Loyihaning maqsadi “Ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilishdan iborat. Qonun loyihasi 9 ta bob va 61 ta moddadan iborat bo'lib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni ro'yxatdan o'tkazish, ma'lumotlar taqdim etish tartibi, ro'yxatdan o'tkazuvchilar maqomi, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni ro'yxatdan o'tkazishni tashkil etish tartiblari yoritilgan. Qonun loyihasini qabul qilish ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish bilan bog'lik bo'lgan qoidalarning o'zaro muvofiqlashtirilmaganligini yo'qotish imkonini yaratadi va atamalar hamda tushunchalarning birxilligini ta'minlaydi. Barcha rivojlangan mamlakatlarda ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish jarayonlarini tartibga soluvchi qonunchilik shakllangan va ushbu qonunchilik asosida o'zlarining ro'yxatdan o'tkazish tizimlari yaratilgan. CHet el tajribasi (Rossiya, Belarus, Qozog'iston, Ukraina) shuni ko'rsatadiki, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish sohasi alohida qonun bilan tartibga solingan bo'lib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni ro'yxatdan o'tkazish tartibi, ro'yxatdan o'tkazuvchilar maqomi va boshqa jihatlari qonun bilan belgilangan.

Loyihaning qabul qilinishi ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarning davlat ro'yxatidan o'tkazilishi natijasida davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkdorlar huquqlarining himoyalanishi, ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishning qonun bilan kafolatlangan tartibi o'rnatilishi natijasida ko'chmas mulk bozorining rivojlanishi, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishi va bular natijasida O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi ta'minlanadi.