Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Barqaror rivojlanish markazi tomonidan oflayn va onlayn formatda oʻtayotgan tadbirda deputatlar, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, akademik hamjamiyat, xorijiy va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha boʻlib oʻtgan umumxalq va xalqaro muhokamalarning dastlabki natijalari tahlil etish, bu jarayonda keng jamoatchilikning faol ishtirokini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida fikrlashishdir.
Forum ishtirokchilari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga tayanib olib borayotgani alohida qayd etildi. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlarga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, mahallalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, soha ekspertlari keng jalb etilmoqda. Bu yoʻnalishda xorijiy davlatlarning tajribasi chuqur oʻrganildi.
Tadbir davomida Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli konstitutsiyaviy islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish, huquq va erkinliklarini taʼminlash va pirovardida, inson qadrini ulugʻlash, uning ogʻirini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom maʼnoda Oʻzbekiston xalqi, uning ilhomlantiruvchisi shaxsan Davlatimiz rahbari ekanligi alohida eʼtirof etildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan umumxalq muhokamasida koll-markaz, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi, anʼanaviy murojaatlari hamda jamoalar tomonidan jami 150 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bu 1992-yildagi umumxalq muhokamasiga qaraganda 25 barobardan yuqoridir. Ushbu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi anonim tarzda bildirilgan. Unda xorijdagi vatandoshlar tomonidan yuborilgan takliflar ham inobatga olingan va ilmiy hamjamiyat ishtirokida atroflicha muhokama qilini, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etilgan.
Tadbir ishtirokchilarining taʼkidlashicha, joylardagi uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tashabbus va takliflar tahlili xalqimizning Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga befarq emasligi, balki islohotlarning, hususan konstitutsiyaviy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanayotganini koʻrsatmoqda. Zero, yangilinayotgan Konstitutsiya – xalqimizning orzusidagi ijtimoiy va adolatli Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans asosini yaratishning mustahkam poydevori hisoblanadi.
Tabirda keyingi davrda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari” mazkur jarayonda faol ishtirok etayotganiga urgʻu berildi. Ushbu institutlar Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga ham yaqindan koʻmak koʻrsatdi. Xususan, BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy konvensiyalar, deklaratsiyalar, rezolyutsiyalar hamda konstitutsiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba oʻrganib chiqildi.. 195dan ziyod mamlakatlar konstitutsiyalari, konstitutsiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi.
Xalqaro anjumanda mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba Konstitutsiyaviy qonun loyihasi jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, aksilkorrupsiya, lingvistik va boshqa ekspertizalardan oʻtkazilgani taʼkidlandi. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy izohi va takliflari olindi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini aholiga keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda har bir modda boʻyicha keng jamoat muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini oʻrganish, bu borada aholi turli qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya oʻrtasida mustahkam aloqalarni taʼminlashda jurnalistlar va blogerlar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Tadbir soʻnggida xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan yakuniy hujjat qabul qilinishiga kelishib olindi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri