Ushbu komissiya bino va inshootning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish boʻyicha berilgan xulosa, bino va inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda oʻz hududida qoʻshimcha binolarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma olinganligi haqidagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqadi.
Shuningdek, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi qarori va ushbu kengash ishchi organi xulosasiga doir hujjatlarning qonuniy berilganligini oʻrganib chiqadi va qaror qabul qiladi.
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-avgustdagi “Shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda Shaharsozlik kodeksining 20-moddasiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bu bilan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga oʻz vakolati doirasida shaharsozlik faoliyati subyektlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish vazifasi yuklanmoqda. Bordi-yu, manfaatdor shaxs komissiya qarorlaridan norozi boʻlsa, mazkur nizolar sud tartibida koʻrib chiqiladi. Yaʼni, komissiyaga murojaat qilish ixtiyoriy boʻlib, bu ularning bevosita sudga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.
Taʼkidlash lozimki, sudlarda koʻrib chiqilgan yoki koʻrib chiqilayotgan nizolar komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
Manfaatdor shaxs vakolatli organning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati yoki bunday hujjatni berishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek, harakatlari boʻyicha komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning shaharsozlik sohasidagi qonuniy manfaatlarini koʻzlab vakolatli davlat organlari yoki aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham komissiyaga murojaat qilishi mumkin.
Mazkur komissiya tarkibi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining joriy yil 16-sentyabrdagi 226-son buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Qayd etish kerakki, komissiya yigʻilishida masalaga aloqador komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Yigʻilishni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, komissiyaning yangi majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida belgilangan tartibda xabarnoma yuboriladi.
Bunda, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qabul qilgan yoki qabul qilishni rad etgan mansabdor shaxs komissiya aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Komissiya oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish va murojaatlarni koʻrib chiqishda, zarur hollarda, tegishli tashkilotlarning vakillarini jalb qilishi mumkin.
Shuningdek, murojaatlar koʻrib chiqilishi teng huquqlilik, xolislik, qonuniylik, kollegiallik va huquqni qoʻllash amaliyotining bir xilligini taʼminlash hamda murojaat etuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish prinsiplariga asoslanadi.
Manfaatdor shaxs komissiyaga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda vazirlikning elektron pochtasi yoki rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilishi mumkin va unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qabul qilgan yoki uni qabul qilishni rad etgan yoki harakat va harakatsizlikni amalga oshirgan vakolatli organning nomi, murojaat etgan jismoniy shaxsning yoki vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaxs uchun esa uning nomi va joylashgan joyi.
Murojaat etgan shaxsning talablari, ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati, murojaat etilgan sana koʻrsatilishi talab etiladi. Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatning Nizom talablariga muvofiqligini tekshiradi va uni komissiya majlisida koʻrib chiqishga tayyorlaydi yoki murojaat ushbu Nizom talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda, kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir ish kuni mobaynida manfaatdor shaxsga qaytaradi.
Murojaat kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kunida komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunda murojaatda koʻtarilgan masalalar ularni bevosita joyida oʻrganish, boshqa tegishli hujjatlar va materiallarni olish hamda boshqa tegishli tashkilotlarning vakillarini jalb qilishni talab etgan taqdirda, uni koʻrib chiqish muddati qoʻshimcha oʻn besh ish kuniga uzaytirilishi mumkin.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, murojaat ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki uni rad etish haqidagi qaror qabul qilingan paytdan yoki vakolatli organning harakatlari maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran 30 kundan kechiktirmay berilishi mumkin.
Manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakili komissiya tomonidan murojaat koʻrib chiqilishida ishtirok etish huquqiga ega. Bunda komissiya manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakilining talabiga koʻra muhokamani videokonferensaloqa vositasidan foydalangan holda oʻtkazishi mumkin.
Komissiya kotibi ikki ish kunida komissiya qarorini ariza beruvchiga yuboradi hamda qarorni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi Shaharsozlik sohasida nizolarni sudga qadar hal qilish reyestriga kiritadi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur jarayonlar jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasidagi nizolarni tezda oʻrganib chiqish va ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.