Koʻcha

Keksayish bolalik xotiralarini eslash­dan boshlanadi shekilli...

Ming yillik tarixga ega qishlogʻimiz­da sunnat toʻyi qish-qirovli kunlari oʻtar, soʻqim soʻyilib, doshqozonlarda osh damla­nar, yurt oldiga dasturxon yozilardi. Yozda boʻlsa, hashar avjiga chiqar, kattalarga qoʻ­shilib, biz — bolalar ham bu marosimda qatnashar edik.

Ota-ona uylangan oʻgʻliga uy qurmoqchi boʻlsa, qarindosh-urugʻ, doʻst-qadrdonlarini hasharga chorlar, ular ustalarga qoʻshilib, bir-ikki kun ichida ikki-uch xonali uy­ning devorini koʻtarib, ustini yopishardi. Ayollarning hashari ustalarga yoʻqlov oshi joʻnatishdan iborat edi. Tanish-bilishi, qarindoshlari koʻplarnikidagi hashar quyuq ziyofatga aylanib ketar, hasharchilar bir-bi­riga maʼnoli qarab, “Oh-oh, hashar emas, oshar boʻldi-ku”, deyishardi.

Bir gal dadam bilan qoʻshni qishloqdagi qarindoshimiznikiga hasharga bordik. Usta­lar quriladigan uyning toʻrt burchagiga qo­ziq qoqib, ish boshlayotgan ekan. Dadam oʻzi­cha bir nimalarni chamalab koʻrdi-da, quyuq qoshi bir oz chimirilib, qarindoshimizni oldiga chaqirib: “Jiyanim, uyning tashqi devori koʻchaga chiqib ketibdi, yarim quloch ichkariga olish kerak”, dedi. Bu gap jiyaniga, ustalarga ham yoqmadi. Devorning tagiga tosh terish boshlanib ketdi.

Tushlikni kutmay, uyga qaytdik. Dadam­ning xafa boʻlganini sezib turibman, ammo sababini bilmayman. Dadam boʻlsa oʻziga oʻzi: “Eh jiyan, jiyan, qabristonning yeri­ni qoʻshib ol — mayli, masjidning yerini qoʻshib ol — mayli, ammo koʻchaning haqiga tegma”, degan gapni eshitmagan ekansan-da. Parvardigor, oʻzing kechir”, derdi, xolos.

Uy kuzga qolmay bitdi. Ammo... bahor­da kuchli sel kelib, tashqi devorini yuvib ketdi.

Oʻgʻri

Adabiyot gazetasi tahririyatiga yoʻllan­gan bir maktubda bayon qilingan voqeani oradan ancha yillar oʻtgan boʻlsa ham unutol­mayman. Hovlida izgʻib yurgan hakka, qargʻa, olaqanot va boshqa qushlarga koʻzim tushdi deguncha, yodimga tushadi. Maktub muallifi sirli “oʻgʻrilik” tufayli oilasidan ajra­gan, badnom boʻlgan begunoh kelinchak. Mana, oʻsha maktub.

“Katta hovlili uyga kelin boʻlib tush­ganman. Kech kuz edi. Qaynotam va qaynonam haj ibodatini ado etib qaytdi. Hamma ular­ni ziyorat qilgani keldi. Uyimiz ikki-uch kun mehmonlar bilan toʻldi. Ertadan kechga­cha dasturxon atrofi toʻla odam. Qozonimiz tinimsiz qaynaydi.

Hammani kuzatib boʻlgach, xonalarni yigʻishtira boshladik. Men, ikki qaynsinglim, qoʻshni ayollar tinim bilmay ishladik. Hamma narsani joy-joyiga qoʻyib boʻlgach, katta qaynsinglim kutilmaganda jazavaga tushib, “Tilla taqinchoqlarim yoʻqoldi, kim olgan boʻlsa, qaytarib bersin. Boʻlmasa, shar­mandasini chiqaraman”, deb shovqin koʻtardi.

