Avval maʼlum qilganimizdek, ushbu davlat aktivini xususiylashtirish jarayonlarini ilgʻor xalqaro tajribalar asosida amalga oshirish uchun “KPMG Valuation and Consulting” kompaniyasi Xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Kompaniyaning xususiylashtirish jarayonlari doirasida KPMG kompaniyasi, shu jumladan, uning xalqaro ofislar tarmogʻi orqali keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi. Xususan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2022-yil 8-avgustga qadar MDH davlatlari, janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan 15 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar KPMG kompaniyasiga kelib tushgan.

Davaktiv agentligi hamda xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi.

KPMG kompaniyasi tomonidan kelib tushgan arizalar yuqoridagi mezon talablari asosida chuqur oʻrganish natijasida 2 nafar talabgor arizalari navbatdagi bosqichga oʻtkazilmadi va qolgan barcha talabgorlar keyingi bosqichga oʻtkazildi.

Shunga koʻra, Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvofaqqiyatli oʻtgan talabgorlarga xususiylashtirish jarayonlarining kelgusi Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda ularga ushbu bosqich jarayonlari toʻgʻrisidagi xat (Process Letter) yuboriladi.

Xususiylashtirish jarayonlarida kelgusidagi oʻz ishtirokini tasdiqlash uchun, ushbu talabgorlar bilan Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolash taklif etiladi, soʻngra ularga xalqaro maslahatchi tomonidan tayyorlangan Mehmonxonani sotib olish narxi boʻyicha indikativ majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan axborotni oʻz ichiga olgan dastlabki maʼlumotlar toʻplami (Information Memorandum) bilan tanishish imkoniyati beradigan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR) ga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu maʼlumotlar toʻplami Mehmonxona xoʻjalik faoliyati tasnifi, shuningdek tarixiy va prognozli moliyaviy koʻrsatgichlari kabi axborotlarni oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, KPMG kompaniyasi tomonidan Mehmonxonani sotib olish narxi boʻyicha majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni (NBO) joriy yil 7-oktyabrga qadar qabul qilinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvafaqqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.