Korrupsiyaga qarshi kurashni oʻzimizdan, halollikka intilishimizdan boshlashimiz kerak

    Korrupsiyaning xavfi va oqibati haqida gapirish oson. Ammo unga qarshi samarali va tizimli kurashish ­ogʻriqli, murakkab jarayon. Bu yoʻlda davlatning qatʼiyati, jamiyatning murosasiz munosabati va aniq mexanizmlar kerak.

    Bugun yangi Oʻzbekistonda bularning barchasini amalga oshirishga imkoniyat va sharoit, kuch va shijoat, eng asosiysi, yuksak siyosiy iroda mavjud.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining davlatimiz rahbari raisligida shu yil 5-mart kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida bu masala yanada keskin va ochiq muhokama qilindi. Xususan, Prezidentimiz mamlakatda korrupsiya bilan bogʻliq muammolarni birma-bir koʻrsatib, chuqur tahlil qildi, amalga oshirish zarur boʻlgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Korrupsiya darajasini pasaytirish, uning oldini olish boʻyicha eng quyi boʻgʻingacha tushishga eʼtibor qaratilmagani va tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgan soha hamda yoʻnalishlar sanab oʻtildi, ularning yechimi aytildi.

    Korrupsiyaga qarshi preventiv mexanizmlarni joriy etish boʻyicha maxsus tuzilmalar faoliyati samarali tashkil etilmagani, koʻplab sohalarda hali-hanuz korrupsiya darajasini pasaytirish choralari koʻrilmayotgani tanqid qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan qator vazifalar belgilandi.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari mustaqilligini taʼminlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu vazifalarni hayotga samarali tatbiq etish va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha boshlangan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish uchun katta qadam boʻldi.

    Birgina farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlab chiqiladigan 21 ta normativ-huquqiy hujjat roʻyxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ular orasida xalqimiz uzoq vaqtdan beri kutayotgan davlat xizmatchilarining daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish, davlat fuqarolik xizmatchilari reestrini belgilash, kadrlarning korrupsiyaga moyillik darajasini oʻrganish, korrupsiya jinoyatining aniq roʻyxati hamda bu borada jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan dolzarb normativ-huquqiy hujjatlar bor.

    Ularning har biri aniq tartib, mexanizm, masʼul organ, muddat va natija bilan belgilangan. Shuning uchun ham vazirlik va idoralar rahbarlariga ushbu farmon va uning doirasida belgilangan vazifalarni sifatli, oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatildi. Bu shunchaki javobgarlik emas, davlat boshqaruvidagi keskin talab. Unda kechiktirish, uzr, qarama-qarshilik va “sababi bor” kabi bahonalarga endi oʻrin yoʻq. Bundan buyon rahbarlar hisobot emas, aniq va amaliy natija uchun masʼuliyatni yanada kuchaytirishi zarur. Shunchaki “maʼruza”lar davri tugadi, endi natija kerak!

    Siyosiy masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik

    Farmonga koʻra, milliy kengash har yili hududlar kesimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish boʻyicha “yoʻl xarita”sini tasdiqlab, ijrosi ustidan nazoratni taʼminlaydi. Bu degani, endi kurash faqat markazdagina emas, joylarda ham amaliy va qatʼiy koʻrinishda boʻladi. Oliy Majlis palatalari har yili byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritadi.

    Shubhasiz, byudjet — xalq puli, uni nazorat qilish ham xalq vakillarining burchi. Shuning uchun bunday tizim korrupsiyaning manbalariga faqat tekshirish organlari emas, balki parlamentning siyosiy masʼuliyati orqali ham taʼsir oʻtkazish imkonini beradi deb hisoblayman.

    Farmon bilan soʻz va amal uygʻunligini taʼminlaydigan yangi siyosiy madaniyat shakllantirilmoqda. Gap shundaki, endi vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida koʻrib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartib yoʻlga qoʻyiladi.

    Buning ahamiyati shundaki, endilikda rahbarlik lavozimiga tayinlanmoqchi ­boʻlgan shaxsning dunyoqarashi, bilim va tajribasi bilan birga korrupsiyaga nisbatan munosabati uning reja va strategiyalarida aniq aks etishi ham eng muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Bu bilan siyosiy masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik bir paytda talab qilinmoqda.

