Latviyada mushkul ahvolda qolgan vatandoshimiz oilasi bagʻriga sogʻ-salomat qaytdi

    Latviyada ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshimiz Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida oilasi bagʻriga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Xususan, Riga shahriga pul topish maqsadida kelgan K.F. sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarga duch keladi va ishsiz qoladi. Shu munosabat bilan u elchixonaga Oʻzbekistonga qaytishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.

    Diplomatlar Latviya Migratsiya xizmati xodimlari bilan muzokaralar oʻtkazdi va vatandoshimizning Oʻzbekistonga qaytishi bilan bogʻliq hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatdi. Elchixona va Xalqaro migratsiya tashkilotining Rigadagi vakolatxonasi koʻmagida hamyurtimiz vaqtincha turar joy bilan taʼminlandi. Shuningdek, uning Vatanga qaytishi uchun aviachipta sotib olib berildi.

    Vatandoshimiz 8-avgust kuni Rigadan Oʻzbekistonga “Uzbekistan Airways” aviareysida kuzatib qoʻyildi.