SSV matbuot xizmati bunga aniqlik kiritish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayevaga murojaat qildi:
— Kuz fasli oʻzining sekin-asta sovuqlashayotgan havosi bilan insonlar organizmiga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Bu faslda kunduzgi harorat nisbatan issiq boʻlsa-da, kechasi havo haroratining pasayib borishi kuzatiladi. Bunday sharoit yozning issigʻidan yashiringan virus va bakteriyalar uygʻonishi uchun qulay.
Shuningdek, kuz inson organizmining sovuq kunlarga moslashib boradigan fasldir. Bu jarayon aksariyat hollarda inson salomatligiga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Shu bois, turli virus va bakteriyalar taʼsirida insonlarda shamollash alomatlari koʻpayadi.
Koronavirus infeksiyasi, nafas aʼzolarining yalligʻlanishi kabi holatlar bilan kuzgi va qishki mavsumda uygʻonadigan infeksiyalarning oʻxshash alomatlari boʻlgani uchun aholi orasida turli xavotirlar paydo boʻladi. Bunday vaziyatda xavotirlarning oʻrinli yoki oʻrinli emasligini shifokorlar aniqlashtiradi, albatta.
Shuning uchun oʻzida shamollash alomatlarini sezgan kishi oilaviy shifokorga murojaat qilishi lozim. U inson organizmida kechayotgan jarayonni oʻrganib, alomatlar koronavirus yoki boshqa jiddiyroq xastalikka xos yoxud xos emasligini aniqlaydi hamda aniq davolash tartibini tavsiya qiladi.
Bunda, albatta:
Tana harorati, koʻz yoshlanishi, burun oqishi, yoʻtal va uning xususiyati, kuzatilishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha belgilar — virus yoki bakteriya chaqirgan shamollash alomati ekanini aniqlash talab etiladi.
Koronavirus infeksiyasida boshqa viruslar keltirib chiqargan shamollash alomatlariga oʻxshash belgilar kuzatilsa-da, buni tasdiqlash, aniq tashxis qoʻyish uchun burun-xalqum yoʻlidan PZR-test olinishi kerak.
Shifokorga murojaat qilgunga qadar kuz-qish fasllarida uchraydigan shamollashlarni davolash, tana haroratini tushirish va boshqa belgilarni bartaraf etish uchun:
Niqob taqib yurish, tomoq va burunni tez-tez chayish, kuniga 2-3 litr issiqroq suyukliklarni ichish talab etiladi. Kuniga 1000-3000 qadamgacha yurish, nafas mashqlarini bajarish maqsadga muvofiq.
Hozirda tarqalayotgan shamollashlar, asosan, kuz-qish fasllarida uchraydigan infeksiyalar sababli boʻlgani bois, ularni davolashda antibiotiklardan foydalanish mumkin emas. Ular inson organizmida har xil asoratlar keltirib chiqarishi bilan birga, immun tizimining ishlashini toʻxtatadi va kasallikning uzoq muddat choʻzilishi yoki qaytalanishiga sabab boʻladi.
Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi va kuzgi shamollashlardan himoyalanishning eng qulay usuli — karantin qoidalariga rioya qilishdir.