Kuzatishimcha, keyingi paytda mamlakatimiz tinchligiga koronavirusdan-da xavfliroq balo xavf solyapti. Bu ham boʻlsa, ayrim huquq- tartibot “posbonlari” tomonidan amalga oshirilayotgan zoʻravonlik.

Shuni alohida aytish joizki, yurtimizda karantin eʼlon qilingan, favqulodda vaziyat emas. Bu ikkalasi boshqa-boshqa narsa. Cheklovlar aholi uchun boʻlsa, eng avvalo xalqning manfaati koʻzlanishi lozim.

Ammo, eng yomoni, xalqning koʻz oʻngida davlatimizning mustaqil ijroiya organi boʻlgan sudning, sudyalarning shaʼnini pastga urish, ularni behurmat qilish, kaltaklash roʻy bermoqda.

Xalqimizda “onangni qozi soʻksa, dodingni kimga aytasan?” degan maqol bor. Ammo, qozining oʻzi kaltak yesa, xalq oldida sazoyi qilinsa, aholida qonunlarga nisbatan ishonch qoladimi?

Hali Surxondaryoning Jarqoʻrgʻonida boʻlgan voqeadan oʻzimizga kelmay turib, Sirdaryoda xuddi shunaqa voqea sodir etilganining oʻziyoq Ichki ishlar organlari tizimida katta islohotlar zarurligini koʻrsatmoqda.

Menimcha, eng avvalo, tizimga adashib kirib qolgan, forma kiygan kuni oʻzini “Xudoning yerdagi soyasi” deb bilayotgan, qonunchilikning «q» harfini tushunmaydigan, xalqning manfaati yoʻlida xizmat qilishi lozimligini tushunib yetmaydigan ayrim kimsalardan tozalamoq kerak.

Boʻlmasa, hamyurtlarimiz oʻz farzandlarini «ana melisa keldi» deb qoʻrqitadigan boʻlishadi.

Shu oʻrinda bir narsa odamni bezovta qiladi. Bugun butun dunyoda karantin eʼlon qilingan. Rivojlangan davlatlarda ham, MDH davlatlarida, uchinchi dunyo mamlakatlarida ham. Ammo, birorta davlatda politsiyachilarning sud xodimlariga karantin bahona tajovuz qilganligi haqida biror internet manbasida oʻqimadik. Oʻzbekiston huquqiy-demokratik davlatlar qatoridan joy olish uchun harakat qilayotgan bir paytda ichki ishlar xodimlarining bu qilmishlari sharmandalikdan, koʻrsavodlikdan boshqa narsa emas.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonunining 8-bob “Sudlar mustaqilligining asosiy kafolatlari” bobi, 68-moddasida Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangan, xususan, davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishi shart. Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek, uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish Oʻzbekiston Respublikasi MJTKga binoan javobgarlikka sabab boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 3 band uchinchi xatboshisida ham

“sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish” belgilangan.

Huquq-tartibot organlarining oddiy xizmatchilari davlatimizda Konstitutsiya bilan belgilab qoʻyilgan Sud hokimiyatini tan olmas ekan, qanday huquqiy demokratik davlat haqida gap boʻlishi mumkin?

Zoʻravonlikning har qanday koʻrinishi jazoga mustahiqdir, agar birgina zoʻravon jazodan qutilib qolsa, bu boshqalariga “signal” boʻladi.Har qanday zoʻravonlikka qarshi kurashaylikkim, insonlar qalbida jabr-zulm va gʻazab-nafrat vujudga kelishidan ogoh boʻlaylik!

Inomjon Qudratov,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati