Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Islohotlarning natijadorligi esa jamiyatda qonuniylikning toʻla taʼminlanishi, korrupsiyadan xoli muhit yaratilishiga bevosita bogʻliq. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov bu — korrupsiya.
Korrupsiya kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgan, faqat bir mamlakatga xos qusur emas. Bu illat barcha davlat va jamiyatlar hayotiga daxl qiladigan global hodisaga aylangan. Binobarin, korrupsiyaning oldini olish va unga butkul barham berish barcha davlatlarning birinchi darajadagi vazifasidir.
Taraqqiyotimizning yangi bosqichida korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy kirishildi. Hatto korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qonun ham boʻlmagan bir sharoitda Prezidentimiz butun jamiyatni bu illatga qarshi kurashga safarbar qildi.
Qisqa davrda ushbu yoʻnalishda huquqiy asoslar va aniq tizim yaratildi, barcha tashkiliy masalalar hal qilindi. 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, xususan, 5 ta qonun, 30 dan ortiq farmon va qaror, 4 ta davlat dasturi qabul qilindi.
Parlament palatalarida bevosita shu masala bilan shugʻullanuvchi maxsus qoʻmitalar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida doimiy komissiyalar, barcha idoralar ishini muvofiqlashtiruvchi Milliy kengash, maxsus vakolatli davlat organi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Davlat boshqaruvi tizimi, davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi. Barcha davlat idoralarining ochiq va shaffof faoliyat yuritishiga erishildi.
“Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Komplayens nazorat”, “Jamoatchilik nazorati” kabi mutlaqo yangicha mexanizmlar joriy etilgani ham oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik borasidagi ishlari samaradorligini reyting baholash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash tizimlari yoʻlga qoʻyildi.
Ahamiyatli jihati, korrupsiyaga qarshi kurashishga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki barcha vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik toʻliq jalb qilindi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy harakatga aylandi. Natijalar koʻlami haqida esa uzoq gapirish mumkin. Buni xalqimiz ham, xalqaro hamjamiyat ham eʼtirof etmoqda.
Soʻnggi eʼlon qilingan “Open data inventory” ochiq maʼlumotlar reytingida Oʻzbekiston 15 pogʻona koʻtarilib, jahon boʻyicha 30-oʻrinni, Markaziy Osiyoda esa 1-oʻrinni egalladi.
Biroq korrupsiyaga qarshi kurash jarayoni muayyan vaqt bilan belgilanmaydi, unga murosasizlik munosabati doimiy saʼy-harakatlarni talab qiladi. Zero, shiddatli oʻzgarishlar asri boʻlgan hozirgi davrda, afsuski, korrupsiyaning yangidan yangi koʻrinishlari, murakkab sxemalari paydo boʻlmoqda, geografiyasi ham kengaymoqda.
Birgina oʻtgan yilda korrupsiyaviy qilmishlari uchun 4906 mansabdor javobgarlikka tortilgani, ulardan 2,3 trillion soʻm zarar undirib olingani ham hali muammolar borligini koʻrsatmoqda.
Bu esa korrupsiyaning faqat oqibati bilan kurashish emas, unga imkon bergan sabab va omillarni tag-tomiri bilan yoʻqotadigan preventiv choralarni kuchaytirish lozimligini anglatadi. Zotan, korrupsiyaga qarshi milliy siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.
Xalqaro ekspertlar fikricha, bu illatni faqat qonunlar qabul qilish va jazo choralarini kuchaytirish bilangina bartaraf etib boʻlmaydi. Buning uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va jamiyatning korrupsiyaga qarshi maʼnaviy immunitetini oshirish ham zarur.
Shu nuqtayi nazardan, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil 5-mart kuni Prezidentimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishi bu boradagi muhim tarixiy voqea boʻldi. Qolaversa, mazkur tadbir jahon miqyosida Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini yana bir bor koʻrsatib berdi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ilgari surgan tashabbuslari ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Albatta, davlat va jamiyat hayotida qonun ustuvorligini taʼminlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda prokuratura organlari oldiga ham muhim vazifalar qoʻyildi. Shundan kelib chiqib, prokuratura organlarining bu boradagi ishini qayta koʻrib chiqdik. Alohida farmoyish qabul qilib, prokuratura organlarining eng quyidan yuqorigacha boʻlgan butun tizimida kuchaytirilgan ish tartibi joriy qildik.
Bu masalalarga barcha darajadagi prokurorlarning shaxsan masʼulligi va javobgarligini belgiladik, Bosh prokuror rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi shtab ham tashkil etildi.
Umuman, mazkur yigʻilishda berilgan koʻrsatmalarga muvofiq, davlat va jamiyat hayotida yuzaga kelayotgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish boʻyicha mutlaqo yangi tizimni yoʻlga qoʻydik.
Birinchidan, butun saʼy-harakatlarimizni korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishga emas, avvalo, chuqur oʻrganish va tahlillar asosida ularni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda tag-tomiri bilan bartaraf etishga, qisqasi, preventiv choralarga yoʻnaltirdik.
