Bu jarayon moliyaviy sektorda ham oʻz aksini topayotir. Xususan, kraudfanding kabi innovatsion moliyalashtirish usullari paydo boʻlib, tez surʼatlarda rivojlanmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, global kraudfanding bozori 2023-yilda 20,34 milliard AQSH dollariga baholangan. Ushbu bozor 2024-yildan 2032-yilgacha yillik oʻrtacha 18,24 % oʻsish surʼatida rivojlanishi va 2024-yildagi 24,05 milliard AQSH dollaridan 2032-yilga kelib 91,88 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Bu jarayon texnologiyalar rivoji va global miqyosda onlayn platformalar kuchayishi fonida yangi bosqichga koʻtarilib, anʼanaviy moliyaviy institutlardan tashqarida yangi moliyaviy ekotizim shakllanayotganidan dalolat beradi. Kraudfanding jamoaviylikka asoslangan boʻlib, unda koʻplab investorlar yoki oddiy fuqarolar kichik miqdordagi mablagʻ ajratish orqali biror loyiha yoki gʻoyani moliyaviy qoʻllab-quvvatlaydilar.
Soʻnggi yillarda kraudfanding orqali mablagʻ yigʻish davolanish va reabilitatsiya, istiqbolli tijorat loyihalarini, siyosiy faoliyatni moliyalashtirish, obodonlashtirish, xayriya, ilm-fan, shuningdek, adabiyot va sanʼat, sport kabi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilmoqda.
Ehsonni kraudfanding turlariga, shu bilan birga, investitsiyani amalga oshirish usullariga kiritish imkoniyati masalasi qonunchilikda belgilangan investitsiya tushunchasiga asoslanadi, bu yerda maqsad nafaqat foyda olish, balki boshqa muhim natijalarga erishish boʻlishi mumkin. Amaldagi qonunchilik nuqtayi nazaridan investor koʻchmas mulk obyektlarini xarid qilish, qurish, intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni sotib olish, aksiyalar, ustav fondidagi ulushlar, tijorat tashkilotlarining mol-mulkidagi paylarga egalik qilish yoki boshqa usullar orqali foyda olish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa muhim natijaga erishish maqsadini koʻzlaydi.
Hozirda kraudfandingning turli xillari mavjud boʻlib, ular orasiga yangilari ham qoʻshilmoqda. Ularning har biri oʻz maqsad va xususiyatlariga ega. Asosiy toʻrt turi quyidagilar:
1 Xayriyaga asoslangan kraudfanding (donation-based crowdfunding) – ijtimoiy yoki xayriya maqsadlarida qoʻllaniladigan model boʻlib, unda moliyalashtiruvchilar pul xayriya qilib, evaziga hech narsa kutmaydilar. Bu usul tadbirkorlarga anʼanaviy moliyalashtirishdan farqli ravishda, oʻz mahsulotini oldindan kichik xayriyalar orqali sotish imkonini beradi. U xayriya tashkilotlari tomonidan tabiiy ofatlar, tibbiy yordam va infratuzilmani tiklash kabi holatlarda keng qoʻllaniladi.
2. Mukofotga asoslangan kraudfanding (reward-based crowdfunding) – moliyalashtiruvchilar qoʻshgan hissasi uchun mukofot oladigan model. Mukofotlar oddiy suvenirdan tortib mahsulot prototipigacha boʻlishi mumkin. U asosan ijodiy loyihalar (sanʼat, texnologiya va boshqalar) uchun moʻljallangan boʻlib, bozorga chiqishdan oldin oldindan sotish vositasi ham hisoblanadi. Bu model mablagʻni qaytarish talab etilmagani uchun tadbirkorlar uchun ahamiyatli va qulay hisoblanadi.
3. Kreditga asoslangan kraudfanding (lending-based crowdfunding) – investorlar isteʼmolchilar yoki bizneslarga qarz beradi va foiz oladi. U P2P va P2B shakllarida mavjud. Banklarga nisbatan osonroq shartlarda kredit berish imkonini beradi. Nobank kredit tashkilotlaridan farqli ravishda, bu model odatda garovsiz amalga oshiriladi va foiz stavkalari investorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
4. Aksiyalarga asoslangan kraudfanding (equity-based crowdfunding) – investorlarga kompaniya aksiyalarini xarid qilish orqali uning aksiyadori boʻlish imkonini beradi. Investorlar biznes foydasiga sherik boʻlishadi. Crowdcube, Wefunder va StartEngine kabi onlayn platformalar orqali amalga oshiriladi. Bu model anʼanaviy kapital jalb qilish usulining raqamli shakli hisoblanadi.
Kraudfanding: imkoniyat va xavf
Kraudfanding mexanizmi koʻplab ijobiy imkoniyatlar yaratadi. Xususan, u startaplar uchun anʼanaviy bank kreditisiz mablagʻ jalb qilish, oddiy fuqarolar uchun qiziqarli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ulardan foyda olish, shuningdek, ijtimoiy loyihalar hamda madaniy tadbirlar uchun yangi moliyalashtirish manbai yaratish imkonini beradi.
Biroq kraudfanding faoliyati bilan bogʻliq xavflar ham yoʻq emas. Mablagʻning maqsadsiz ishlatilishi, investitsiyani qaytarish kafolatlari yoʻqligi, firibgarlik va investorlarning huquqiy himoyasizligi kabi xatarlar shular jumlasidan.
