Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli Z.D. (ayol)da joriy yil 23-iyun kuni bosh ogʻrigʻi, tana haroratining koʻtarilishi, yoʻtal, burundan suv oqishi, aksirish, qaltirash va ishtahaning yoʻqolishi kuzatilgan. Bemor hech kimga murojaat qilmasdan uyida oʻzi davolangan.

29-iyun kuni esa tana harorati tushmaganligi sababli tez tibbiy yordam mashinasida Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan va izolyatorga joylashtirilgan.

Shu kuni “COVID-19” infeksiyasiga namuna olingan va unda ushbu kasallik tasdiqlangan.

Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida unga “COVID-19” infeksiyasining ogʻir kechishi, shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak qon-tomir yetishmovchiligining 3-darajasi, oʻtkir respirator distress sindromi tashxisi qoʻyilgan.

Bemor bir necha yil davomida gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan. Bundan tashqari, u zoʻriqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlikning 2-darajasidan ham davolanib kelgan.

Shifoxonada bemor bir necha marta Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni ularning tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Shuningdek, Navoiy shahrida yashovchi 52 yoshli B.A. (erkak) joriy yil 30-iyun kuni tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga “COVID-19” infeksiyasiga gumon bilan olib kelingan.

Unga “COVID-19”, ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning oʻta ogʻir kechishi tashxisi qoʻyilgan. Kasallik oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 3-4-darajasi, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi asoratlari bilan kechgan.

Bemor bundan avval gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya, semizlikning 4-darajasi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni shifokorlar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi oqibatida vafot etdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.