Аmmo, boshqaruv huquqining ulushning yarmidan koʼp qismiga egalik qilayotgan subʼektga tegishli boʼlishi haqidagi qoidadan kelib chiqqan holda, ustav fondida ellik foizdan koʼp miqdorda davlat ulushi mavjud boʼlgan tijorat tashkilotlarinigina davlat ishtirokidagi tashkilot sifatida belgilash lozim boʼladi.

Korrupsiyaviy jinoyatlarning yangi turlari bir qator xalqaro standartlarda, shuningdek, koʼplab xorijiy mamlakatlarning jinoyat qonunchiligida, allaqachon, oʼz aksini topgan boʼlsa-da, milliy jinoyat qonunchiligimizda bu kabi normalar mavjud emas. Jumladan, noqonuniy boylik ortirish, mavqeni suiisteʼmol qilish kabi jinoyatlar shular jumlasidandir. Quyida ularni milliy jinoyat qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalalarini koʼrib chiqamiz.

Noqonuniy boyish jinoyati, asosan, korrupsiyaviy jinoyatlar keng tarqalgan davlatlar tomonidan kriminalizatsiya qilingan boʼlib, korrupsiya darajasi past boʼlgan mamlakatlarning aksariyati tomonidan mazkur turdagi qilmishlar uchun javobgarlik belgilanmaganligini koʼrishimiz mumkin. Noqonuniy boyishning dispozitsiyasini belgilashga oid xalqaro standartlar va xorij tajribasiga nazar tashlaydigan boʼlsak, mazkur jinoyatni kriminalizatsiya qilishda uning beshta eng asosiy elementlarini qamrab olish lozimligi haqida xulosaga kelamiz. Bular: manfaatdor shaxslar, manfaat koʼriladigan davr, qasd, boylikning sezilarli ravishda oshishi hamda mazkur boylik qonuniy manbasining isbotlanmaganligi.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida noqonuniy boyish jinoyatidan manfaatdor boʼlgan shaxslarni belgilashda turlicha yondashuvga guvoh boʼlishimiz mumkin. Birinchi yondashuvga koʼra, manfaatdor shaxslar boʼlib faqatgina mansabdor shaxslar hisoblanilsa, ikkinchi tur yondashuvga koʼra har qanday shaxs mazkur jinoyatdan manfaatdor shaxs boʼlishi mumkin. Uchinchi guruh davlatlar esa, manfaatdor shaxs sifatida davlat funktsiyalarini bajaruvchi mansabdor shaxslar bilan birgalikda ularning oila aʼzolarini ham eʼtirof etishadi. Bizningcha, manfaat koʼriladigan davrning aniq muddat bilan cheklab qoʼyilishi mazkur turdagi jinoyatlarni aniqlash maqsadida olib boriladigan tekshirishlar davrini ham cheklab qoʼyadi. Bu esa, ehtimoliy jinoyatlarning aniqlanmasdan qolishiga sabab boʼlishi mumkin. Shu sababli, milliy jinoyat qonunchiligimizga mazkur jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normani implementatsiya qilishda manfaat koʼriladigan davr masalasi ochiq holda qoldirilsa maqsadga muvofiq boʼladi “Boylikning sezilarli ravishda oshishi” tushunchasi boʼyicha ham xalqaro doirada turlicha talqinlar mavjud.

Mazkur tushuncha oʼz ichiga ikki muammoli masalani qamrab olgan. Ularning birinchisi qancha miqdorning “sezilarli oshish” hisoblanishi boʼlsa, ikkinchisi qaysi turdagi boylik yoki dalillar mazkur miqdorni hisoblashda inobatga olinishi kerakligi masalasi hisoblanadi. Аyrim xorijiy mamlakatlar qonunchiligi yuqoridagi tushunchalarni aniq miqdorlar bilan chegaralab qoʼygan boʼlsa, boshqa bir guruh mamlakatlarda mazkur tushunchalarga oydinlik kiritish masalasi sud va tergov organlariga havola qilinganligini koʼrishimiz mumkin. Jumladan, Аrgentinada nafaqat mol-mulklar, balki bartaraf etilgan qarzdorliklar ham noqonuniy boyish hisoblanilsa, Paragvayda yuqoridagilardan tashqari koʼrsatilgan xizmatlar ham mazkur tushuncha bilan qamrab olinishi belgilab qoʼyilgan. Fikrimizcha, jinoyat sifatida eʼtirof etiladigan harakatlarning doirasini belgilash hamda amaliyotga joriy qilinishi koʼzda tutilayotgan norma turlicha talqin qilishining oldini olish maqsadida, shuningdek, Latviya va Ukraina kabi davlatlarning ijobiy tajribasini inobatga olgan holda noqonuniy boylik sifatida koʼp midordan ortiq boʼlgan boylikni tan olish maqsadga muvofiq boʼladi.

