Shu yilning 23-26-iyun kunlari Tailandda badiiy gimnastika boʻyicha qitʼa chempionati boʻlib oʻtadi. Bu nifuzli musobaqaga tayyorgarlik koʻrayotgan terma jamoamiz aʼzolari Moskvada Irina Viner-Usmonova gimnastika saroyida oʻtgan “Kuchlilar turniri”da ishtirok etdi va beshta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Yosmina Rahimova koʻpkurash bahslarida uchinchi oʻrinni egalladi. Bu bahsda birinchi va ikkinchi oʻrinlar rossiyalik Dina va Arina Averinalarga nasib etdi.

Yosmina alohida mashqlar – xalqa va lenta bilan bahslarda ham uchinchi boʻldi. Tokio-2020 ishtirokchisi Yekaterina Fetisova bulava bilan mashqlarda bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Gimnastikachilarimiz beshinchi bronzaga jamoaviy mashqlarda sazavor boʻldi. Hakamlar Viktoriya Neskubo, Iroda Sodiqova, Diyora Baxtiyorova, Mubina Kamolova, Yasmin Mirzayarova va Dominika Damirovaning chiqishlarini shunday baholadi.

Mutaxassislarning aytishicha, Moskva turniri badiiy gimnastikachilarimiz uchun Osiyo chempionati oldidan tayyorgarlik vazifasini oʻtagan.