Mamlakatimiz qonunchiligida kraudfanding
2018 yil avgust oyida xorijiy mamlakatlar tajribasidan oʻrnak olgan holda yurtimizda ham kraudfanding platforma maydonchasi ishga tushirildi. Ammo MFond.uz deb ataluvchi ushbu platforma ommalashmagani bois uning faoliyati toʻxtadi. 2013 yilda ham OAVda turli loyihalarni amalga oshirish uchun mablagʻ jalb etish bilan shugʻullanadigan Factor.uz onlayn maydonchasi ishga tushirilgani, uning doirasida bir necha loyiha taklif etilgani haqida xabarlar chiqqan edi. Ammo oradan bir yil oʻtgach, bu platforma ish faoliyatini toʻxtatgan. Prezidentimizning 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining startaplari va loyihalarini moliyalashtirishning muqobil mexanizmlarini joriy etish maqsadida 2020 yil 30 syentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Kraudfanding platformasi orqali axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ommaviy moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Unga Axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ommaviy moliyalashtirish (kraudfanding) tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilova sifatida berilgan. Ushbu nizomda kraudfanding platformasi faoliyatini tashkil etish, loyihalarni kraudfanding platformasiga joylashtirish va ularni moliyalashtirish tartiblari kabi masalalar aks etgan.
Bu zamonaviy moliyalashtirish maydonchasidan foydalanish ehtimoli mamlakatimizda past darajada boʻlsa-da, kraudfanding platformasi faol harakatlarni amalga oshirmayapti, deb aytish ham nooʻrin. Xalq tomonidan moliyalashtirish imkoniyatini takomillashtirish muayyan vaqtni talab etadi. Bunda aholi kraudfanding maydonchasidan foydalanishi va unda taqdim etilayotgan loyihalarni moliyalashtirishi uchun bilim hamda malaka talab etiladi. Shu bois, mamlakatimizda kraudfanding platformalarini rivojlantirish, samarali ishlashini taʼminlash uchun, avvalo, ommaning ham bu boradagi bilimlarini, qiziqishlarini orttirish yoʻlida targʻibot va tushuntirish ishlari keng miqyosda olib borilishi maqsadga muvofiq boʻladi.
Mamlakatimiz qonunchiligida hozircha kraudfanding munosabatlari toʻliq tartibga solinmagan. Bu esa mazkur sohada huquqiy noaniqliklar va investorlar uchun xavf tugʻdiradi. Biroq umumiy moliyaviy, shartnoma va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi normalar ayrim hollarda kraudfanding platformalariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Fuqarolik kodeksidagi shartnoma erkinligi prinsipi asosida platforma va foydalanuvchi oʻrtasida shartnoma tuziladi. “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar kabi normativ-huquqiy hujjatlar kraudfanding platformalarida foydalanuvchilarning manfaatlarini qisman himoya qilishi mumkin.
Moliyaviy faoliyatning ayrim turlari (masalan, sarmoya jalb qilish) uchun litsenziyalash talablari mavjud boʻlib, kraudfanding platformalari faoliyatiga ham tatbiq etilishi ehtimoli bor.
Koʻplab davlatlarda kraudfanding alohida qonunlar bilan tartibga solinadi. Masalan, AQSHda Jobs Act orqali kraudfanding tartibga solingan. Yevropa Ittifoqida esa 2020/1503-ryeglament kraudfanding xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini belgilaydi. Bu huquqiy tartibotlar investorlarni himoya qilish, platformalar faoliyatini shaffoflashtirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.
Qanday huquqiy chora-tadbirlar zarur?
Mamlakatimizda kraudfanding sohasida bir necha huquqiy chora-tadbirlarni koʻrish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Kraudfanding toʻgʻrisida maxsus qonun qabul qilish, investorlar va mablagʻ oluvchilarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash hamda platformalarga litsenziya berish va faoliyatini nazorat qilish tizimini yaratish shular jumlasidan.
Kraudfanding zamonaviy moliyaviy mexanizmlar qatorida tez rivojlanishi va oʻziga xos imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Mazkur model orqali startaplar, ijtimoiy loyihalar va ijodiy tashabbuslar uchun anʼanaviy moliyalashtirish usullaridan cheklanmagan holda mablagʻ jalb qilish imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, oddiy fuqarolar uchun ham oʻz mablagʻini muayyan loyihalarga investitsiya qilish imkoniyati kengaymoqda. Shu bilan birga, kraudfanding jarayonlari bilan bogʻliq xavf-xatarlar — mablagʻning maqsadsiz sarflanishi, firibgarlik va investorlarning huquqiy himoyasizligi kabi muammolar mavjud.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, kraudfanding munosabatlari hali toʻliq huquqiy tartibga solinmagani mazkur sohada rivoji sekinlashuviga olib kelishi mumkin. Shu sababli kelgusida kraudfanding toʻgʻrisida maxsus qonun qabul qilish, platformalarni litsenziyalash va qatʼiy nazorat tizimini yaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Kraudfanding madaniyatini rivojlantirish uchun esa keng jamoatchilik oʻrtasida tushuntirish va targʻibot ishlarini kuchaytirish zarur.
Zero, xalqaro tajriba va texnologik imkoniyatlardan samarali foydalangan holda kraudfanding yurtimizda ham innovatsion moliyalashtirishning asosiy manbalaridan biriga aylanishi imkoniyatlari yuqori.
Aminjon QALANDAROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
biznes huquqi kafedrasi katta oʻqituvchisi









