Mamlakatimizning moddiy va nomoddiy madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish ko'lami yil sayin kuchayib bormoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori bilan bu faoliyat qonuniy jihatdan yanada mustahkamlandi.

Ayni paytda O'zbekistondagi 4 ta me'moriy majmua – Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YUNESKO Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan. Bu joylarda  rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari Madaniy meros departamenti hamda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.  

Keyingi paytlarda O'zbekiston hududidagi noyob madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish, tarixiy shaharlarning bosh loyihasi va menejment rejasini YUNESKO xalqaro standartlari hamda talablariga muvofiq ishlab chiqishga xalqaro ekspertlar ham keng jalb etilgan.

YUNESKO bilan yaqin hamkorlikda moddiy va nomoddiy meros ob'ektlarini asrashga doir turli xalqaro anjumanlar tashkil qilinyapti. Mazkur tadbirlar madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish yo'lidagi dolzarb muammolarni ko'rib chiqish, xalqaro tajribani o'rganish, tarixiy-madaniy merosni saqlashga doir milliy tizimni takomillashtirish, bu yo'nalishdagi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy yo'nalishlarini aniqlash imkonini beradi.

Ta'kidlash joizki, rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda.  Masalan, 2020 yilda 11 ta loyiha Umumjahon merosi markaziga yuborilgan. Sentyabr oyida Buxoro shahar tarixiy markazida qurilishi va ta'mirlanishi rejalashtirilgan ob'ekt loyihasi esa Umumjahon merosi markazining ijobiy xulosasini oldi.

Joriy yilning 18–24 may kunlari Fransiya shaharsozlik va arxitektura instituti mutaxassislari erik Xaybrexts (me'mor va shaharsozlik hamda hududiy loyihalar bo'yicha ekspert), Kristina Iamandi (me'mor, IKOMOS tashkilotining madaniy meros bo'yicha eksperti), doktor P`er-Mari Triko (shaharsozlik va landshaft me'mori), P`er Reno (shaharsoz quruvchi), Karim Ben Meriem (shaharsoz quruvchi va me'mor, madaniy meros bo'yicha ekspert), Ksav`e Opiges (GIS bo'yicha ekspert) SHahrisabzga tashrif buyurdi.

Norasmiy uchrashuv jarayonida SHahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov  shaharni rivojlantirish bo'yicha aniq tavsiyalar bo'yicha ish olib borilayotgani va shu bilan bir qatorda shahar aholisi turmush tarzining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda shaharni regeneratsiya qilish ish rejasi tuzilishini ma'lum qildi.

O'zbekistonda Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'ektlari Milliy ro'yxati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilingan 846-son qarori bilan tasdiqlangan. Respublika bo'yicha jami 8 ming 208 ta moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'ekti mavjud bo'lib, shundan 4 ming 748 tasi arxeologiya, 2 ming 250 tasi arxitektura, 678 tasi esa monumental san'at yodgorligi, 532 tasi diqqatga sazovor joylardir. Milliy ro'yxatga kiritilgan ob'ektlarga nisbatan garov va ipoteka qo'llanilishi mumkin emas (xususiy mulk hisoblangan moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'ektlari bundan mustasno).

“Moddiy madaniy meros ob'ektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunga binoan Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan hududlarga taalluqli javobgarlik belgilandi.

Respublika bo'yicha 2019-2021 yil holatiga ko'ra, Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo'riqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros ob'ektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa ob'ektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish bo'yicha 234 ta ma'muriy huquqbuzarlik holati qayd etilgan. Ular bo'yicha 70 ta ish sudga, 160 tasi prokuraturaga, 4 ta ish Ichki ishlar bo'linmalariga yuborilgan.

Joriy yilning aprel oyida Buyuk Britaniya muzeyi bilan artefaktlarning olib chiqib ketilishi kontrabandasining oldini olish bo'yicha o'tkazilgan seminar-trening o'tkazildi. Unda chegarada ushlab qolingan va musodara etilayotgan artefaktlar va madaniy meros ashyolarini aniqlash hamda rasmiylashtirish bo'yicha jahon tajribasi bo'yicha mutassadilar bilan fikr almashildi. Shuningdek, muzeyga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish, innavatsion vositalardan keng foydalanish, kadrlar salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan ma'ruzalar tinglandi.  

Madaniy meros agentligida  arxeologik tadqiqotga ham alohida ahamiyat beriladi.  Jumladan, 60 dan ortiq arxeologik tadqiqot ishlarining  15 tasi Angliya, AQSH, Germaniya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarning etuk olimlari ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Madaniy meros departamentining Turizm va sport vazirligi tasarrufiga o'tkazilib, Madaniy meros agentligiga aylantirilishi uning vakolatlarini yanada kengaytirdi. Jumladan, endilikda madaniy meros ob'ektlariga faqat qo'riqlanuvchi hamda muhofaza qilinuvchi inshoat emas, balki mamlakatning moddiy imkoniyatini kengaytiruvchi, ichki hamda tashqi turizmini rivojlantirishga xizmat qiluvchi imkoniyat sifatida qaralmoqda.  

Restavratsiya va ta'mirshunoslik sohasining o'ziga xos jihatlarini inobatga olib, hududlarda uzoq yillar davomida shakllangan me'morchilik maktablarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Madaniy meros ob'ektlari restavratsiyasi direksiyasi” va bosqichma-bosqich ravishda uning mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etiladi. Davlat byudjetidan madaniy meros ob'ektlarini asrashga doir ishlar uchun ajratiladigan mablag'lar ustuvor ravishda to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida “Madaniy meros ob'ektlari restavratsiyasi direksiyasi”ga yo'naltiriladi.

Bundan tashqari, direksiya va mintaqaviy restavratsiya markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib shartnoma asosida ko'rsatiladigan xizmatlar ko'rsatishdan tushgan mablag'lar, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilanadi. Bu esa shubhasiz, yurtimizda necha asrlar osha yashab kelayotgan moddiy-madaniy meros namunalarining mangulikka daxldor bo'lishiga xizmat qiladi.  

Nigora UMAROVA,

Madaniy meros agentligi xodimi.

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri.