Koʻpchilik tadbirkorlar DXSн faoliyatini nohalol deb baholadi

    Ijtimoiy hayot 30 Noyabr 2022 1204

    Joriy yil 30-noyabrda Toshkent shahrida “Davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishda va ularning faoliyatida nohalollik xavfi omillari” mavzusidagi tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi boʻlib oʻtdi.

    Tadqiqot 2020-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorlikda amalga oshirib kelayotgan “Oʻzbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi doirasida oʻtkazildi.

    Bugunga qadar turli guruh respondentlar (413 nafar) oʻrtasida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish ishlari yakunlandi. Soʻrovlarga respublikamizning 7 ta hududi — Toshkent, Buxoro, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va poytaxtdagi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari, hokimliklar, banklar vakillari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari rahbarlari, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari jalb etildi.

    Institutsional-huquqiy tahlil va ijtimoiy soʻrovlarning dastlabki natijalari ayrim davlat-xususiy sheriklik jarayonlari va tartiblarining samarasizligini, korrupsiya xavfi omillari borligini koʻrsatdi.

    Respondentlar guruhlarining aksariyati davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari uchun loyiha hujjatlarini tayyorlashni qiyin, deb hisoblaydi. Xususan, tadbirkorlarning 25 foizi ariza berish tartibini murakkab, 17 foizi shaffof emas, 10 foizi oʻta byurokratik deb atagan.

    Bir qator respondentlar davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani tayyorlash va rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish zarurligini taʼkidlagan.

    Soʻrovda ishtirok etgan tadbirkorlarning yarmidan koʻpi (53%) tanlov jarayoni ochiq va xolis emas, deb javob bergan.

    Shu bilan birga, tuman hokimliklari va maktabgacha taʼlim boʻlimlari mutaxassislaridan iborat respondentlarning deyarli har beshinchisi tadbirkorlar komissiya aʼzolariga shaxsiy xizmat koʻrsatish, nufuzli shaxslarni jalb etish yoki pul mukofotlari berish orqali tanlov natijalariga taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblaydi.

    Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining uchdan bir qismi imzolangan shartnomalar boʻyicha subsidiyalar oʻz vaqtida toʻlanmaganini bildirgan. Vakillarning har toʻrtdan biri tadbirkor tomonidan qoʻshimcha subsidiyalar olish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasalaridagi bolalarning haqiqiy sonini oshirib koʻrsatish holatlari haqida maʼlum qilgan.

    Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining 68 foizi tadbirkor bilan oʻzaro munosabatlarda halollik qoidalarini buzgan davlat hamkoriga nisbatan qanday jazo choralari qoʻllanilishi haqida bilmaydi. 73 foizi tadbirkorlar uchun bu kabi sanksiyalar mavjudligidan bexabar.

    Soʻrovda qatnashgan tuman hokimliklari vakillarining uchdan bir qismi xususiy tadbirkor tomonidan maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishda hisobot berish talablari buzilayotganini taʼkidlagan. Hokimlik mutaxassislarining 27 foizi, banklar vakillarining 58 foizi tadbirkorlarda moliyaviy qonunbuzarliklar bor, deb hisoblaydi.

    Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari vakillarining uchdan bir qismi tadbirkorlar axloq normalarini buzayotganiga, har beshinchisi tadbirkorlarning zarur boshqaruv malakasiga ega emasligiga ishonchi komil.

    Tadqiqot natijalari aniqlangan xavf-xatarlarni pasaytirish boʻyicha tavsiyalar bilan jarayonning asosiy ishtirokchilariga taqdim etildi. Ekspertlarning korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari va korrupsiya xavfini baholash metodologiyasi boʻyicha maʼruzalari tinglandi. Korrupsiya xavfining aniqlangan omillarini kamaytirish va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar samaradorligini oshirish uchun hamjihatlikda ish olib borish taklif etildi.

    Muhokama yakunida amaldagi qonunchilikka korrupsiya xavfini kamaytirishga doir oʻzgartishlar kiritish boʻyicha tavsiyalar Maktabgacha taʼlim vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga kiritilishi taʼkidlandi.

    Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida tashkil etildi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.