Navoiyda yangi turizm maskani ochildi

    Togʻlar bilan oʻralgan Langar mahallasida turizm imkoniyatlari oshmoqda

    Navoiyda joylashgan Langar mahallasi viloyat markazidan 120 kilometr, Xatirchi tumani markazidan esa 60 kilometr masofada joylashgan togʻlar bilan oʻralgan mahalla hisoblanadi. Langarda 8 ta togʻ, koʻl, buloq, choʻldan iborat tabiat manzaralari roʻyxati shakllantirilgan boʻlib, doimiy ravishda sayyohlar tashrifi kuzatiladi.

    Turizm mahallalarida 4 ta hunarmand ustaxonalari tashkil etilgan boʻlib, qoʻshimcha ravishda hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha master klass xizmati yoʻlga qoʻyilgan. 20 ta oilaviy mehmon uylari va 3 ta dam olish maskani faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 55 nafar aholi ish bilan taʼminlangan. 3 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 10 ta savdo nuqtalari faoliyat koʻrsatmoqda. Tadbirkorlik subyektlari soni 30 tani tashkil etadi.

    Sayyohlar uchun milliy taomlar tayyorlovchi 15 ta gastronomik xonadonlar faoliyati tashkil etilgan. Sayyohlar oqimini oshirish, aholi daromad manbaini koʻpaytirish maqsadida 3 kunlik “Langar turizm xalqasi” turpaketi ham ishlab chiqilgan.

    Shuningdek, turizm turlarini rivojlantirish maqsadida 1 ta ov turizmi obyekti tashkil etilgan.

    Quvonarlisi, kuni kecha mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish, qishloqning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2025-yilda 6 ta kemping, uzunligi 800 metrlik zipline, 200 metrlik tyubing, zamonaviy restoran va selfi zona ishga tushirildi. Ushbu tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov va keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar ishtirok etishdi.

    Bu esa hududga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar sonining ortishi, turizm xizmatlari kengayishi, hududdagi aholini ish bilan taʼminlash va daromadini oshishiga xizmat qilmoqda.