Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini, keksa va nogironlarni manzilli qo'llab-quvvatlash yo'nalishidagi faoliyat samaradorligini yanada oshiradi.
E'tiborlisi, mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish hamda ehtiyojmand aholi qatlamini har tomonlama qo'llab-quvvatlash “Mahalla” hayriya jamoat fondining ham ustuvor vazifasidir. Fondimiz uzoq yillardan beri kam ta'minlangan oilalar, nogironlar yakka-yolg'iz keksalarni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Birgina joriy yilning o'tgan 11 oyi davomida 6 mingdan ziyod ehtiyojmand yurtdoshlarimizga fond mablag'lari hisobidan qariyb 4 millard so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi. Jumladan, 2 mingdan ziyod kam ta'minlangan oilalarga 1,5 milliard so'mga yaqin, ijtimoiy himoya muhtoj oilalarga esa 1 milliard so'mdan ziyod malbag' yo'naltirildi. Shuningdek, 700 nafar nogironligi bo'lgan shaxslarga 500 million so'mdan ziyod, 300 ga yaqin yakka-yolg'iz keksalarga esa 200 million so'mga yaqin mablag' sarf etildi. Joriy yilning o'tgan davri mobaynida urush va mehnat fronti faxriylari tabiiy ofatdan aziyat chekkan oilalarning holidan ham xabar olindi.
Darvoqe, mahalla idoralarining moddiy-texnik imkoniyatlarini yanada mustahkamlash ham – e'tiborimiz markazida. O'tgan 11 oy davomida 604 mahalla idoralariga 3 milliard 608 million so'mlik mebel va kompyuter jamlanmalari olib berildi. Bu yo'nalishdagi ishlarimizni keyingi yilda ham davom ettirib, mahallaning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilamiz.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida mahalladagi infratuzilmani yanada yaxshilash va aholiga qulay shart-sharoitlar yaratishga ham alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, keyingi yilda mahallalarda suv va elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash, yo'l va maktab qurish loyihalarini amalga oshirish uchun 8 trillion so'm mablag' yo'naltirishi hammamizni quvontirdi. Ko'zlanayotgan yangi marralar “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim” yili deb e'lon qilingan 2023-yilning mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ahamiyati naqadar yuksak ekanini yana bir karra isbotlaydi.
Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma'rifat va tarbiya qo'rg'onidir. Mahallaga berilgan bunday yuksak ta'rif uning zimmasidagi mas'uliyatning yuki naqadar zalvorli ekanini ko'rsatadi. Shu jihatdan mahallarda kutubxonalar tashkil etish g'oyasi fuqarolar yig'inlarining tarbiya maskaniga aylantirish uchun qo'yilgan navbatdagi qadamdir. Endi mahallalar hududning ijtimoiy muammolari bilangina shug'ullanadigan idora emas, balki chin ma'nodagi tarbiya maskaniga aylanadi. Prezidentimiz Murojaatnomasidan keyin fondimiz ham o'z oldiga qator vazifalarni belgilab oldi. Xususan, mahalla kutubxonalari kitob fondini boyitishga alohida e'tibor qaratamiz. Keyingi yildan boshlab qator nashriyotlar bilan “Mahallalar uchun kitob” loyihasini ishga tushiramiz. Loyiha doirasida o'zbek va jahon adabiyotining eng sara kitoblari mahallalarga olib beriladi.
Bundan tashqari, Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish yo'nalishidagi ishlarimizni ham sifat jihatdan yangitdan ko'rib chiqamiz. Keksalar va yoshlar o'rtasida ma'rifiy uchrashuvlarni ko'paytiramiz. Bir so'z bilan aytganda, keyingi yildagi rejalarimiz mahallaning ijtimoiy hayotning eng qaynoq nuqtasiga aylantirishga xizmat qiladi.
Dilshodbek Usmanov,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
respublika boshqaruvi raisi