Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oliy taʼlim muassasalarining joylashuvi shaharlarning holatiga, jumladan, tirbandlik muammosiga qanday taʼsir qilishini oʻrgandi.
Taʼlim muassasalari rivojlanishning asosi hisoblangani uchun ularni oqilona joylashtirish shaharsozlikning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Masalan, 2012-yilda Moskvada yoʻllardagi yuklamani kamaytirish maqsadida 2020-yilgacha poytxtda mavjud beshta yirik universitet uchun Moskva halqa yoʻli tashqarisida oʻquv binolarini qurish rejalashtirilgan va bir nechta nufuzli oliy taʼlim muassasasini optimallashtirishga qaror qilingandi. Dunyo miqyosida olib qaraydigan boʻlsak, “QS World University Ranking” reytingidagi 25 ta eng nufuzli oliy taʼlim muassasasining 9 tasi poytaxt shaharlarda va qolgan 16 tasi poytaxt shaharlardan tashqarida joylashgan.
Tadqiqotda Toshkent shahri yoʻllarining tirbandlik darajasi quyidagicha baholandi:
- yoʻllardagi oʻrtacha tezlik boʻyicha;
- tirbandlik mavjud yoʻllarning uzunligi boʻyicha:
- ijtimoiy soʻrov natijalari boʻyicha.
Maʼlumot uchun: Tirband yoʻllarning uzunligi QGIS dasturi vositasida Quick Map Services maʼlumotlari asosida aniqlandi. Tirbandlik xaritasi boʻyicha avtomobil yoʻlda soatiga 10 kilometrdan kam tezlikda harakatlansa – toʻq qizil, soatiga 10-25 kilometr oraliqdagi tezlikda harakatlansa – qizil, soatiga 25-45 kilometr oraliqdagi tezlikda harakatlansa – sariq va soatiga 45 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlansa – yashil rangda ifodalanadi. Shuni inobatga olib, faqat qizil va toʻq qizil rangli yoʻllar tahlil qilindi.
Tadqiqot natijasida quyidagilar aniqlandi:
1. Bugungi kunda Toshkent shahrida tirbandlik yuqori boʻlgan yoʻllarning jami uzunligi 120 kilometrdan ortiq. Bu Toshkent shahridan Guliston shahrigacha boʻlgan masofa (119 kilometr) dan ham ortiq.
2. Respublika oliy taʼlim muassasalarining 43 foizi Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, jami talabalarning 34 foizi (354 ming) poytaxtda tahsil oladi.
3. Soʻrovnoma ishtirokchilarining 47 foizi aynan oʻqishga qatnovchilar tufayli faollikning ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi uchta asosiy sababdan biri sifatida qayd etdi. Soʻrovda ishtirok etgan talabalarning 78 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri, deb baholagan.
4. Soʻrovda qatnashgan talabalarning 9,3 foizi boʻsh vaqtlarida kira qilishini bildirgan. Ularning 91 foizini Toshkentga boshqa hududdan kelib tahsil olayotgan talabalar tashkil etgan. Bu ularning kundalik ehtiyojini qondirish uchun qoʻshimcha ishlashiga toʻgʻri kelayotganini bildiradi. Bu esa oʻz navbatida, taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
5. Talabalar uchun oʻqish davridagi faollikning ortishi oʻta tirband yoʻllar uzunligining 8,5 kilometrdan 11,3 kilometrgacha oshishiga sabab boʻladi.
6. Oʻqish davrida tirbandlikning ortishi sababli bir yilda atmosferaga qoʻshimcha 507 tonna karbonad angidrid ajralib chiqadi. Bu holat qoʻshimcha 19 ming 31 tup daraxt ekish yoki 53 gektar yashil hudud barpo etishni talab qiladi.
Taʼkidlash joizki, OTMlarning poytaxtda markazlashuvi tufayli boshqa hududlardan koʻplab yoshlar Toshkent shahriga kelib taʼlim olmoqda. Toshkent shahrida narxlarning boshqa hududlardagiga nisbatan yuqoriligi, talabalar turar joylarining yetishmasligi va ijara narxining balandligi taʼlim xarajatlari bir necha barobar ortib ketishiga olib kelmoqda.
Iqtisodiyotning maʼlum tarmogʻi uchun mutaxassislar tayyorlovchi taʼlim muassasalarini shu tarmoqqa ixtisoslashgan hududlarda joylashtirish fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlab, taʼlim sifatini oshirishda yordam beradi. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari atrofida xizmat koʻrsatish obyektlarining koʻpayishi hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga multiplikativ taʼsir qilib, hududlararo tabaqalashuv darajasini qisqaradi.