Rossiyaning Krasnodar oʻlkasida qiyin ahvolda qolgan yurtdoshimiz Oʻzbekistonga qaytarildi

    U mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida barcha hujjatlarini yoʻqotgan.

    Mamlakatimizning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi koʻmagida Rossiyaning Krasnodar oʻlkasida qiyin ahvolda qolgan yurtdoshimiz B.E. Oʻzbekistonga qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

    Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotga koʻra, B.E. 2020-yil fevral oyida Krasnodar oʻlkasiga ishlash maqsadida kelgan va turli mavsumiy ishlarda mehnat qilgan.

    Biroq, koʻp oʻtmay koronavirus pandemiyasi oqibatida ishsiz va mablagʻlarsiz qiyin ahvolga tushib qolgan. Shuningdek, u mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida barcha hujjatlarini yoʻqotgan.

    B.E. oʻz murojaatida hujjatlarini rasmiylashtirish va Oʻzbekistonga qaytarishda amaliy koʻmak soʻragan.

    Bosh konsulxona tomonidan unga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi va Migratsiya agentligining Krasnodar oʻlkasidagi vakolatxonasi koʻmagida aviachipta xarid qilib berildi. Hamyurtimiz kuni kecha Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.