Hangu mang boʻlib qoldik. Hovlidagi tosh oʻchoqda suv isitib, idishlarni yuvayot­gandik. Aytishicha, u qoʻlidagi taqinchoqla­rini shu yerga yechib qoʻygan ekan. Osmonga uchdimi, yerning tagiga kirib ketdimi, hech kim bilmaydi. U yerga bizdan boshqa hech kim borgan emas. Hamma menga qaraydi. Men esa kimga qarashimni bilmayman. Qidirmagan joyimiz qolmadi, ammo topa olmadik. Xul­las, taqinchoqlarni men oʻgʻirlagan boʻlib chiqdim.

Bu gap oʻsha kuniyoq mahallaga oʻrmaladi. Koʻchaga chiqa olmay qoldim. Mish-mish avji­ga chiqdi. Maktabdan kelayotgan bolalardan biri menga eshittirib, “Ana, oʻgʻri kelin”, dedi. Uyimdagilar keldi. Qaynotam “Xoʻsh, kelin olmagan boʻlsa, kim oladi?” dedi. Qay­nonam folbin ayolga borib, koʻrsatgan ekan, “Taqinchoqlar yoʻqolmagan, yashirib qoʻyil­gan”, debdi. Bu gapdan keyin koʻzimga ikki olam qorongʻi boʻlib koʻrindiyu, bolalarim­ni yetaklab, uydan ketdim.

Oradan uch-toʻrt oy vaqt oʻtdi. Aslida, uch-toʻrt oy emas, men uchun ming yil oʻtdi, desa ham boʻlaveradi. Xudodan umid qilib yurdim, boshqa ilojim yoʻq edi. Nihoyat, bir kuni...

Bahorning boshlari edi. Turmush oʻr­togʻim hovli chetidagi keksa yongʻoqning tar­vaqaylab ketgan shoxlarini kesish uchun te­pasiga chiqqan ekan, qargʻa uyalardan birida bir nimalar yaltillab turgan emish. Qara­sa, kichik-kichik oyna siniqlari va... oʻsha yoʻqolgan taqinchoqlar. Xursand boʻlganidan daraxtdan yiqilib tushay debdi. Taqin­choqlar topildi, deya uyimizga suyunchilab kelishdi. Ammo bu xushxabar menga ham, ota-onamga ham tariqchalik taʼsir qilmadi. Yongʻoqli hovliga qaytib borishdan koʻra, doʻ­zaxga kirganim afzal, dedim...”.

Bu xatni ham voqealar qayerda, qaysi manzilda boʻlganini bir oz pardalab eʼlon qildik. Notanish singlimizni bolalarni yetim qilmaslikka undadik. Oradan koʻp oʻt­may javob xati oldik. Unda birgina jumla yozilgan edi, xolos: “Bordi-yu bu voqea siz­larning singillaringiz bilan sodir boʻlga­nida, oilasiga qaytib borishini maslahat bergan boʻlarmidingiz?”.

Bu savolga javob yozish qoʻlimizdan kel­madi.

Amal

Oʻquvchilik yillarim dadam bilan bir xonali uy qurganmiz. Tomi yopilgach, uyning ichini suvoq qilish uchun dadam Abdunazar qorini aytib keldi. Buxorodagi katta madrasada taʼlim olgan bu donishmand kishi oʻsha yillari bir sabab bilan qishlogʻimizga kelib, shu yerda muqim yashab qolgan. Qurʼon tilovatida peshqadam boʻlsa-da, buni oshkor qilmay, kim ish aytsa, yoʻq demasdi. Birov bir gapni buzib butunlay teskarisini aytsa ham “E, shunaqa ekanmi, bay-bay, qarang-a, biz — ahmoqlar madrasada ulamolar boshqacha tushuntirishsa, ishonib yuravergan ekanmiz-da”, deb qoʻyardi. “Buva, notoʻgʻri gapiryapti-ku”, desangiz, “Ha, adashyapti, ammo izza harom, toʻgʻrisini eshitaversa, oʻzi toʻgʻrilab oladi”, derdi.

Loy yetilgach, men uni iylab, hovuchimda qori buvaga uzataman, u kishi suv sepilgan devorga chaplaydi. Yoshlik qilib bir nima­larni soʻrasam, tushuntirib beradi. Bir payt hovlimizga togʻda yashaydigan choʻponlar­dan biri kirib keldi. Oʻsha kunlari Oʻnha­yatda yashaydigan qarindoshimiz Adashvoy togʻa olamdan oʻtgan edi, choʻpon qori buvani tanimay, marhumning ruhiga oʻzi bilganicha tilovat qildi-da, nonga ogʻiz tekkizib, oʻr­nidan turdi.

