Kuala-Lumpurda oʻzbek milliy raqs festivali boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 22 Iyul 2022 1570

    Kecha Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida Malayziya Menejment va fan universitetida Oʻzbekistoning “Nurafshon” raqs guruhi ishtirokida oʻzbek milliy raqs sanʼatiga bagʻishlangan xalqaro madaniyat festivali boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Kuala-Lumpurda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, Malayziya madaniyat va sanʼat namoyandalari, universitet rahbariyati, professor oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

    Festivalda Oʻzbekistonning boy madaniyati, sanʼati va sayyohlik salohiyati, respublikaning noyob madaniy-maʼnaviy merosini asrab-avaylash, targʻib etish hamda yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.

    Tadbir doirasida “Nurafshon” oʻzbek raqs guruhining rang-barang dasturi taqdim etildi. Dasturdan anʼanaviy raqs sanʼati, oʻzbek xalqining anʼana va urf-odatlari, shuningdek, oʻzbek milliy liboslari namoyish etildi.

    Jumladan, YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan afsonaviy Xorazm raqsi — “Lazgi” ijro etildi. Ishtirokchilar qadimiy Xorazm hududida “Lazgi” raqsining paydo boʻlish tarixi bilan tanishdi.

    Bundan tashqari, tadbir mehmonlariga hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati buyumlari, jumladan, ipak matolardan tayyorlangan kiyim namunalari, kulolchilik, yogʻoch oʻymakorlik va naqqoshlik mahsulotlari, misdan ishlangan buyumlar, miniatyura asarlari, xalq amaliy sanʼati namunalari, shuningdek, anʼanaviy musiqa asboblari taqdim etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Universitet asoschisi va prezidenti Mohd Shukri Malayziya va Oʻzbekiston xalqlarining madaniy mushtarakligi, anʼanalari hamda maʼnaviy qadriyatlari yaqinligini alohida qayd etdi. Uning aytishicha, mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi tadbirlari doirasida Malayziyada oʻzbek sanʼati va madaniyatini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir oʻz vaqtida oʻtkazildi.