklarini yaratishda an’anaviy ganch o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy ustalar qatnashgan.

    Saroy zallaridan biri sharqona uslubda bezatilgan. Bu xonada sharqshunoslik uslubidagi mashhur rangtasvir ustalarining rasmlari joylashgan bo’lgan. Knyaz Sankt-Peterburgdan olib kelgan Yevropa va rus rangtasvir san’ati asarlari to‘plami 1919-yilda Toshkentda San’at muzeyini (keyinchalik O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi) yaratilishiga asos bo‘ldi.

    1918-yilda Nikolay Konstantinovich Romanov vafotidan oldin o‘z saroyida muzey tashkil etish sharti bilan butun kolleksiyasini Toshkent shahriga sovg‘a sifatida meros qilib qoldirgan. Uning o‘limidan so‘ng, saroyda san’at muzeyi tashkil etilgan. 1940-1970 yillar davomida saroyda Respublika pionerlar saroyi joylashgan edi. 1980-yillarda binoda O‘zbekiston antikvar buyumlari va zargarlik san’ati muzeyi joylashgan. XX asr oxirida Saroy restavrasiya qilinib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Qabul uyi sifatida xizmat qilgan.

    Ekspozitsiya

    Saroyning o‘zi, arxitekturasi va badiiy bezatilgan interyerlari bilan mustaqil bir eksponatdir. Kolleksiya buyumlari mavzuviy bo‘linmalarga guruhlanadi va turli xonalar kontekstida namoyish etiladi. Bu buyumlar saroy tarixini qayta tiklaydi va bir vaqtlar saroyda knyaz hayoti davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa xonalarga shunday joylashtiriladi. Zamonaviy ko‘rgazma texnologiyalari va interaktiv maydonlar saroy podvallarida namoyish etiladi. O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi fondlaridan san’at asarlari kolleksiyalaridan 500ga yaqin eksponat yangilangan muzeyning doimiy ko‘rgazmasiga kiritiladi. Bir vaqtlar saroyni bezab turgan marmar va bronza haykallardan tashqari, 120dan ortiq rangtasvir va grafika, 75 ta haykal, 20 ta mebel ashyosi muzeyga qaytariladi. Saroyning zallari va xonalari asl qiyofasini tiklaydi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov:

    «So‘nggi besh yil ichida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash, uni o‘rganish va ommalashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Knyaz Romanov saroyi binosini restavrasiya qilish ana shunday yirik loyihalardan biridir. Mazkur noyob loyiha ishiga arxitektura va restavratsiya sohasining xalqaro professionallari jalb qilingan. Maqsadimiz – bu betakror me’moriy yodgorlik va unga tutash bo‘lgan xiyobon maydonini saqlab qolgan holda, u yerda jamoatchilik vaqt o‘tkazishi uchun sharoit yaratishdir. Mehmonlar Markaziy Osiyo me’morchiligi uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan bu joy bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. Umid qilamizki, bo‘lajak muzey poytaxtimizning asosiy diqqatga sazovor turistik joylaridan biriga aylanadi.

    Bugungi kunga kelib binoni rekonstruksiya qilish va muzey dizaynining dastlabki konsepsiyasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Qayta qurish loyihasiga asosiy bino va uning qanotlarini tarixiy maqsadiga muvofiq rekonstruksiya qilish va tiklash bo‘yicha me’moriy va muhandislik yechimlari, eski daraxtlarni asrab qolish va qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutuvchi hovli hududi dizaynini, mavjud favvoralarni restavrasiya qilish, va eng muhimi, knyaz Romanov kolleksiyasidagi san’at asarlaridan iborat bo‘lajak ekspozisiya rejasini o‘z ichiga oladi.

    Loyihani amalga oshirish Madaniyat va san’atni rivojlantirish Jamg‘armasi Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning patronaji ostida amalga oshiriladi:

    “Bizning eng asosiy umumiy vazifamiz – bu mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosini saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazishdir. Shu bilan birga, muzeylar va boshqa madaniy muassasalarni yaratish, takomillashtirish va rivojlantirish zarur. Biz madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida xalqaro me’morlar va tarixchilar guruhini birlashtirgan holda, Romanov qarorgohini tiklashga alohida e’tibor bilan yondashamiz. Ishonchim komilki, qayta tiklanganidan so‘ng, Saroy ijodiy ilhom va tarixiy-madaniy ma’rifat maskaniga aylanadi”.

    Loyihalashtirish ishlaridan avval mahalliy va xorijiy mutaxassislar va tarixchilar tomonidan saroy xonalarining asl tartibi va ularning maqsadi borasida arxiv tadqiqotlari o‘tkazildi, shuningdek ilgari olib borilgan restavratsiya ishlari bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘rganib chiqildi.

    Qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmalar tadqiqotlari va texnik ekspertizasi asosida qilinajak ishlar xronologiyasi tuzildi, bunda binoning asl tuzilishi to‘liq saqlanib qoladi. Haykaltaroshlik, dekorativ elementlar, rampa kabi tarixiy elementlarni tiklash orqali binoning asl qiyofasi qaytariladi.

    Loyihaning asosiy urg‘usi sifatida jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy va madaniy tadbirlar uchun mo‘ljallangan ko‘rgazma maydonini yaratish bo‘ladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish Jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova:

    “Mamlakatimiz Prezidentining topshirigi — madaniy meros obyektlarini asrash va ulardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishdan iborat. Tarixiy bino va me’moriy yodgorlikning asl qiyofasini tiklash bo‘yicha ushbu noyob loyiha muzey ishi sohasidagi ilg‘or ko‘rgazma texnologiyalarini joriy etish bilan birlashtiriladi. Yangi muzey Toshkent shahrining yana bir bezagiga aylanishi muqarrar”.