Kundalik hayotimizda turli tanlovlar qarshisida bosh qotirishga to'g'ri keladi, jarayonda raqobatga duch kelamiz. Taqqos, qiyos bilan esa didimiz yuksaladi. Bu boradagi qat'iyatlilik bizga eng go'zali, eng qulayi hamda eng to'g'risini tanlash imkonini beradi. Raqobat bilan o'samiz, izlanamiz, xullas, o'z ustimizda ishlaymiz. Bu birgina kundalik hayotimiz bilan bog'liq tanlovlar.
Umumxalq, davlat miqyosidagi, ayniqsa, davlat ramzlarini yaratish bilan bog'liq tanlovlar esa juda nozik va murakkab masala. Ularda butun bir xalqning orzu-umidlari, kelajagi ifoda etilishi kerak. Yuzlab davlatlarning o'ziga xos bayroqlari orasida ko'zimizga o'tdek ko'ringan, nazdimizda istarasi ham xalqimizning istarasidek issiq bo'lgan muqaddas bayrog'imiz qancha-qancha ijodiy asarlar orasidan munosib deya tanlab olingan. Markaziga baxt timsoli — afsonaviy humo qushi zeb berib turgan gerbimiz ham ne-ne tamg'alar bilan xuddi shu tariqa raqobatga kirishgan.
Har kuni beqiyos zamin, jannatmakon o'lkada yashayotganimizni dilimizga jo etib turguvchi qadrdon madhiyamiz esa madhiyalikka nomzod 80 ga yaqin she'rning sardori sifatida qalblarimizga jo bo'lgan. Har biri maxsus komissiya tomonidan g'oyat sinchkovlik bilan, jiddiy ko'rib chiqilgan dastlabki madhiyalardan qirqqa yaqini saralab olinib, ularning 27 tasi tanlovning I bosqichida ishtirok etdi. II va III bosqichlardan muvaffaqiyatli o'tgan 3 ta madhiya matni esa final bosqichiga munosib ko'rildi. Bular — Mutal (Mutavakkil) Burxonov va Abdulla Oripov, Baxtiyor Aliev bilan Abdulla Oripov, Rustam Abdullaev va Mirpo'lat Mirzo hamkorligidagi madhiyalar edi.
1992-yil 10-dekabr kuni Oliy Kengashning 400 dan ziyod deputat yig'ilgan 11-sessiyasida gulduros qarsaklaru olqishlar bilan Mutal Burxonov va Abdulla Oripov muallifligidagi hozirgi madhiyamiz qabul qilindi. Zero, o'z ishining mohir ustalari bo'lgan ikki muallifning ulkan ijodiy salohiyati aks etgan madhiyamiz boshidan oxiriga qadar qalbimizni hayajonga soladigan sehrga ega. Yurtimizga xos barcha ulug'vorlik, xalqimizga xos barcha buyuklik mujassam bo'lgan unda.
— Davlat madhiyasini yaratishdek o'ta mas'uliyatli, sharafli ishga bosh qo'shish, eng oliy tanlovda qatnashish uchun ham inson vatanparvar bo'lib yaralmog'i lozim. Bugun sevimli madhiyamiz mualliflari oramizda yo'q. Lekin ular ana shu buyuk qo'shig'imiz bilan buyukligicha qalbimizda yashaydi. Men ham ular bilan hamnafas bo'lganim, Vatanni madh eta olishdek ezgu ishda ishtirok etganimdan nihoyatda baxtiyorman, — deydi O'zbekiston bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullaev.
Ha, xalqimizning yagona muqadas qo'shig'ini yaratish jarayonida ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimiz chinakam vatanparvarlar. Ular o'z matnlarida ona diyorimiz, xalqimizni sharaflagan ulug'vor so'zlari bilan vatanni sevaveradilar. Lekin madhiyamizga hurmat bajo keltirib, o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ygan holda yurakning tubidan unga hamohang bo'lish ham vatanparvarlikning eng yuksak darajasi aslida. Bu darajaga erishish o'zini shu yurtning farzandi deb bilgan har bir insonga, har bir yurtdoshimizga sharaf bag'ishlaydi. “O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to'g'risida”gi qonunning 2-moddasida “...Davlat madhiyasiga zo'r ehtirom bilan qarash O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”, deb yozib qo'yilgan.
Shu o'rinda taassuf bilan aytish lozimki, aksariyat yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarning davlat madhiyasiga nisbatan hurmatsizlik qilishi hollari ko'p kuzatiladi. Ayniqsa, ta'lim muassasalarida bunday holatlar uchrayotgani kishini o'ylantiradi. Axir u oddiy qo'shiq emaski, yangrayotganida gaplashib turish mumkin bo'lsa. Yoki odobsizlarcha kulish, u yoq - bu yoqqa alanglash kabi holatlar madhiya ijro etilayotgan paytda kechiriladigan holatmi? Madhiyani diqqat bilan tinglamaslik, behurmat qilish nafaqat o'zini, butun xalqimizni, O'zbekiston davlatini hurmat qilmaslik bilan barobar emasmi?
Qonunda madhiya ijro etilayotganda o'zimizni qanday tutishimiz kerakligi ham aniq ko'rsatib qo'yilgan. Madhiya to'g'risidagi qonunning 7-moddasida u ko'pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo'lsa, hozir bo'lgan kishilar madhiyani tik turib va o'ng qo'l kaftini ko'krakning chap tomoniga qo'yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo'lini bosh kiyimiga qo'yib tinglaydi. Agar madhiyaning ijro etilishi davlat bayrog'ining ko'tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo'lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi. Ta'lim muassasalarida ijro etish — Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qo'yadigan qoidalar bilan tartibga solinadi. Qonunda madhiyaga oid shunday tartib-qoidalar belgilangan.
Qonunning eng oxirgi — 13-moddasida esa “O'zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O'zbekistonda turgan boshqa shaxslar O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini hurmat qilishi shart”ligi ko'rsatilgan. Zero, Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi hamda BHMning 25 baravarigacha (6 mln 750 ming so'mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shunday ekan, maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan tortib oliy o'quv yurtlarida, davlat tashkilotlari va idoralarda madhiyaga ehtirom ko'rsatish qonun-qoidalariga qat'iy amal qilinishi zarur. Qonunchilikni buzganlikda ayblangan shaxslarning o'z vaqtida belgilangan tartibda javobgar bo'lishini ta'minlash madhiyaga nisbatan bepisandlikka barham berishda muhim omil bo'ladi. Buning uchun ta'lim muassasalarida pedagog xodimlar, tashkilot va idoralarda rahbarlardan davlat ramzlariga fidoyilikda yoshlarga namuna, ibrat bo'larlik madaniyat talab qilinadi. Zero, madhiyamizning mangu yashashi, avvalo, mustaqillikni, qolaversa, muqaddas qo'shig'imizni asrab-avaylashimiz yo'lidagi fidoyiligimizga bog'liq.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston”