Konstitutsiyaviy sud ish yurituviga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi 3017-IV-son qarorining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash soʻralgan murojaati kelib tushdi.
Konstitutsiyaviy sud Oliy Majlis Qonunchilik palatasining murojaati va uning ilovalarini “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 29-moddasida belgilangan Konstitutsiyaviy sudga murojaatga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligini oʻrganib, uning mazkur talablarga javob berishini aniqladi hamda mazkur murojaatni koʻrib chiqish mumkin, degan xulosaga keldi.
Yuqoridagilarga asosan Konstitutsiyaviy sud “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 33-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorini koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqardi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarorini koʻrib chiqishni boshladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qarorining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning ochiq sud majlisi 2023-yil 13-mart kuni boʻlib oʻtishi belgilandi.