    “Jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1-5-sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, har bir jinoyatning kelib chiqish sabab va omillari tahlil qilinadi hamda prokuror va ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha aniq tavsiyalar beriladi. Demak, muammo “Qaysi mahallada nimalar boʻlyapti?” degan savol bilan emas, “Nega bunday boʻldi, nimalar sabab boʻldi va kim javobgar?” degan yondashuv bilan oʻrganiladi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb yoʻnalishlaridan biri davlat xaridlari va yirik investitsiya loyihalarida shaffoflik va raqobatni taʼminlash sanaladi. Endilikda davlat xaridlari vaqtida mahsulot yoki xizmatning bozordagi oʻrtacha narxiga nisbatan katta farq bilan amalga oshirilgan xarid uchun mansabdor javobgar boʻladi. Bu shunchaki tartib emas, chin maʼnoda moliyaviy adolatni taʼminlash vositasi.

    Toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali amalga oshiriladigan xaridlarni ikki baravar qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi. Bu bejiz emas, chunki toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar korrupsiya uchun eng qulay “eshik”, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu yangi tartib esa shaffoflikni oshiradi, tendersiz, “tanish-bilish”lar orqali shartnoma berishga chek qoʻyadi, raqobat muhitini yaxshilaydi.

    Xalq davlat xizmatini baholaydi: “qoniqarsiz”, demak, rahbar javobgar

    Farmondan oʻrin olgan muhim yangiliklardan yana biri — endi xalqimiz davlat xizmatlarini oʻzi baholaydi, oʻzi nazorat qiladi. Buning uchun 2026-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining oʻzi baholaydigan tizim joriy etiladi. Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilanadi. Agar aholi “qoniqarsiz” deb baholasa, rahbar shaxsan javobgar boʻladi. Mana shu xalqchil islohot!

    Jamiyatdagi har bir insonning huquqiy muammolarga eʼtibor qaratishi va ularni hal qilish uchun oson va ishonchli mexanizmlardan foydalanishi muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda internet va mobil ilova orqali koʻp ish qilish mumkin, jumladan, huquqiy masalalarda ham. Shuni inobatga olib, farmonda aholining kundalik hayotda uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platformani ishga tushirish belgilandi.

    Buning mantiqiy davomi sifatida fuqarolarga sifatli yuridik yordam koʻrsatilishida advokatlar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilishi kun tartibiga chiqmoqda. Hozirgi kunda advokatlar faoliyatida koʻpincha turli qiyinchilik va bosimlarga duch kelayotganiga koʻp guvoh boʻlyapmiz va bu juda tashvishli. Ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish nafaqat advokatlar faoliyatini yengillashtiradi, balki aholining huquqiy yordamga ehtiyojini ham aniq va sifatli taʼminlashga zamin yaratadi.

    Komplayens nazorat: yangi tartib va aniq mezonlar asosida

    Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy asoslar, jazo choralari va tashqi nazorat muhim, albatta. Ammo ichki, yaʼni komplayens nazorat haqiqiy barqaror tizim yaratishning asosidir. Komplayens nazorat — faqat huquqiy talablarga emas, balki axloq va etikaga ham bogʻlangan tizim. U korrupsion holatlarni aniqlash, ularga qarshi choralar koʻrish, tashkilotlardagi shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlashga yordam beradi. Shu bois, 2021-yildan boshlab mamlakatimizda 117 ta davlat organi va tashkilotida bunday tuzilmalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan davr mobaynida ularning koʻmagida sezilarli natijalarga erishildi, buni tan olmay iloj yoʻq. Ammo qoʻyilgan maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash, afsuski, kutilganidek boʻlmadi. Shu oʻrinda bunga nimalar toʻsqinlik qildi degan haqli savol tugʻilishi tabiiy.

    Birinchidan, shu paytga qadar ichki nazorat tuzilmalarining huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalari, huquq hamda majburiyatlari alohida normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmagan.

    Ikkinchidan, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda rahbar xodimlarning shaxsiy namunasi, tashabbusi va masʼuliyati yetishmadi.

    Uchinchidan, qonunchilikda ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimlari faoliyati samaradorligini maqsadli koʻrsatkichlar — KPI asosida baholash va attestatsiyadan oʻtkazish tartibi belgilanmagan.

    Toʻrtinchidan, ichki nazorat tuzilmalarining ish beruvchisi vazirlik va idoralar rahbarlari boʻlgani sababli tashkilot tizimida mavjud qonun buzilishi holatlarini fosh qilish uchun ularda mustaqillik yetishmadi. Shuning uchun yigʻilishda tuzilmalar faoliyati davlatimiz rahbari tomonidan ham oʻrinli tanqid qilindi va nazorat boʻlinmalari ishini yangicha tizim asosida tashkil etish lozimligiga alohida urgʻu berildi.

