– Janob Prezident, suhbatimiz ayni paytda chuqur transformatsiya bosqichidan oʻtayotgan Oʻzbekistonga davlat tashrifingiz arafasida tashkil etilmoqda. Maʼlumki, oʻz vaqtida Koreya Respublikasi ham bunday oʻzgarishlar jarayonini boshidan kechirgan. Mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarni qanday baholaysiz?
– Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi koʻplab umumiy tarixiy va madaniy xususiyatlarga ega. Men hamisha mamlakatingizga safar qilishni orzu qilganman. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylaridan ushbu tashrifga taklif olish men uchun katta sharafdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining beqiyos rahnamoligida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va innovatsiyalar jarayonida yetakchilik qilmoqda. Oʻzbekistonning iqtisodiy koʻrsatkichlari, jumladan, yalpi ichki mahsulot, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan mahsulot hajmi, toʻlov balansi va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi yildan-yilga oʻsib bormoqda.
Mamlakatning yuqori oʻsish salohiyatiga ega bozori, katta miqdordagi ishchi kuchi va geosiyosiy ahamiyati uni xalqaro kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritish uchun juda jozibador makonga aylantirmoqda. Men kelishdan oldin Toshkentni qush parvozi balandligidan tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻldim va Oʻzbekiston naqadar izchil rivojlanayotganini koʻrdim.
Oʻtgan yili eʼlon qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda islohotlar izchil davom ettirilib, yangi muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish, iqtisodiyotni liberallashtirish va xorijiy kompaniyalarni jalb etish kabi maqsadlarni ilgari surib, milliy iqtisodiyotni ragʻbatlantirmoqda. Shuningdek, jamiyat hayotida korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini taʼminlash va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirmoqda.
Bir paytlar mutlaq qashshoq mamlakat boʻlgan Koreya Respublikasi tashqi dunyoga ochilish, iqtisodiyotini liberallashtirish va xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishdi. Ushbu tajribaga asoslanib, Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi hamda bundan keyin ham respublikani ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik rivojlantirishda mamlakatingiz bilan alohida strategik sherik sifatida yaqindan hamkorlik qiladi.
– Bizning davlatlarimiz uchun iqtisodiy rivojlanish va oʻsish tashqi hamda ichki siyosatning ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Oʻzbekiston xorij investitsiyasi uchun eshiklarini ochmoqda, eksport salohiyatini oshirmoqda, yanada kengroq kooperatsiyaga erishish hamda savdo aloqalarini chuqurlashtirishga intilmoqda. Siz ushbu sohalarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbollari haqida qanday fikr bildira olasiz? Nima oʻzaro aloqalarni faollashuvini ragʻbatlantirishi yoki ularga toʻsqinlik qilishi mumkin?
– Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2016-yilda Prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon dadil islohotlar va ochiqlik siyosatini yuritib, Oʻzbekistonni mutlaqo yangi mamlakatga aylantirdi.
Valyuta siyosatini liberallashtirish, bojxona toʻlovlarini kamaytirish va davlat korxonalarini tarkibiy oʻzgartirishni oʻz ichiga olgan bozorni liberallashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar Oʻzbekiston iqtisodiyotini jonlantirish va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga yordam berdi. Xususan, oʻtgan yili toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 96,4 foizga oʻsib, 7,68 milliard dollarga yetdi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi bilan 1992-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatganidan beri avtomobilsozlik, energetika, maishiy texnika, toʻqimachilik, moliya, telekommunikatsiyalar va boshqa yoʻnalishlardagi iqtisodiy hamkorlik koʻlamini kengaytirdi.
2019-yilda ikki tomonlama munosabatlar Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan alohida strategik sheriklik maqomini oldi va oʻtgan yil oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi rekord darajadagi 2,46 milliard dollarga yetdi. Ayni damda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar har qachongidan ham oʻzaro manfaatli mazmun kasb etgan.
