Muloqot davomida mehmonlar Oʻzbekistonda madaniy sohani keng rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar. Xususan, mehmonlarga qariyb chorak asrlik tanaffusdan soʻng yaqinda qayta tiklangan “Buyuk ipak yoʻli durdonasi” kinofestivali, Abdulla Qodiriy xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar hamda Toshkentdagi Zamonaviy sanʼat markazida oʻtkazilayotgan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning ijodiga bagʻishlangan “Dixit Algorazmiy” (“Al-Xorazmiy aytganidek”) koʻrgazmasi haqida maʼlumot berildi.

Mixail Shvidkoy Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va oʻzgarishlar, shu jumladan, madaniy sohadagi yirik loyihalar tahsinga loyiqligini taʼkidlar ekan, “Toshkent nafaqat non shahri, balki mintaqaning madaniy poytaxtidir va aynan shu yerda madaniyat sohasining koʻplab vakillari taʼlim olgan”, — deya qayd etdi.

Uchrashuv yakuniga koʻra tomonlar, joriy yil noyabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan IX Xalqaro madaniyat forumida Oʻzbekiston vakillari ishtirokini, “Lazgi — muhabbat va qalb raqsi” baletining Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Perm va boshqa shaharlaridagi namoyishini tashkil etish, Oʻzbekiston muzeylarida olib borilayotgan restavratsiya ishlari hamda ular faoliyatini rivojlantirish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.