Shu maqsadda Bosh prokuraturaning rahbar xodimlari har bir vazirlik va idoralarga masʼul etib biriktirildi. Qisqa muddatda prokuratura organlari xodimlari tomonidan 70 ga yaqin vazirlik va idoralarda, ularning barcha boʻgʻinida mutasaddilarni toʻliq jalb qilgan holda sohadagi korrupsiyaviy omillar birma-bir muhokama qilindi. Natijada har bir vazirlik va idora boʻyicha ularning eng quyi boʻgʻinini ham qamrab olgan holda aniq va manzilli choralarni nazarda tutgan alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.
Qisqa muddatda 10 dan ortiq sohada maishiy va tizimli korrupsiyaviy omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha 20 ga yaqin aniq takliflar tayyorlandi. Misol uchun, mamlakatda birgina 2024-yilda 3531 gektar yer talon-taroj qilingani, qishloq xoʻjaligi yeriga 227,6 milliard soʻm zarar yetkazilgani aniqlanib, bu holatlar boʻyicha 1854 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Oʻtkazilgan tahlillarda mazkur qonun buzilishi holatlarining kelib chiqishiga aksariyat hollarda korrupsiya aralashgani maʼlum boʻldi. Shu bois, sohadagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish uchun tegishli qaror loyihasini tayyorladik. Unda barcha vakolatli idoralarni “Ye-YER NAZORAT” dasturiga integratsiya qilish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yerdan foydalanish holatini har yili ikki marotaba inson omilisiz aerokosmik monitoringdan oʻtkazish, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan real vaqt rejimida nazorat idoralariga maʼlumot yuborish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bundan buyon prokurorlar qonunchilik ijrosi boʻyicha oʻtkaziladigan har qanday nazorat tadbirida tizimli qonunbuzilishlar bilan birga korrupsiyaviy omillarni ham aniqlash va bartaraf qilishga alohida eʼtibor qaratadi.
Ikkinchidan, milliy parlament hamda mahalliy kengashlar bilan hamkorligimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, korrupsiya omillarini bartaraf etish va bevosita rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirishda kengashlar imkoniyatidan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Milliy parlamentimiz bilan hamkorlikda korrupsiya koʻp kuzatilayotgan soha va hududlar boʻyicha chuqur tahlillar oʻtkazib, bevosita vazirlik va idoralarning hayʼat yigʻilishlarida hamda Milliy kengashda tanqidiy muhokamalar oʻtkazish tizimini yoʻlga qoʻyganmiz.
2024-yilning oʻzida 10 dan ortiq vazirlik va idora, mahalliy hokimliklar tizimida oʻtkazgan tahlillarimiz natijasi Milliy kengashda koʻrib chiqilib, manzilli chora-tadbirlar ijroga qaratildi.
Shuningdek, nazorat va tergov faoliyatida aniqlanayotgan muammolar hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish yuzasidan parlament va hukumatga 100 dan ortiq axborot va normativ hujjat loyihalarini kiritdik.
Korrupsiyaviy jinoyatlar aksariyat hollarda mahalliy darajada, yaʼni tuman va mahalla miqyosida sodir etilmoqda. Shu bois, parlament qoʻmitalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda respublika idoralararo ishchi guruhlari tuzilib, eng chekka mahallagacha, har bir sohaning quyi boʻgʻinigacha tushib, korrupsiyaning ildizlarini aniqlash va bartaraf etish chorasi koʻrilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Andijon va Fargʻona viloyatlarida oʻrganishlar amalga oshirilib, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar yigʻilishi oʻtkazildi hamda zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Uchinchidan, koʻp bora taʼkidlanganidek, korrupsiyaning oldini olishning eng qulay va samarali yoʻllaridan biri raqamlashtirishdir.
“Shaffof qurilish” tizimi koʻplab byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qilish, qonunbuzarliklarni barvaqt toʻxtatishga imkon bermoqda.
Oʻtgan yili bu tizim orqali qurilish loyihalariga 3,7 trillion soʻm ortiqcha kiritilgani, shuningdek, 63 milliard soʻmlik sifatsiz ishlar va 83 milliard soʻmlik qoʻshib yozish holatlarini aniqlab, talon-tarojning oldini olishga erishdik.
Yoqilgʻi-energetika sohasida joriy qilingan “Energonazorat” tizimi, “ASKUE” va “ASKUG” dasturlarining takomillashtirilishi ham qonuniylikni taʼminlash, talon-taroj omillarini aniqlashga xizmat qilmoqda.
2024-yili bu tizimlar orqali gaz va elektr oʻgʻirligi bilan bogʻliq koʻplab holatlar hamda korrupsiyaviy sxemalar fosh etilgani shundan dalolat beradi.
Umuman, bugungi xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish uchun, avvalo, huquq-tartibot idoralarning ishini zamonga mos ravishda tashkil qilish, faoliyatga axborot texnologiyalari va ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish taqozo qilinadi. Shu bois, xorijiy davlatlar, jumladan, Qatarning raqamlashtirishga doir ijobiy tajribasini bevosita joyida oʻrgandik. Ayniqsa, ushbu mamlakat huquq-tartibot idoralari faoliyatidagi zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yutuqlari bizda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻrganish natijalari asosida faoliyatimizni toʻliq raqamlashtirishga doir hujjat loyihasini ham tayyorladik.