    Shu maqsadda yangi qarorda komplayens nazorat tuzilmalarining aniq ustuvor vazifalari belgilandi. Ularning mustaqil faoliyat yuritishi, real taʼsir kuchiga ega boʻlishi uchun muhim asos yaratildi. Yaʼni qarorga koʻra, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari oʻz faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga, ustaviga koʻra davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashiga boʻysunadi va uning oldida hisobdor boʻladi. Davlat organlari va tashkilotlari hududiy boʻlinmalari, tarkibiy tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati muvofiqlashtiriladi.

    Yana bir muhim yangilik — xodimlarning moddiy ragʻbatlantirilishini tashkil etishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasi majburiy asosiy hujjat hisoblanishidir.

    Qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlandi. Bu juda muhim. Aniq va yagona mezonning mavjud emasligi amaliyotda qator qiyinchilik, tushunmovchilik va muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Yangi tartibga koʻra, hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud boʻlmagan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni 150 tagacha boʻlsa, 1 nafar masʼul xodim, 150-400 tagacha boʻlsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat boʻlinma, 400 va undan ortiq boʻlsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat boʻlinma faoliyat yuritadi.

    Hududiy tuzilmalar va tarkibiy tashkilotlar mavjud boʻlgan davlat tashkilotlarining markaziy apparati shtat birligi soni esa 150 tagacha boʻlsa, markaziy apparatda 2 nafar xodimdan iborat boʻlinma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan masʼul xodim, 150-400 tagacha boʻlsa, markaziy apparatda 3 nafar xodimdan iborat boʻlinma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan masʼul xodim, 400 va undan ortiq boʻlsa, markaziy apparatda 4 nafar xodimdan iborat boʻlinma, har bir hududiy tuzilma va tarkibiy tashkilotlarda 1 nafardan masʼul xodim faoliyat yuritadi.

    Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining belgilangan umumiy soni va ajratilgan mablagʻlar doirasida oʻzlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari uchun ushbu minimal mezonlarda nazarda tutilganidan koʻproq shtat birliklarini belgilashi mumkin. Bunda belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 7 va undan ortiq boʻlgan hollarda boshqarma, 2 va undan ortiq boʻlgan hollarda boʻlim tashkil etiladi.

    Yana bir holat: tizimdagi tarkibiy tashkilotning umumiy shtatlari soni 400 va undan ortiq boʻlsa, minimal mezonlar tatbiq etiladi. Bu esa nazoratning markazdan hududlargacha yetib borishiga imkon yaratadi.

    Sogʻliqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi vazirliklari hamda “Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzsuvtaʼminot” kabi ahamiyatli tarmoqlarda 2027-yilgacha tajriba tarzida toʻgʻridan toʻgʻri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga boʻysunadigan boʻlinmalar tashkil qilinadi.

    Nima uchun aynan shu beshta idora? Chunki ular xalq hayotiga bevosita taʼsir qiluvchi asosiy sohalar. Bu amaliyot yangi tizim samaradorligini sinovdan oʻtkazish uchun muhim tajriba maktabi boʻladi. Ushbu tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari toʻgʻridan toʻgʻri agentlik tomonidan tayinlanadi va bevosita uning nazoratida boʻladi. Bu esa tizimli yutuqlar va xato-kamchiliklarni aniqlashda “jonli laboratoriya” sifatida xizmat qiladi.

    Eʼtiborli jihatlardan yana biri, komplayens xodimlari endi maxsus stajirovka, malaka oshirish kurslari va attestatsiyadan oʻtadi. Ularning faoliyati KPI, yaʼni aniq samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholanadi va natijalar har yarim yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga taqdim etiladi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashishda maqsadlarimiz tobora qatʼiylashyapti, saʼy-harakatlarimiz avvalgidan-da jiddiy tus olyapti. Bu kurash umummilliy harakat, siyosiy iroda va shaxsiy masʼuliyat masalasiga aylandi. Ammo qabul qilinayotgan qarorlar va joriy etilayotgan mexanizmlar qancha puxta boʻlmasin, agar ijro etilmasa, barchasi qogʻozda qolib ketishi hech gap emas.

    Albatta, har birimiz korrupsiyadan xoli jamiyatda yashashga soʻzsiz haqlimiz, lekin bunga, avvalo, oʻzimiz masʼulmiz. Shu bois, oʻzgarishlar faqat davlatdan emas, har birimizning halollikka intilishimizdan boshlanadi. Shaxsiy manfaatlarimiz oldida ojizlik, qoʻrqoqlik, nomardlik qilmasak, halollik uchun kurashib, turli bahonalar bilan oʻzimizni oqlamay, aybni boshqalardan izlamay, befarqlikni yengsak, kutgan natijamiz, oʻylagan maqsadlarimizga erishamiz. Bu haqiqat va uni tan olishimiz kerak!

    Ulugʻbek MUHAMMADIYEV,

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi

    jamoatchilik kengashi aʼzosi