Yapon dengizi sohilidagi Vonsanda qurilgan sayyohlik majmuasi yuzlab obyektlarni o'z ichiga oladi. Ular orasida 20 ming o'rinli mehmonxonalar, akvapark, sport maydonchalari, plyajlar, madaniy va savdo-ko'ngilochar markazlar bor.
Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, o'zini Shimoliy Koreya turizm industriyasining flagmani sifatida ko'rsatayotgan majmua 1-iyuldan o'zining ilk tashrif buyuruvchilarini qabul qila boshlaydi. Respublika rahbari Kim Chen In ushbu loyihani partiyaning fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga intilishini aks ettiruvchi “ta'sirchan yutuq” deb atadi. Uning so'zlariga ko'ra, kurort nafaqat mehmondo'stlik sohasida yangi standartlarni o'rnatadi, balki “madaniy va hissiy jihatdan boy dam olish” uchun ideal imkoniyatlar yaratadi.
“Boy sayyohlik resurslariga ega bo'lgan mamlakatimizda turizm iqtisodiy rivojlanishning kuchli dvigateliga, madaniy o'sish va mintaqaviy farovonlik rag'batiga aylanishi mumkin”, deya Shimoliy Koreya rahbarining so'zlaridan iqtibos keltiradi Koreya markaziy axborot agentligi.
Uning qo'shimcha qilishicha, bu xalqaro miqyosdagi madaniy dam olish maskanlarini yaratish bo'yicha keng ko'lamli loyihaning faqat bir qismidir, deb xabar beradi eadaily.com.








