Bu illat — jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, hokimiyatga ishonchsizlikni shakllantirib, tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligining rivojiga jiddiy toʻsqinlik qiladi.
Korrupsiyani mavjud boʻlgan anʼanaviy va juda keng tarqalgan jinoyat turi deb atash mumkin. Buning isboti sifatida taniqli olim va ulamolarning korrupsiya haqidagi fikrlarini keltirish ham ayni oʻrinlidir.
“Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham doʻzaxda boʻladi”, (An-Navaviyning “Odobli imomning bogʻlari” hadislar toʻplamidan).
“Kim bir kun davomida boyishni xohlasa, u yil davomida osiladi”, (Leonardo da Vinchi).
“Hokimiyatni pulga sotib olgan kishi, undan foyda olishga oʻrganib qoladi”, (Aristotel).
“Yomon siyosatchi, yaxshi tadbirkorlar tomonidan buziladi”, (Jozef Fok publitsist).
Har qanday murakkab ijtimoiy hodisa singari korrupsiya ham yagona taʼrifga ega emas. Fanda taklif qilingan nazariy tushunchalarga muvofiq, korrupsiya ijtimoiy-huquqiy hodisa boʻlib, u odatda hukumat amaldorlari,mansabdor shaxslar, jamoat va siyosiy arboblarning poraxoʻrligi, sotqinligi hamda oʻz shaxsiy manfaatlarini koʻzlab hokimiyatni suiisteʼmol qilishi tushuniladi.
Oʻzbekistonda korrupsiya “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” qonunining 3-moddasida — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish deb huquqiy taʼriflangan.
Bizning davrimizda korrupsiya namoyon boʻlishining eng xarakterli va keng tarqalgan shakllari – poraxoʻrlik, tarafdorlik, qarindosh-urugʻchilik, proteksionizm, lobbizm, davlat resurslari va mablagʻlarini noqonuniy taqsimlash, davlat resurslarini shaxsiy maqsadlarda oʻzlashtirish, noqonuniy xususiylashtirish, siyosiy faoliyatni noqonuniy qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish, tovlamachilik, imtiyozli kreditlar berish va hokazolarni koʻrish mumkin.
Lekin korrupsiya bir qator boshqa jinoyatlar, jumladan, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, odam oʻgʻirlash, kontrabanda bilan ham chambarchas bogʻliqdir.
Jamiyat va davlatning byurokratlashuvi, boshqaruvning haddan tashqari markazlashuvi, yashirin iqtisodiyotning gullab-yashnashi, haqiqiy demokratiyani rad etish korrupsiya uchun qulay sharoitdir. Ayniqsa, korrupsiya inqirozli vaziyatlarda, ijtimoiy-siyosiy tuzumlarning yemirilishi, ijtimoiy axloqning tanazzulga uchrashi, shuningdek, siyosatdagi keskin oʻzgarishlar davrida keng tarqaladi.
Korrupsiyaning iqtisodiy sabablari, birinchi navbatda, davlat xizmatchilarining past maoshi, shuningdek, ularning xususiy sektor faoliyatiga taʼsir koʻrsatish vakolatlarining yuqoriligidir.
Kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda...
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani ham sir emas. Masalan, biz korrupsiya sabablari bilan emas, balki uning oqibatlari bilan kurashyapmiz, qonunchilik va jamiyatdagi u yoki bu teshikni yamashga harakat qilyapmiz. Agar biz muammoning ildiziga tizimli ravishda qarasak, bu yomonlikni yoʻq qilish uchun nima qilishimiz kerak, deb oldimizga savol qoʻysak, albatta bizga foyda va natija bergan boʻlar edi.
Korrupsiya mamlakatning iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy va umuman, milliy xavfsizligiga bevosita taʼsir qiladi. Korrupsiyaning oqibatlari fuqarolar oʻrtasida barqaror nigilizm, loqaydlik va qonunbuzarlikning shakllanishiga olib keladi. Korrupsiyadan xalos boʻlish uchun inson tafakkurini, dunyoqarashini oʻzgartirishimiz, uni stereotiplardan xalos qilishimiz va unga jazoning muqarrarligini tushuntirishimiz kerak boʻladi.
Dunyo tajribasiga eʼtibor qilaylik, AQSHda pora berish, shu jumladan, mansabdor shaxsni noqonuniy xatti-harakatlarga, xususan, pora olishga undash, jinoiy huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Bunda pora bergan shaxs istalgan vaqtda jinoiy javobgarlikdan qoʻrqmasdan, poraxoʻrlik holati toʻgʻrisidagi ariza bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi mumkin. Poraxoʻr esa doimiy jazodan qoʻrqib yashashiga toʻgʻri keladi va tovlamachilik, pora olishdan oldin koʻp marta oʻylab koʻradi.
Gruziya tajribasiga toʻxtalsak, sobiq prezident Saakashvili jamoasi tomonidan hokimiyatni qayta qurish jarayonida keng koʻlamli kadrlar almashinuvi (rotatsiya) amalga oshirildi, davlat xodimlari 40 foizga qisqartirildi, pora olgan mansabdor ozodlikdan mahrum etildi. Mansabdorlarning byurokratik vakolatlar doirasi yuqori darajada qisqartirilishi ham korrupsiya oldini olishga katta hissa qoʻshdi.
Singapur Li Kvang Yu rahbarligida halol markaziy kuch, jazoning muqarrarligi hamda davlat xizmatchilarining mehnatiga yaxshi haq toʻlash va ularning halol mehnatini ragʻbatlantirish tamoyillari orqali korrupsiyani yoʻq qilish boʻyicha muvaffaqiyatga erishgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir muhim jihati, bu fuqarolarni korrupsiya keltirib chiqaradigan oqibatlar haqida doimiy xabardor qilib borishdir.
Fuqarolarda korrupsiyaga qarshi salbiy fikr uygʻotish uchun korrupsiya nafaqat davlat va butun jamiyatga, balki har bir fuqaroga moddiy va maʼnaviy zarar yetkazayotganidan ogoh qilib borishimiz kerak. Aslida korrupsiyaga qarshi tarbiyani maktabgacha taʼlim muassasalaridan boshlasak, yaʼni farzandlarimizni bolaligidan korrupsiyaga qarshi murosasiz tarbiyalasak, ertamizning nurli kelajagini taʼminlagan boʻlamiz.
Shuhrat Turdiqulov,
Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi
ichki nazorat boʻlimi boshligʻi








