Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ushbu tadbirda videokonferensiya shaklida Oʻzbekistondan bosh maʼruzachi sifatida ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida yalpi majlislar boʻlib oʻtdi, unda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalar, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligining ahamiyati muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari YXHTga aʼzo davlatlar uchun ustuvor vazifa boʻlib qolishi, iqtisodiy rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqarorlik va xavfsizlik uchun dolzarb ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining YXHTdagi Doimiy vakili, mamlakatimizning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev yigʻilishning “Raqamli texnologiyalar yordamida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusidagi birinchi sessiyasiga boshchilik qildi va Oʻzbekistonning elektron davlat boshqaruvi tizimida hamda korrupsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirishda raqamlashtirishdan foydalanish faoliyati bilan tanishtirdi.
Forumning ikkinchi sessiyasida Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov maʼruza qildi.
Ishtirokchilarga soʻnggi yillarda amalga oshirilgan asosiy islohotlar va Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasidagi samarali chora-tadbirlar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatining maqsadlari, vazifalari va asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyatini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi samarali oʻzaro aloqalarni tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
YXHTning Iqtisodiy va atrof-muhit masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchisi, elchi Vuk Jugich “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida YXHT hududida raqamli texnologiyalarni qoʻllash orqali korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarb masalalariga bagʻishlangan tadbiring ahamiyatiga toʻxtaldi:
“Men ushbu forumda Oʻzbekiston vakilining nutqini bosh maʼruzachi sifatida qabul qilaman. Maʼruzada korrupsiya illatiga qarshi kurash boʻyicha Oʻzbekistonning ilgʻor tajribasi taqdim etildi. Kelgusida ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston bilan samarali hamkorlik davom etishiga umid qilaman”.