Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan elektr energiyasidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar oʻrtasida reydlar oʻtkazilmoqda.
Joriy yilda ushbu reydlar natijasida kunning yorugʻ vaqtida yoritish chiroqlaridan samarasiz foydalanish boʻyicha 2 ming 356 ta holat aniqlandi. Shundan 442 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 5 ta korxonaga esa moliyaviy sanksiya qoʻllash boʻyicha dalolatnomalar tuzildi.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida jami quvvati 314,2 kVt boʻlgan elektr qurilmalarining behuda sarflanishi oldi olindi. Bu miqdor 25 ta xonadonning bir oylik oʻrtacha elektr energiyasi isteʼmoliga teng.
Soʻnggi ikki kun ichida oʻtkazilgan reydlarda faqat Toshkent shahrining oʻzida kunning yorugʻ vaqtida chiroqlarni yoqib qoʻyish bilan bogʻliq 264 ta holat qayd etildi.
“Oʻzenergoinspeksiya” axborot xizmatining xabar berishicha, elektr energiyasini behuda sarflashga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravaridan 15 baravarigacha jarima qoʻllaniladi. Bunday holatlarning oldini olish uchun yoritish qurilmalaridan faqat zarur boʻlgan hollarda foydalanish tavsiya etiladi.