Choʻpon ketgach, men buvaga choʻponning ti­lovatida xatolari borligini aytgandim, u kishi “Mayli-mayli, shuncha joydan niyat qilib kelibdi, xatoni tuzatsa boʻladi, niyat­da gap koʻp, qani, loydan uzating”, dedi. Bu gapning maʼnosini anglash uchun koʻp kitob varaqladim. Hazrat Navoiy “Amallarning boshi — niyatning xolisligida. Niyat xolis, koʻngil toza boʻlmas ekan, faqihlik kabi sha­rafli kasb ham nomai aʼmolning gunohlar­dan xoli boʻlishiga kafolat berolmaydi”, degan ekan.

Baqaterak

Bu yorugʻ olamga kelgan har bir insonning shaxsiy hayoti, yaxshi-yomon kunlari boʻlgani kabi boshqa jonzotlar, dov-daraxtlar, ulkan bino va inshootlar ham oʻziga yarasha tarixu taqdirga ega boʻladi degan gapni eshitganmi­siz?

Rahmatli dadam 82 yil umr koʻrdi. Katta akam Umarjon hofiz “Xudo xohlasa, dadam­ning yoshiga yetaman”, derdi. Niyati ijobat boʻldi.

Hovlimizda bir tup nok boʻlardi. Dadam “Umarjon tugʻilgan yili ekkanman”, derdi. Mevasi yirik, sersuv, poʻsti xol-xolak, ma­zasi boshqa noklarnikidan farq qiladi. Shu nok hovlimizda rosa toʻqson yil yashadi, shun­cha vaqt meva berdi. Bir marta kasallanib, tanasi yorilib, shoxlari quriy boshlagani­ni bilaman. Rahmonjon akam “Ha, boʻldimi, qurimoqchimisan, mana senga”, deb u yer-bu yerini arralay boshlagan edi, ayvonda yonboshlab yotgan dadam hayhaylab toʻxtatib: “Qoʻy, arralama, Xudo xohlasa, tuzalib ketadi, mana koʻrasan, hali koʻp nok yeymiz”, dedi.

Shunday boʻldi ham. Bahorda nok qaddi­ni rostladi, yon shoxlari oʻsib, tanasidagi jarohatlari bitib ketdi.

Dadam elliginchi yillarning boshida bir kishidan yigirma soʻmga bir tup baqa­terak sotib olgan ekan. Yoʻgʻon va uzun ta­nasini ustalarga taroshlatib, xarili uy qurgan. Bunday uyning tomiga xari uzu­nasiga yotqizilib, ikki yoniga toʻsinchalar ustidan bir-biriga yuzma-yuz qilib min­diriladi, boshqa uylarga nisbatan keng, issiq boʻladi.

Shu uyda katta boʻlganmiz. Oradan koʻp yillar oʻtdi, xarili uylar urfdan chiqdi. Akalarim uyni yangilashdi. Xarini hovli chetiga olib chiqib qoʻydik. Shu yerda bir-ik­ki yil turgach, hovli chetidagi yangi ogʻilxo­namizning tomiga ishlatildi. Molxona bu­zilgach, bostirmaga uzun sarrob boʻlib oʻtdi.

Vaqti kelib, hovlini qayta qurish navbati menga keldi. Bostirmaga zarurat qolma­di. Buzdik. Ikki uchi chiriy boshlagan xari yana ishsiz qoldi. Bu orada dadam vafot etdi. Xarini koʻtarib, darvozamizdan tashqari­ga olib chiqdik. Taʼziyaga kelganlar ustiga koʻrpacha yozib, shu yerda dadamning ruhiga tilovat qilishdi. Mahallada boʻladigan is­siq-sovuq maʼrakalarda odamlar koʻp yillar uning ustida oʻtirdi, koʻp duolarga guvoh boʻldi. Keyin...

Bir yili qish oʻta qahrli keldi. Koʻmir yoʻq, tezak oz. Umri yakuniga yetgan xarini maydalab, oʻchoqqa yoqdik, choʻgʻi sandalni qiz­dirdi, omon-eson bahorga chiqib oldik.

