Konfessiyalar kengashi yigʻilishida muhim masalalar muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 1 Iyul 2020 1854

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitada Konfessiyalar kengashining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda turli din vakillari oʻrtasida hamjihatlik aloqalarini yana-da yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, aholi oʻrtasida bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlash, shuningdek yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun Kengash aʼzolari tomonidan muhokama qilindi. 

    Ushbu Qonun xalqaro hujjatlar, shu jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, BMT va YEHXTning tegishli normativ hujjatlariga tayanilgan holda ishlab chiqilgani alohida qayd etildi.

    Shuningdek, Qonun loyihasiga kiritilgan bir qator yangi moddalar haqida Kengash aʼzolariga batafsil maʼlumot berildi va oʻzaro fikr almashildi. Ular quyidagilardan iborat:

    ✔️ din sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aniq belgilab berilishi;

    ✔️ diniy tashkilotlarning huquqiy maqomi, ularning huquq va burchlari xususidagi qoʻshimcha moddalar kiritilishi;

    ✔️ diniy tashkilot taʼsischilari sonining 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilishi;

    ✔️ diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida taʼsis hujjatlarining notarial tartibda tasdiqlash amaliyotining bekor qilinishi;

    ✔️ diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishning aniq asoslari belgilanishi;

    ✔️ roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ (adliya idoralari)ning diniy tashkilot faoliyatini tugatish boʻyicha vakolatining bekor qilinishi;

    ✔️ diniy tashkilot faoliyatining faqat sud qarori asosida 6 oygacha boʻlgan muddatga vaqtinchalik toʻxtatish amaliyotining kiritilishi;

    ✔️ diniy tashkilotlar rahbarligiga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan shaxslarning nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishish amaliyotining bekor qilinishi.

    Kengash aʼzosi – Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy bu borada shunday dedi:

    – Kengashning ushbu yigʻilishida faoliyatimiz uchun muhim boʻlgan qator masalalarni muhokama qildik. Jumladan, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun boʻyicha ham oʻzaro fikr almashdik. Eʼtirof etish kerak, bugun Oʻzbekistonda biz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Buning uchun, avvalo, Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildiramiz”.

    Shuningdek, uchrashuvda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalasiga boʻlgan eʼtibor yildan-yilga kuchaytirilayotgani, bu, ayni paytda, Oʻzbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham oʻz aksini topgani qayd etildi. Xususan, “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yoʻnalishi, aynan, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash masalasiga bagʻishlangani ham ularga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasidir.

    – Pandemiya sharoitida bizning salomatligimizni oʻylab koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida bugungi uchrashuvda alohida suhbatlashdik. Biz ham ushbu talablardan kelib chiqqan holda, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻz ish faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Konfessiyalar Kengashi yigʻilishida koʻplab masalalarni muhokama qildik, xususan, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun haqida atroflicha maʼlumotlar oldik. Har bir boʻlim va band boʻyicha fikr almashdik. Albatta, bu kelgusi faoliyatimizni yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi” – dedi, Rim-katolik markazi rahbari yepiskop Yeji Matsulevich.

    Uchrashuv yakunida barcha diniy konfessiya rahbarlariga Konfessiyalar kengashi aʼzoligi guvohnomasi topshirildi.