Biroq, afsuski, bu yoʻldagi islohotlar natijadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, taraqqiyotga toʻsiq boʻlayotgan bir qator omillar, illatlar saqlanib qolmoqda.

Hech shubhasiz, ulardan biri va eng xavflisi korrupsiyadir.

Bu illat avvalo, xalqimizning davlat va islohotlarga ishonchini soʻndirishi, jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi bilan ham gʻoyat xatarlidir.

Shu bois, taraqqiyotimizning yangi bosqichida Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va amaliy saʼy-harakatlari natijasida korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar shiddatli va murosasiz tus oldi.

Jumladan, soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi.

Bunda, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi oʻzining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yoʻq qilishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi.

“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan xalqchil tamoyil asosida barcha pogʻonadagi mansabdor va masʼullarning odamlar ichiga kirib borish, ularning muammolarini uyma-uy yurib hal etish tizimi joriy etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish yoʻlidagi byurokratik toʻsiqlar va korrupsiogen holatlarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli choralar koʻrildi.

Davlat xizmati tizimi, uning maqsadlari va vazifalari tubdan takomillashtirildi. Davlat organlari xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishi, moddiy taʼminoti va ragʻbatlantirilishi kuchaytirildi.

Bu jarayondan xalq ham xabardor qilib borilmoqda. Barcha pogʻonadagi mansabdorlarning xizmat bilan bogʻliq jinoyatlari fosh etilayapti, boshqaruv tizimlaridagi korrupsiogen omillar haqida ochiq - oydin aytilayapti.

Biroq, yaratilgan sharoitlar va berilgan imkoniyatlarga qaramasdan korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishiga barham berilgani yoʻq.

Xususan, soʻnggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika boʻyicha 371 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Afsuski, qurilish, kommunal xoʻjaligi va yoʻl qurilishini amalga oshirish uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish yoxud manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyish kabi korrupsiyaviy holatlar koʻplab kuzatilmoqda.

Birgina ijtimoiy tarmoqlarda bu borada deyarli har kuni berib borilayotgan tashvishli xabarlarning oʻzi mazkur holatlarning isbotidir.

Shu bois, korrupsiya illatiga barham berish, qonun ustuvorligi va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Hisob palatasi tomonidan respublika va hududiy ishchi guruhlari tuzilib, qurilish, kommunal xoʻjaligi va yoʻl qurilishi sohalarida qonuniylik ahvoli oʻrganilmoqda.

Qisqa muddatda mazkur sohalarda qonuniylikni taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, prokurorlar tomonidan qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishida jami 452 ta obyektda tekshirishlar oʻtkazilib, ularning natijasiga koʻra qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 46 ta taqdimnoma kiritildi. 337 nafar shaxs maʼmuriy va 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, kelgusida qonun buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida 126 nafar mansabdor shaxs yozma ravishda ogohlantirildi.

Davlatimiz Rahbarining topshiriqlariga asosan, 1.379 ta yangi obyektlarning loyiha hujjatlari qayta koʻrib chiqilganda, dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 trln. soʻm yoki 22 foiz harajatlar ortiqcha va asossiz kiritilganligi aniqlanib qisqartirildi.

Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan bugungi kunda jami 82 ta obyektda byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi boʻyicha tekshirishlar oʻtkazilib, 66 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Shu bilan birga, 23 mlrd. soʻmlik 21 ta obyektni qurish yuzasidan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻtkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar oʻrtasida qarindosh-urugʻchilik, tanish-bilishchilik holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qatʼiy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 ta jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlandi.

Ushbu toifadagi jinoyat ishlari boʻyicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 mlrd. soʻmlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, uning 47,6 mlrd. soʻmi undirilishi taʼminlandi.

Ayni vaqtda, yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy toʻlamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli boʻlgan 36 nafar shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi Bosh prokuratura tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasnii rivojlantirish chora - tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4936-son Qarorida loyiha va pudrat ishlari xaridi jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, ushbu sohada “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan, shu jumladan elektron tender platformasidan tizimli foydalanish choralarini koʻrish belgilangan.

Shu asosida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar keskin kuchaytirilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan oʻrganishlar natijalari boʻyicha esa keng jamoatchilikka muntazam axborot berib boriladi.