Bugun dunyo murakkab global inqirozga yuz tutayotgan ekan, men bunday vaziyatni oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni yanada diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirish, jumladan, muhim foydali qazilmalarni yetkazib berish zanjirini rivojlantirish uchun imkoniyat deb hisoblayman. Ushbu tashrif chogʻida hukumatlarimiz va biznes vakillari oʻrtasidagi muzokaralarning amaliy natijalarini koʻrishga umid qilaman.
– Bugungi kunda Oʻzbekiston mintaqa mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash vositasida Markaziy Osiyoni jipslashtirish va uning salohiyatini yuksaltirishga intilmoqda. Buning samarasida Markaziy Osiyo xalqaro maydonda tobora muhim hamkor va faol xalqaro kuchga aylanib bormoqda. Sizning fikringizcha, ushbu jarayonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga qanday taʼsir qilmoqda?
– Bizga maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari mintaqadagi qoʻshnilar bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlashni mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilab, mintaqaviy hamkorlikda yetakchi oʻrin tutmoqda. 2018-yilda uning tashabbusi bilan har yili oʻtkaziladigan format – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tashkil etildi. Biz, shuningdek, Oʻzbekiston qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegara va suvdan foydalanish masalalariga toʻgʻri yechim topayotganini, xalqaro hamjamiyatning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish borasidagi saʼy-harakatlarida faol ishtirok etayotganini tan olamiz va eʼtirof etamiz.
Markaziy Osiyo geografik jihatdan Osiyo va Yevropa tutashgan hududda joylashgan boʻlib, boy tabiiy resurslar, jumladan, nodir foydali qazilmalarga ega, uning strategik va iqtisodiy ahamiyati jadallik bilan oshib bormoqda. Ayni jihatlar mintaqa mavqeining oshishiga hamda soʻnggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda eʼtirof etilishiga sabab boʻlmoqda.
Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning muhimligini hisobga olib, tashrifimdan biroz oldin bizning hukumat “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo K SILK ROAD (R.O.A.D) hamkorlik tashabbusi”ni eʼlon qildi. Ushbu tashabbus mamlakatimiz va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi 30-yillik munosabatlar tajribasiga asoslanmoqda va jadallik bilan oʻzgarib borayotgan xalqaro vaziyatga javoban yangi hamkorlik rejasini taqdim etmoqda.
Ushbu tashabbus Koreya Respublikasining mintaqangizga qaratilgan birinchi strategiyasi boʻlib, Koreya va Markaziy Osiyoda erkinlik, tinchlik va farovonlikni birgalikda barpo etish maqsadida “yonma-yon” (birgalikdagi yoʻl) rivojlanish, “saʼy-harakatlarni birlashtirish” (konvergensiya) hamda “innovatsiya va ijodkorlik” (kreativlik) tamoyillariga asoslanadi.
Xususan, u energetika va resurslar sohasida strategik sheriklikni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun taraqqiyotga yoʻnaltirilgan hamkorlikni modernizatsiya qilish, kelajakdagi farovonlik yoʻlida sheriklik aloqalarini oʻrnatish va bunga erishish uchun hukumatlar, biznes va fuqarolar oʻrtasida uygʻun hamkorlik tarmogʻini mustahkamlashga qaratilgan.
Kelgusida Koreya Respublikasi hukumati Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Markaziy Osiyo strategiyasini amalga oshirish boʻyicha maslahatlashuvlar va yaqin hamkorlikni davom ettiradi. Ayni paytda mintaqadagi asosiy hamkor va birodar davlat boʻlgan Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli va kelajakka yoʻnaltirilgan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
– Oʻzbekistonda aholining katta qismini tashkil etuvchi 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar kamoloti, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim, fan va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
– Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston bir-biridan uzoq masofada joylashgan boʻlsa-da, ular oʻrtasidagi ilm-fan va texnologiyalarning ilgʻor yutuqlarini oʻzaro almashish jarayoni qadim va doʻstona tarixga borib taqaladi.
Oʻrta asrlarda Ipak yoʻlining markazi sanalgan Samarqand shahridagi Ulugʻbek rasadxonasida tuzilgan astronomik jadvallar Koreya yarim oroliga ham yetib borgan va XV asrda oʻziga xos koreys taqvimining yaratilishiga asos boʻlgan.
Oradan 600-yildan koʻproq vaqt oʻtgach, bugun Koreya va Oʻzbekiston hukumatlari birgalikda Oʻzbekistonda kimyoviy texnologiyalar markazini (UzCCT) yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu muassasa Koreya kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) tajribalari asosida mamlakatda kimyoviy texnologiyalar sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarni nazorat qiluvchi ilmiy-tadqiqot markazi maqomiga ega boʻladi.
2023-yildan buyon 12 nafar oʻzbekistonlik yosh magistrant va doktorant Koreya fan va texnologiyalar universiteti hamda Koreya kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etilgan oliy maktabda ilgʻor texnologiyalar asosida tahsil olmoqda. Bu yoshlar Oʻzbekistondagi kimyo-texnologiya markazini boshqaradigan va ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikka ega tadqiqotchilarning yangi avlodi boʻlib yetishadi.
Bizning mamlakat Oʻzbekiston bilan ilgʻor fan va texnologiyalar, jumladan, AKT, sunʼiy intellekt uchun yarimoʻtkazgichlar sohasida ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar hamda gumanitar almashinuvlar yoʻnalishida hamkorlikni mustahkamlab, birgalikda Markaziy Osiyoda insoniyatni ilmiy va texnologik yutuqlarga yetaklovchi yuqori texnologiyali xab barpo etish va XXI asrning innovatsion Ipak yoʻlini yaratishga umid qilmoqda.
Bundan tashqari, aminmanki, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar davrida har ikki mamlakatning kelajak avlodlari bir-biri bilan turli gʻoyalar va qadriyatlarni erkin almashishlari mumkin boʻlgan oʻzaro mushtarak dunyoda yashaydilar. Koreya Respublikasi yoshlarimizning raqamlashtirish sohasiga moslashishiga yordam berish maqsadida raqamli taʼlimdagi innovatsiyalarni faol qoʻllab-quvvatlaydi.
Misol uchun, biz 2025-yildan boshlab maktablarda qoʻllaniladigan milliy darajadagi “Sunʼiy intellekt bilan raqamli darslik” dasturini ishlab chiqqan dunyodagi birinchi mamlakat boʻldik. Bu oʻquvchilarning individual xususiyatlaridan kelib chiqib taʼlim olish imkonini yaratadi. Shuningdek, biz raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oʻquvchilarni oʻqitish uchun oʻqituvchilarning intensiv tayyorgarligiga eʼtibor qaratyapmiz.
Koreya Respublikasi sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim sohasida yetakchi davlat sifatida Oʻzbekiston bilan istiqbolda taʼlim jarayonlariga integratsiyalashgan innovatsiyalar va raqamli taʼlim modellari namunalari borasida oʻrtoqlashish orqali ham hamkorlik qiladi.
– Koreya Respublikasi ham, Oʻzbekiston ham koʻhna tarix va boy madaniyatga ega davlatlar sifatida oʻzining tarixiy-maʼnaviy merosini saqlab kelmoqda. Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob devorlarida Soʻgʻd davlati hukmdori tomonidan turli mamlakatlardan, jumladan, qadimgi Koguryo davlatidan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi aks ettirilgan suratlar xalqlarimiz oʻrtasida chuqur va juda koʻhna tarixiy rishtalar mavjudligidan darak beradi. Bundan tashqari, bugungi kunda Oʻzbekistondagi koreys diasporasi nufusi qariyb 180 ming kishiga yaqin boʻlib, Oʻzbekistonni ular chinakam Vatan sifatida bilishadi. Mamlakatimizdagi boshqa millatlar qatori koreyslar ham fidokorona mehnat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshishmoqda. Shu jihatlar, qolaversa, zamonaviy madaniy muloqot va uning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga taʼsiri haqida nima deya olasiz?
