Ayniqsa, bunday holat homilador ayollar orasida koʻp kuzatilyapti. Xususan, ahvoli qoniqarli boʻlsa-da, ularning aksariyati shifoxonada davolanishni xohlamoqda. Bu esa shundoq ham tigʻiz sharoitda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari ishini yanada qiyinlashtirmoqda.
SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan poytaxtimizdagi 3-son tugʻruq kompleksi akusher-ginekologi Dinara Matniyozova bilan suhbatlashdi.
— Muassasamizda koronavirusga chalingan homilador ayollar davolanadi, — deydi shifokor. — Afsuski, soʻnggi kunlarda ular orasida kasallik yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Biroq shunisi quvonarliki, aksariyat bemorlarda xastalik siptomlarsiz va yengil kechmoqda.
Biroq, bugun kasallikka chalingan koʻpchilik homilador ayollar sarosimaga tushib, darrov shifoxonalarga murojaat qilmoqda. Har qancha tushuntirmaylik, tugʻruqxonada yotib davolanishni istayapti.
Vaholanki, avvallari muassasamizda bu kasallikni yuqtirgan homiladorlarning 10-15 foizigina yengil simptomlar bilan davolangan boʻlsa, hozirda yotib muolaja olayotganlarning 85-90 foizida shu holat kuzatilmoqda.
Bu esa oʻz-oʻzidan ogʻir ahvoldagi bemorlarga oʻz vaqtida statsionar tibbiy yordam koʻrsatish imkonini cheklashi ham mumkin.
Qolaversa, baʼzida tugʻruqxonaga koronavirus tashxisi bilan gospitalizatsiya qilingan homilador ayollarning yaqinlaridan “nega bemor faqat tabletka qabul qilib yotibdi?“, ”nega tomchi ukol, antibiotik yoki gormon qilmayapsizlar?” degan eʼtirozlarni eshitmoqdamiz.
Ularga javoban shuni aytmoqchimanki, avvalo, yaqiningizning holati shifoxonada yotib davolanish uchun ehtiyoj yoʻq. Qolaversa, amaldagi milliy protokolga koʻra, koronavirusga chalingan yengil, oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻir darajadagi bemorlarni davolash boʻyicha alohida koʻrsatmalar mavjud.
— Aslida koronavirusga chalingan homilador ayollar qanday holatlarda shifoxonada yotib davolanishi kerak?
— Birinchi navbatda nafas olishga qiynalayotganlar shifoxonada yotib davolanadi. Shuningdek, balgʻam qiyin ajratuvchi yoʻtal, koʻkrak qafasda ogʻriq kuzatilsa, saturatsiya 95 foizdan pasaysa va tana harorati 38,5 darajadan yuqori boʻlganda ham homilador ayol statsionar sharoitda muolaja olsa maqsad muvofiq boʻladi.
Shu sababli amaliyotchi shifokor sifatida xalqimizga, xususan, homilador ayollarimizga, ularning yaqinlariga iltimos qilib aytmoqchimanki, ortiqcha vahimaga berilmang.
Sababi mamlakatimizda koronavirusga chalingan barcha bemorlarning davolanishi uchun sharoit va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
Shunday ekan Siz ham kasallikni yengishda biz tibbiyot xodimlariga yordam berishingizni, shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishingizni soʻrab qolaman.