Noqonuniy boylik ortirishning navbatdagi elementi qasdning mavjudligi boʼlib, mansabdor shaxsning xabari boʼlmagan holda uning egaligiga oʼtib qolgan mol-mulklar bunday holatning qonunga zid boʼlmagan sabablari isbotlangan hamda mansabdor shaxs mazkur mol-mulkka nisbatan undan foydalanish, egalik qilish yoki tasarruf etish bilan bogʼliq harakatlarni amalga oshirmagan taqdirda, noqonuniy ortirilga boylik sifatida eʼtirof etilmasligi lozim.

Mazkur jinoyatning eng asosiy elementlaridan biri – bu noqonuniy ortirilgan boylik qonuniy manbasining isbotlanmaganligi sanaladi. Jinoyat-protsessual qonunchiligining asosini tashkil qiluvchi tamoyillardan biri – aybsizlik prezumptsiyasiga muvofiq, jinoyat ishi boʼyicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʼzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Аksariyat huquqshunos olimlar noqonuniy boyish jinoyatini kriminalizatsiya qilish oʼz-oʼzidan mazkur jinoyatga nisbatan aybsizlik prezumptsiyasi tamoyilini istisno qilishni talab etadi, deb hisoblashadi.

Mazkur firkga qisman qoʼshilgan holda, mansabdor shaxsning qonuniy daromadlaridan oshuvchi mol-mulklarni qoʼlga kiritganligi faktining oʼziyoq bevosita dalil boʼlib xizmat qilishini eʼtibordan qochirmaslik lozimligini maʼlum qilamiz. Mansab mavqeini suiisteʼmol qilish jinoyatining milliy jinoyat qonunchiligimizga implementatsiya qilinishi ham bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri boʼlib qolmoqda. Zero, mazkur masala xalqaro institutlar tomonidan Oʼzbekiston uchun ishlab chiqilgan tavsiyalarda ham ilgari surilganligini koʼrishimiz mumkin.

Mazkur jinoyatning subʼekti masalasida xalqaro doirada ikki xil yondashuv mavjud. Jumladan, Malayziya va Belgiya kabi davlatlar qonunchiligi faqatgina mansabdor shaxs tomonidan sodir etiladigan mavqeni suiisteʼmol qilish uchun javobgarlikni belgilagan boʼlsa, boshqa bir qator davlatlar, shu jumladan, Italiya, Gonkong, Ruminiya, Singapur kabi davlatlar qonunchiligi tegishlicha mavqega ega boʼlgan yoki bunday mavqega egaligi taxmin qilingan har qanday shaxs mazkur jinoyatning subʼekti boʼlishi mumkinligini belgilaydi.

Xalqaro standartlar va xorijiy mamlakatlar qonunchiligi mazkur jinoyatning aktiv va passiv shakllarini ajratishadi. Bunda, mavqeni suiisteʼmol qilishning passiv shakli sifatida oʼz mavqeidan foydalangan holda biror-bir kelishuvga yoki boshqa har qanday foydali qarorning qabul qilinishiga erishish evaziga bevosita yoki bilvosita sovgʼa yoxud har qanday afzalliklarni qabul qilish yoki soʼrash tushunilsa, jinoyatning aktiv shakli yuqoridagi harakatlarni sodir etganlik uchun afzalliklar taklif qilishdan iborat sanaladi. Mazkur jinoyatni kriminalizatsiya qilgan qariyb barcha davlatlar jinoyat qonunchiligiga koʼra, afzallikni taqdim etuvchi tomonidan biror-bir shaxsni tegishlicha mavqega egaligini taxmin qilgan holda unga yuqoridagicha takliflar bilan chiqilishi, ushbu shaxsning bunday mavqega egaligi yoki ega emasligidan qatʼi nazar jinoiy javobgarlikka asos  boʼladi.

Vohid Sunnatov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
 qarshi kurashish kafedrasi prof.v.b. 
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)