– Oʻzbek xalqi bundan 87-yil oldin Uzoq Sharqdan koʻchib kelgan koreyalik vatandoshlarimizga qaynoq bagʻridan joy bergani uchun juda minnatdormiz.
Afrosiyob muzeyidagi Koreya elchisining devoriy suratlari esa mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi munosabatlar tarixi qariyb 1400-yilga borib taqalishidan darak beradi. Ikki mamlakat oʻrtasida madaniy merosni asrab-avaylash sohasidagi hamkorlik ravnaq topayotganidan va bu borada Ipak yoʻlining yuragi – Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi guvohlik berayotganidan mamnunman.
Oʻzbekistonda 172 ming koreys istiqomat qiladi, bu Markaziy Osiyoda yashayotgan 300 ming koreyslar umumiy sonining eng katta koʻrsatkichidir. Koreys xalqi oʻzbek jamiyatida ahil-inoq yashab, oʻzining mehnatsevarligi bilan Oʻzbekistonning turli sohalarda rivojlanishiga munosib hissa qoʻshmoqda. Etnik koreyslar ikkala madaniyatni ham yaxshi tushunganliklari sababli, oʻzlarini oʻzbek madaniyatiga, oʻzbeklar esa koreys madaniyatiga yaqinroq his qilishlariga imkon beradigan bogʻlovchi koʻprik vazifasini sidqidildan bajarib kelmoqdalar.
Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari bilan turli yoʻnalishlarda, jumladan, energetika va infratuzilma, sogʻliqni saqlash va tibbiyot, iqlim va atrof-muhit, fan-texnika, taʼlim kabi sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni muhokama qilishni rejalashtirganmiz. Mamlakatlarimiz haqida chuqur bilimga ega va jamiyatda faol rol oʻynayotgan Oʻzbekistondagi koreys diasporasi ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga koʻtarishda, oʻylaymanki, mustahkam vositaga aylanadi. Koreya Respublikasi hukumati bundan buyon ham oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida koreys diasporasiga eʼtibor qaratadi va qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi.
– Mamlakatimizga tashrifingiz arafasida Oʻzbekiston, uning xalqi hamda Oʻzbekiston-Koreya Respublikasi hamkorligiga qanday tilaklar bildirgan boʻlardingiz?
– 1992-yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon mamlakatlarimiz oʻrtasida mustahkam ishonch va doʻstlikka asoslangan ikki tomonlama aloqalar rivojlandi.
2019-yilda Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston munosabatlari alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganidan keyin hamkorligimiz yanada yaqinlik kasb etayotir.
Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2021-yilda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi, oʻtgan yili BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi uchrashuvimiz hamda Oʻzbekistonga boʻlajak davlat tashrifim alohida strategik sherikligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bizning hukumat Markaziy Osiyodagi yagona alohida strategik sherigimiz va asosiy hamkorimiz boʻlgan Oʻzbekiston bilan yanada oʻzaro manfaatli va istiqbolli hamkorlikka erishish uchun doʻstona munosabatlarni rivojlantirishda davom etadi.
Biz turli sohalarda, jumladan, energetika va infratuzilma, muhim foydali qazilmalar, taʼminot zanjirlari, sogʻliqni saqlash va tibbiy xizmat, taʼlim, raqamlashtirish, fan va texnologiyalar, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytiramiz.
Shuningdek, Koreya Respublikasi bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yanada yaqinlashishi uchun xalqlarimiz oʻrtasidagi ishonch va doʻstlikka asoslangan gumanitar va madaniy almashinuvlarni yanada faollashtirish zarur, deb hisoblayman.
Oʻzbekiston xalqi ham Koreya Respublikasiga nisbatan iliq va ezgu munosabatda.
Oʻzbekiston xalqi Koreya Respublikasiga ezgulik va barcha yaxshiliklarni bundan keyin ham bildiradi, degan umiddaman.
– Janob Prezident, mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz, mamlakatimizga boʻlajak tashrifingiz samarali va muvaffaqiyatli boʻlishini tilaymiz.
– Rahmat.