Millatlararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, barchaga teng huquq va imkoniyat yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda Oʻzbekiston tutgan yoʻl eng barqaror va odilona siyosat sifatida baholanyapti. Yurtimizda yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va tinchlik yoʻlidagi islohotlar Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlik muhitini mustahkamlashga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi.
Davlatimiz rahbarining bundan bir necha yil avval BMT minbaridan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilinganiga oid tashabbusi amalda oʻz tasdigʻini allaqachon topdi. Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida taʼkidlangan fikr-mulohazalari Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi oʻz pozitsiyasini yanada mustahkam egallashi uchun zamin yaratdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yaqinda poytaxtimizda boʻlib oʻtgan yettinchi maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikning mutlaqo yangi davri boshlanishi uchun poydevor boʻlishiga shubha yoʻq. Unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqamizning umumiy taraqqiyotiga xizmat qila boshladi.
Shu jihatdan olib qaralganda, AQSHda “S5 + 1” formatida boʻlib oʻtgan sammitning mazmun-mohiyati ham mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga yoʻnaltirildi. Taʼkidlash lozimki, mazkur anjuman Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi strategik muloqotning yangi bosqichini boshlab berishi barobarida Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosatini butun olamga namoyish qildi. Umuman, mintaqaviy va global aloqalarning yangi imkoniyatlari yaratilishida bunday anjumanlarning ahamiyati juda katta.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashamoqda. Mavjud etnik diasporalar tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, milliy anʼanalari va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish tamoyillari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qoʻyilgan. Millatlararo totuvlikni rivojlantirish davlat siyosatida muhim yoʻnalish ekani oʻzbekona bagʻrikenglik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari targʻiboti uchun keng yoʻl ochadi. Dunyoning boshqa mintaqalarida sodir boʻlayotgan noxush holatlar bilan bogʻliq murakkab vaziyatda tinchlikni saqlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bunday siyosat muhim omilga aylanadi, albatta.
Shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ham xalqaro miqyosda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarish yoʻlida tarixiy va ishonchli qadam boʻldi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad nihoyatda koʻlamdor, Toshkent va Tokio oʻrtasidagi munosabatlar nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy va global ahamiyatga egadir. Tokio shahrida Yaponiya imperatori Naruxito va Bosh vazir Sanae Takaichi hamda yetakchi universitet va yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlardan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning kunchiqar mamlakat bilan strategik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim platforma hisoblanadi.
Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki madaniy sohalarda ham davom etayotgani oʻzaro doʻstlik rishtalarini yangi va salmoqli bosqichga olib chiqadi. Jumladan, bu mamlakat bilan madaniyat va sanʼatning barcha sohalari, muzeyshunoslik, sayyohlik va boshqa yoʻnalishlardagi aloqalarimiz muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Jumladan, 2019-yil noyabr oyida Yaponiyaning Tokio, Maydzuru va Takasaki shaharlarida oʻzbek madaniyati va sanʼatini targʻib qilish maqsadida madaniy tadbirlar, hukumat vakillari bilan madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazilgandi. Ikki davlat madaniyat muassasalari oʻrtasida ham faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Chunonchi, Rishsho universiteti bilan Termiz arxeologiya muzeyi oʻrtasida bitim imzolangan, bunga asosan, arxeologiya va muzey sohasida hamkorlik qilinmoqda. Zero, davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniyat yoʻnalishidagi aloqalar soha vakillari bilim doirasini oshirib, turli madaniy tadbirlar geografiyasini kengaytiradi. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro festivallarda Yaponiya sanʼatkorlarining doimiy ishtirok etayotgani quvonarli voqea, albatta.
Xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida “Nagauta-kai” yapon shamisen musiqa guruhi faol qatnashib, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani fikrimiz dalilidir. Bundan tashqari, 2018-yilda Shahrisabzda oʻtkazilgan xalqaro maqom sanʼati anjumanida yaponiyalik ijodkor Kamuzaki Mashuu uchinchi oʻrinni egallab, muxlislar olqishiga sazovor boʻlgani alohida eʼtiborga molik.
Joriy yil boshlanishida CSPC-Japan tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Tokio xalqaro sanʼat festivali hamda Xalqaro kollaboratsiya konsertida Madaniyat vazirligiga qarashli R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashgan musiqa maktabi oʻquvchilari ishtirok etgani ikki hamkor mamlakatning madaniy aloqalar koʻlami naqadar kengayib borayotganiga yana bir misoldir.
Oʻzbek-yapon xalqlarining madaniy va savdo rishtalari uzoq oʻtmishga borib taqalishi, Buyuk ipak yoʻli boʻylab bu ikki millatning oʻzaro manfaatli aloqalari mustahkam doʻstlik va hamkorlik darajasida shakllanib borayotganini alohida taʼkidlamoqchiman.
Prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi arafasida bu diyorda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazilgani ham davlat rahbarlarining oʻzaro hurmat va ishonchli hamkorlik yoʻlidagi saʼy-harakatlari amaliy natijasidir. Qalbga yaqin bunday sanʼat bayrami nafaqat madaniy hayotimizdagi muhim voqea, balki Osiyo mintaqasida oʻziga xos hurmat va eʼtiborga loyiq tadbir, hamkorlar oʻrtasidagi iliq munosabatning yorqin ifodasi boʻldi.
Umuman olganda, Oʻzbekiston va Yaponiya xalqlarini qadimiy tarix, boy madaniyat, anʼanalarga sadoqat va kelajakka ishonch birlashtirib turadi. Ikki tinchlikparvar mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning tobora mustahkamlanib, siyosiy, iqtisodiy va, ayniqsa, madaniy sohalarda izchil rivojlanayotgani xalqlarimiz baxti va saodatidan darak beradi.
Xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar tinch, osoyishta va maʼrifatli davlatlarga yarashadi. Oʻzbekiston va Yaponiya xuddi shunday mamlakatlar sirasiga kiradi. Dunyoda tinchlik va ezgulikni saqlash oʻzbek va yapon xalqlarining azaliy orzusidir! Shunisi ayonki, barqaror tinchlik, osoyishtalik hukm surgan oʻlkalarda sanʼat va madaniyat gullab-yashnaydi!
Ozodbek NAZARBEKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri








