Asosiy siyosiy plyuralizm va ko‘p partiyaviylik tamoyillari, dunyoda qabul qilingan demokratik me’yorlarga mos ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, turli ijtimoiy qatlam va guruhlarning siyosiy irodasini ifoda etish vazifasi partiyalarga yuklatilgan hamda partiyalarning demokratik yo‘l bilan saylangan vakillari orqali davlat hokimiyatini shakllantirishdagi ishtiroki konstitutsiyaviy jihatdan belgilab qo‘yilgan.
Aynan mana shu va boshqa konstitutsiyaviy tamoyillar hamda me’yorlar siyosiy partiyalarni tashkil etish va ularning faoliyati tartibini, jumladan, partiyalarning saylovlarda ishtirok etish tartibini belgilovchi qonunchilik normalarining yanada rivojlanishi va mustahkamlanishi uchun asos yaratdi.
Konstitutsiyada siyosiy plyuralizmning asosiy tamoyillari mustahkamlangan kundan boshlab, demokratik islohotlarning ushbu yo‘nalishidagi bosh strategik vazifasi — siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish bo‘lib kelgan va hozir ham shundayligicha qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi siyosiy partiyalarning maqomini belgilaydi va ylarni «turli ijtimoiy qatlam va guruhlarning siyosiy irodasini ifoda etadigan hamda demokratik yo‘l bilan saylangan vakillari orqali davlat hokimiyatini shakllantirishda ishtirok etadigan jamoat birlashmalari» sifatida ta’riflaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi siyosiy partiyalar faoliyati uchun quyidagi kafolatlarni ham belgilaydi:
-hech kim siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, ommaviy harakatlar hamda davlat hokimiyatining vakillik organlaridagi muxolif ozchilikni tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini poymol etishi mumkin emas;
-davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishini kafolatlaydi, ular uchun jamiyat hayotida ishtirok etish borasida teng huquqiy imkoniyatlarni yaratadi;
-davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining давлат organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
-jamoat birlashmalarining tugatilishi, ta’qiqlanishi yoki faoliyatining cheklanishi faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt tamoyillariga muvofiq holda, quyidagilarni tuzish va faoliyat yuritish ta’qiqlari konstitutsiyaviy tarzda belgilab qo‘yilgan:
-konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishni maqsad qilgan, O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi chiqqan, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiladigan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, jamoat axloqiga tajovuz qiladigan siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek milliy va diniy belgilar bo‘yicha tuziladigan siyosiy partiyalar hamdа harbiylashtirilgan birlashmalar;
-yashirin jamiyatlar va birlashmalar.
Saylov qonunchiligini bosqichma-bosqich takomillashtirishning muhim natijasi — siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylanish huquqini amalga oshiradigan asosiy institutlardan biriga aylanishidir.
Demokratik taraqqiy etgan davlatlarda qabul qilingan erkin va adolatli saylovlar tamoyillariga muvofiq ravishda siyosiy partiyalarning quyidagi huquqlari va kafolatlari qonuniy mustahkamlangan:
-O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga deputatlikka nomzodlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ilgari surish huquqi;
-deputatlikка nomzodlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning o‘z ishonchli vakillarini tayinlash huquqi.
-partiyaning saylovoldi dasturi haqida ma’lumot tarqatish orqali, partiya tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikка nomzodlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga ovoz berishga chaqiruvchi saylovoldi targ‘ibotini olib borish huquqi;
-partiyalar va ular tomonidan ilgari surilgan nomzodlarga saylovoldi targ‘ibotini olib borish uchun teng sharoitlarning ta’minlanishi;
-saylovoldi targ‘iboti jarayonida yolg‘on ma’lumotlarni, shuningdek deputatlikка nomzodлар va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning sha’ni va qadr-qimmatini buzuvchi ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlash;
-partiyalarning o‘z kuzatuvchilarini, shuningdek deputatlar saylovida saylov uchastkalarida ovozlarni sanash jarayonida ishtirok etish uchun vakolatli vakillarini tayinlash huquqi;
-partiyalarning saylovlarda ishtirok etishini davlat tomonidan moliyalashtirish.
Ta’kidlash lozimki, siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirokini huquqiy tartibga solish milliy qonunchilikning dinamik rivojlanayotgan sohasidir. Xususan, partiyalarga saylovoldi kampaniyalarida teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni yanada kuchaytirishda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining qabul qilinishi kata ahamiyat kasb etdi.
Siyosiy partiyalarning maqomi va ularning faoliyatini kafolatlashning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi bilan birga, O‘zbekistonda partiyalarni tashkil etish va faoliyatini, ularning moliyalashtirilishini, shuningdek, partiyalar va ularning deputatlar birlashmalarining huquq va vakolatlarini maxsus qonunlar — “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonun, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida ”gi Konstitutsiyaviy Qonun, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonunda — bilan belgilash masalalari amaliy jihatdan hal etilgan.
Mazkur qonunchilik aktlariga muvofiq partiyalar, saylovlarda ishtirok etish bilan bir qatorda, quyidagi huquqlarga ega:
-o‘z faoliyati haqida ma’lumotlarni erkin tarqatish, o‘z g‘oya, maqsad va qarorlarini targ‘ib qilish;
-o‘z vakillari orqali saylanadigan davlat organlarida tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish, shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘z fraksiyalarini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi va xalq deputatlari Kengashlarida partiya guruhlarini shakllantirish.
-partiya faoliyati bilan bog‘liq yig‘ilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
-qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarini tashkil etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasi siyosiy partiyalari bilan ittifoqlarga (bloklarga) qo‘shilish, ular bilan shartnoma munosabatlarini o‘rnatish hamda boshqa jamoat birlashmalari bilan munosabatda bo‘lish.
Shu bilan birga, parlamentdagi partiya fraksiyalari va hududlardagi partiya guruhlari qonuniy ravishda keng huquq va vakolatlar bilan ta’minlangan bo‘lib, so‘nggi yillarda ular sezilarli darajada kuchaytirildi. Ularning fikr va takliflarini Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida va Kengashlar sessiyalarida ko‘rib chiqish majburiy hisoblanadi.
Partiyalarning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qonuniy tartib 2016-yilda belgilangan: agar siyosiy partiya moliyaviy yil davomida davlat mablag‘laridan foydalanmasa, u mablag‘ O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga qaytarilmaydi va keyingi yillarda partiyaning faoliyatini moliyalashtirish uchun sarflanadi.
Partiyalarning erkin jamoat-siyosiy faoliyatini kafolatlashni yanada kuchaytirishga 2016-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan, o‘z tadbirlarini Adliya organlari bilan kelishish majburiyatidan ozod qilinishi ham xizmat qilgan.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan natijalarni, ya’ni mamlakatning ko‘p partiyali jamoat-siyosiy tizimini rivojlantirishni normativ-huquqiy tartibga solish sohasida erishilgan natijalarni baholash va ularni demokratik partiyaviy tizimlar va siyosiy plyuralizmni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajriba bilan solishtirish quyidagi xulosalarni chiqarishga imkon beradi:
-O‘zbekistonda konstitutsiyaviy ravishda belgilangan inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari siyosiy plyuralizm va ko‘p partiyalilikni rivojlantirish uchun yetarli huquqiy shart-sharoitlarni yaratadi va bu dunyoning ko‘pgina demokratik davlatlariga xos tendentsiyalar bilan mos keladi;
-O‘zbekiston partiyaviy tizimi o‘z turi bo‘yicha raqobatbardosh ko‘p partiyali tizim bo‘lib, partiyalarning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik parlament ko‘pchiligining yetakchi bloklarini va ular bilan raqobat qiluvchi parlament muxolifatini shakllantirish uchun huquqiy asoslarni yaratadi.
-O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning institutsionalizatsiyasi nafaqat konstitutsiyaviy darajada, balki «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» va «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi maxsus qonunlar hamda saylov qonunchiligi darajasida amalga oshirilgan. Ushbu borada O‘zbekiston ko‘plab davlatlardan oldinda turibdi, chunki ko‘plab mamlakatlarda partiyalarni tartibga soluvchi maxsus qonunchilik hali rivojlanmagan.
Shuningdek, ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda ko‘p partiyali jamoat-siyosiy tizimning faoliyatini konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solish doimo dinamik rivojlanish holatida bo‘lib kelgan. Uning tendentsiyalari asosan demokratik boshqaruv shakliga ega davlatlarda qabul qilingan tamoyil va normalarga mos keladi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning normativ-huquqiy bazasi partiyalarga demokratik davlatlarda qabul qilingan funksiyalarni bajarish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi. Xususan, turli ijtimoiy qatlamlar va guruhlarning manfaatlarini saylanadigan hokimiyat organlarida ifodalash, davlat hokimiyatini shakllantirishda ishtirok etish, shuningdek o‘z deputatlari orqali parlament va deputat nazorati, davlat organlari faoliyatini ijtimoiy diagnostika qilish, siyosiy ijtimoiylashuv va aholining siyosiy bilimini oshirishga xizmat qiladi.
Sh.Shayakubov,
TDYU dotsenti








