Taʼkidlash kerakki, keyingi 3-4 yil soha uchun juda samarali keldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan 2020-yilning oʻzidayoq respublikamizda fermer xoʻjaliklari va boshqa korxonalari tomonidan 22,6 ming gektar maydonida yangi tokzorlar barpo etildi. Shuningdek, 4,3 ming gektar maydondagi tokzorlar rekonstruksiya qilindi.

Joriy yilda respublikamizning lalmi va foydalanishdan chiqqan 79,1 ming gektar maydonlarida yangi tokzorlar barpo etilib, 12,6 ming gektar maydondagi eski iqtisodiy samarasiz tokzorlar rekonstruksiya qilinadi.

Ushbu maydonlarda tashkil qilinadigan tokzorlarga har tomonlama sifatli, sertifikatlangan, turli xil virusli kasallik va zararkunandalardan xoli tok koʻchatlarini yetkazib berish eng dolzarb masaladir.

Ushbu masalani hal etish va sertifikatlangan, turli xil virusli kasallik va zararkunandalardan xoli jahon bozori talablariga mos eksportbop 35-40 mln. tup tok koʻchatlarini tayyorlab berish maqsadida respublikamizning Toshkent, Namangan, Samarqand viloyatlarida 5 ta kompleks tok koʻchatxonalarini tashkil etish moʻljallanmoqda.

Hozirgi kunda mintaqamizdagi milliy ampelografik kolleksiyalarini saqlash va kengaytirish, stress omillarga chidamli, sifatli, sertifikatlangan tok koʻchatlarini yetishtirish maqsadida In Vitro sharoitida mikroklonlash uslubida payvandlangan tok koʻchatlarini yetishtirish ishlari yoʻlga qoʻyilyapti. Jumladan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida “De Nova Agro” MCHJ tomonidan 1 mln. dona payvandtaglarini “In vitro” sharoitida yetishtirishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Deyarli Mavlono” f/x, “Gulbogʻ Burxon” fermer xoʻjaliklari, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani “STANDARD KROSS AGRO” MCHJ, Qibray tumanidagi “Botanik treye” MCHJlari negizidagi tok koʻchatxonalarida onalik tok plantatsiyalari tashkil etish va texnik navli uzumlarning onalik maydonlarini yaratish uchun yer maydonlarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur tadbirlar doirasida hozirda Agentlik bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Jonboy tumanidagi “Oxalik oltin bogi mevasi” MCHJ tomonidan chetdan introduksiya qilingan Rkatsiteli, Fiano, Viogner, Kaberne Sovinyon, Sira, Primitivo, Montepulitsiano, Saperavi, Risling, Shardone kabi istiqbolli texnik uzum navlaridan mahalliy sharoitda yangi texnologiyalar asosida 2 mln. dona tok koʻchatlari tayyorlanmoqda. Gretsiya texnologiyasi asosida faoliyat olib borayotgan ushbu koʻchatxona shu kunga qadar 3 mln. yevro hisobiga investitsiya kiritgani va 45 nafar ishchi uchun doimiy ish oʻrni yaratgani quvonarli holdir.

Yangi tokzorlar barpo qilayotgan talabgorlarga yengillik yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-noyabrdagi 753-sonli qarori bilan agentligimiz jamgʻarmasi hisobidan In Vitro sharoitida yetishtirilgan tok koʻchatlarini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida bir dona tok koʻchatiga 4 (toʻrt) ming soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiyalar ajratilishi belgilangan.

Bu borada Agentlik tomonidan targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilibgina qolmay, tashabbuskorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun jonbozlik koʻrsatib kelinmoqda. Bu yil koʻchatxonalarni tashkil qilish, jihozlash va samaradorligini oshirish maqsadida 1 mlrd. soʻm miqdorida subsidiya ajratish rejalashtirilgan.

Agentlik tomonidan tashabbuskor va fermerlar uchun oʻtgan yil davomida 80 dona quduq qazish uchun 11 mlrd. 800 mil. soʻm, 2929.6 gektar yerni tomchilatib sugʻorish uchun esa 23 mlrd. 838 mil. soʻm miqdorida subsidiya ajratildi.