Toʻrtinchidan, islohotlar doirasida mamlakatda qulay biznes va investitsiyaviy muhit yaratish, tadbirkor va investorlar huquqlarini kafolatli himoyalash choralari izchil koʻrib borilmoqda.
Jinoyatchilikdan xoli, tinch va osoyishta maskanda tadbirkorlik rivojlanadi, investorlar ham sarmoyasini ana shunday xavfsiz hududga kiritadi.
Prokuratura organlari bu masalaga har doim jiddiy eʼtibor qaratib kelgan.
Oʻtgan yili prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlar, jumladan, investorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv va turli byurokratik toʻsiqlar bilan bogʻliq koʻplab holatlar aniqlanib, bartaraf etilgani, yuzlab subyektning buzilgan huquqlari tiklab berilgani ham shundan dalolat.
Yigʻilishda berilgan topshiriqlar asosida aholi va tadbirkorlar, jumladan, investorlarni korrupsiyaviy tajovuzlardan himoyalash, bunday xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va oldini olish tizimini yangi mexanizmlar asosida tubdan takomillashtirdik.
Xususan, korrupsiyaviy holatlarga zudlik bilan munosabat bildirish maqsadida Bosh prokuraturaga tezkor xabar berish imkoniyatiga ega, tunu kun ishlaydigan “1161” raqamli “ishonch telefoni” va “@bpantikoruz_bot” telegram boti ishga tushirildi.
Bu haqda aholi gavjum joylar, jumladan, aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar, reklama monitorlarida maxsus roliklar namoyish etilmoqda.
Qisqa muddatda, yaʼni 10-25-mart kunlari mazkur tizim orqali 275 ta ariza va xabar qabul qilindi hamda belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ham qator vazifalar oldimizga qoʻyildi.
Darhaqiqat, qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish sohalardagi tizimli muammolar yechimiga huquqiy asos boʻladi. Shu bois, Milliy kengash yigʻilishida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha belgilab berilgan aniq yoʻnalishlarda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlar jadal bajarilmoqda.
Oltinchidan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Bu boradagi faoliyatimizni ham yangi bosqichga olib chiqish choralari koʻrilmoqda.
Xususan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Virtual akademiya” platformasida alohida dasturlar yaratib, oʻquvchi va talabalarni oʻqitish orqali korrupsiyaga qarshi immunitetni yoshlikdan shakllantirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Prokuratura organlari tomonidan aholi va davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va koʻnikmasini oshirishga ham kundalik vazifa sifatida qaralmoqda.
Ushbu yoʻnalishda Huquqni muhofaza qilish akademiyasida maxsus oʻquv dasturlarini tashkil etib, davlat xizmatchilarini oʻqitish, malakasi va maʼnaviyatini oshirish tizimini yoʻlga qoʻydik. Ushbu tizim asosida 95 mingdan ortiq davlat xizmatchisi oʻqitildi.
Yettinchidan, korrupsiyaviy omillarga tashxis qoʻyishda ilmiy-amaliy yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ham Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ilmiy maktab poydevori yaratilgan, jumladan, korrupsiya muammolarini tadqiq qilish boʻyicha alohida ilmiy markaz, magistratura yoʻnalishi hamda ilmiy kengash faoliyat koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, qatarlik hamkorlarimiz bilan Korrupsiya muammolari tadqiqot markazi tashkil qilinmoqda.
Yana bir masala. Qilingan ishlarni jamoatchilikka yetkazish, umuman, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflari asosida ishimizni yanada samarali tashkil qilish choralariga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Shu maqsadda “Jamiyatimizni korrupsiyadan birgalikda xalos etaylik!” shiori ostida 33 banddan iborat media-reja ishlab chiqib, ijroga qaratdik. Joriy yil 25-mart kuni Bosh prokurorning mamlakatimiz aholisiga murojaati ham eʼlon qilindi.
Umuman olganda, bundan buyon barcha kuch va vositalarimiz korrupsiyaga qarshi kurashishga toʻliq safarbar qilinadi.
Bu borada davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlami salohiyatini birlashtirish yoʻlidan boramiz. Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirish choralarini koʻramiz.
Albatta, bu vazifalarni bilimli, tashabbuskor, sadoqatli va bugungi islohotlar natijalariga daxldorlik hissi bilan yashaydigan xodimlar korpusi bilangina samarali amalga oshirish mumkin. Shu bois, xodimlarimizning bilimi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, maʼnaviyatini yuksaltirish ishlarini izchil davom ettiramiz.
Mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olish, umuman, barcha sohalarda qonuniylikni taʼminlashda biz — prokuratura xodimlari, eng avvalo, xalqimizning xayrixohligi, hamjihatligi va koʻmagiga tayanamiz.
Agar har bir fuqaro jonajon vatanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz oʻlkaga aylantirishga oʻz hissasini qoʻshsa, barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, birgalikda kurashsak, koʻzlangan maqsadga, albatta, erishamiz.
Nigʻmatilla YOʻLDOSHEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori