21-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi uchrashuvida ana shu muhim jihatlar haqida alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbirda turli konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik aloqalarini yana-da yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, aholi oʻrtasida bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar, xususan, Oʻzbekistonning AQSH Davlat Departamenti tomonidan maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarilgani keng muhokama qilindi. Bu kabi yutuq va eʼtiroflar diniy sohada olib borilayotgan oqilona siyosatning yorqin natijasi ekani ham alohida taʼkidlandi. Oʻz navbatida, Konfessiya vakillari tomonidan Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni butun dunyoga targʻib qilish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, yigʻilishda murakkab pandemiya davrida ham turli diniy konfessiya vakillari oʻzaro hamjihatlikda faoliyat olib borganlari, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish yoʻlidagi munosib faoliyatlari ham alohida qayd etildi.
Darhaqiqat bu kabi uchrashuvlar yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi yangilik va oʻzgarishlar borasida fikr almashish, diniy bagʻrikenglik, oʻzaro tushunish, hamjihatlik va hamkorlikda faoliyat olib borish uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir yakunida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan barcha konfessiyalar vakillariga esdalik sovgʻalari, faxriy yorliqlar topshirildi.