Laziz Kudratov Venesuyelaning Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashdi

    2024-yil 10-dekabrda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Venesuyela Bolivar Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Rosalba Lo Buye Antiko bilan uchrashdi.

    Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari muhokama etildi. Tomonlar fikricha, joriy yilning 10 oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgan boʻlsa-da, bu borada ikkala tomon ham barcha mavjud resurs va salohiyatdan foydalanishi zarur.

    Shu nuqtayi nazardan, savdo aloqalarini rivojlantirish, ichki va tashqi bozorlarga yoʻnaltirilgan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha bor imkoniyatlar atroflicha tahlil etildi. Shu oʻrinda, har ikki davlatning oʻzaro manfaatli tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

    Toʻqimachilik sanoati, transport va logistika, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha sanoat kooperatsiyasi, savdo munosabatlari birgalikda ish olib borish uchun eng ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

    Elchi Rosalba Lo Buye Antiko Oʻzbekistonda yaratilgan investitsiyaviy muhit hatto eng ehtiyotkor investorlar ishonchini qozonishga qodirligini yuqori baholadi va Venesuyela ishbilarmon doiralarini ochilayotgan yangi imkoniyatlar bilan tanishtirishga ishontirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni jadallik bilan chuqurlashtirishga kelishib oldilar hamda muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma tadbirlar rejasi va operativ hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.