Shahar

Talabalik yillarim rahmatli dadam bir marta Toshkentga olma sotgani kel­gan. Oʻsha yili hovlimizdagi olmalarning shoxi hosildan egilib, tirgak yogʻoch rosa kerak boʻlgan ekan. Dadam “Oloy” bozori­da uch kun savdo qilib, toʻrtinchi kuni bir nimadan xafa boʻlib, qolgan olmani olib­sotarlarga ulgurji berdiyu, qishloqqa qaytadigan boʻldi. Poyezdga oʻtirayotganida “Dada, yakshanba kuni Toshkentni aylantir­moqchi edim (u paytlari universitetda bir soat oʻqishdan qolish mumkin emas edi), olmaning qolganini arzongarov berib yubordingiz desam, “E, oʻgʻlim-yey, Toshkent menga yoqmadi. Uch kun olma sotdim, bir kishi ehsonga demadi-ya! Hammasi “Yaxshi­sidan bering, balnisaga oboraman”, deydi. Yaxshisini terib-terib bersam, qolganini oladiganlarning haqiga xiyonat qilgan boʻlaman-ku. Ehsonga desa, savobga qoʻshi­lib qolay deb bir-ikkita qoʻshib bermoqchi edim. Nima balo, shaharda hamma kasal­mi?”, dedi.

Nima demoqchi boʻlganini keyinroq — taʼtilga borganimda oʻzidan soʻrab olganman.

Bozorda savdo qilish qoidasini dadam kosonsoylik mulla Joʻra oxundan eshitgan ekan. “Olma sotasizmi, nokmi, goʻsht yoki bugʻdoymi — pallani toʻgʻri qoʻying va toʻgʻri keltiring, — degan ekan bu donishmand in­son. — Falon soʻmga bay ochdingizmi (yaʼni kelishdingizmi), pallani shunga toʻgʻrilang. Ogʻir qilmang, savdo buziladi. Agar xayr qilmoqchi boʻlsangiz, sotayotgan narsangizni palladan olib, xaridorning idishiga solib bering va “Mana bunisi bizdan sizga sovgʻa, duo qilib qoʻyasiz”, deng. Shunday qilsangiz, savob ish qilgan boʻlasiz”.

Biz tomonlarda hali ham shunday. Eh­son oxirida qovun-tarvuz, meva-chevani yetishtirgan dehqonu bogʻbon haqiga duo qi­linadi. Kosonsoyda biror narsani xayri bilan sotish hali ham saqlangan.

Shaharda boʻlsa... hamma “kasal”.

Doʻppi

Shoir Muhammad Yusufning doʻppi haqi­dagi mashhur sheʼrini eslaysizmi? Bu sheʼr boshidan aslo doʻppi tushmaydigan adib Murodjon Mansurovga bagʻishlangan edi.

Koʻplar bu sheʼrni yoddan oʻqiydi. Ancha avval yozilgan boʻlishiga qaramay, uning sod­da, xalqona satrlari xuddi bugun yozilganday taʼsirchan jaranglab turadi. Yillar oʻtgani sayin sheʼrning maʼno-mohiyati yanada ochi­lib bormoqda. Buning boisini boshqa yoqdan emas, sheʼrning oʻzidan axtarish kerak. Doʻp­pi asli nima uchun kiyiladi? Bugun atro­fingizga bir qarang — doʻppili boshlarni qayerda uchratish mumkin? Toʻy yoki azada!

Ertalab soqolni qirtishlab, sochni ta­rab, boʻyinbogʻni taqib, jomadonda taxi buzilmay yotgan doʻppingizni kiyib ishga keling-chi. Eng yaqinlaringiz ham “tinchlik­mi?” deganday sizga sergaklanib qaraydi.

Bir gal Muhammad Yusufga shu muloha­zalarni aytib, sheʼrdagi “Bosh qolmadi doʻp­piga loyiq” satrini “Bel qolmadi, belboqqa loyiq”, deya oʻzgartirib, lutf qilgan edim, shoir darhol javob qaytardi:

— Doʻppi, belbogʻ... Erkaklarni qoʻya tu­raylik, ayollar ham koʻp narsalardan voz kech­di, ammo hammasini sheʼrga solib boʻlmay­di-da, aka…

Ahmadjon MELIBOYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist