Vazirlar Mahkamasining «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi 424-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
- ko‘chmas mulkni bo‘lish hamda birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari.
Ko‘chmas mulkni bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash uchun shaxs YAIDXP, davlat xizmatlari markazi yoki Kadastr agentligining veb-sayti orqali ariza yo‘llaydi.
Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali 10 kun ichida joyiga chiqqan holda ko‘chmas mulkni bo‘lish imkoniyatini o‘rganib, abris tayyorlaydi va ko‘chmas mulkning yangi chegaralarini belgilash haqida dalolatnoma tuzadi.
Dalolatnoma ko‘chmas mulklarning mulkdorlari tomonidan ERI orqali tasdiqlanadi va dalolatnoma Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tuman (shahar) bo‘limiga yuborilib, bo‘lim tomonidan 3 kun ichida kelishiladi.
Kelishilgan dalolatnoma murojaatchiga yuboriladi.