Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi oʻgʻil-qizlarning muammosini hal etishda koʻprik vazifasini oʻtaydi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 27-yanvar sonida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorovning “Mahalladagi yoshlar yetakchisi hududlardagi oʻgʻil-qizlarning muammosini hal etishda koʻprik vazifasini oʻtaydi” nomli maqolasi eʼlon qilindi.

    Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini taʼminlashda asosiy poydevor yoshlar va ularning intellektual salohiyati hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yoshlardan iborat ekanini inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatini himoya qilish hamda kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy va amaliy jihatdan yechimini topish kun tartibidagi muhim vazifadir.

    Yosh avlod kelajagi esa hamisha Oʻzbekiston siyosatining markazida boʻlgan. Bugun ham yurtimizda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, yoshlarning kamoloti va tarbiyasiga ijobiy taʼsir qiluvchi shart-sharoit yaratish uchun barcha sohada keng koʻlamli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda.

    Oʻzbekiston — haqiqiy maʼnoda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulgʻayayotgan yigit-qizlarning orzulari va oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari bisyor. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlovi esa ularga bu maqsadlarni amalga oshirishda koʻmak beradi. Prezidentimizning “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, degan soʻzlari yoshlar uchun katta marralar sari yoʻl ochdi. Oʻtgan davrda yoshlarni har tomonlama qoʻllabquvvatlash maqsadida qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Ular asosida yoshlarning

    intilish va iqtidorini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirishga oid rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish boʻyicha mustahkam tizim yaratildi. Ushbu saʼy-harakatlar davomi sifatida Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.

    Qarorga muvofiq, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shahar va shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

    Yoshlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlash, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbusini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish yetakchilarning asosiy vazifasi sifatida qayd etildi. Navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual jihatdan kamol topishi va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash vazifasi yuklatildi.

    Shuningdek, yetakchilarning oʻziga biriktirilgan mahallalarda maqom, baxshichilik va estrada boʻyicha tanlovlar, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini oʻtkazishi, shu bilan birga, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish boʻyicha musobaqalarini tashkil etishi zarurligi taʼkidlandi.

    Lavozimga nomzodlar esa tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi, yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinishi qayd etildi.

    YUNISEF, Yoshlar ittifoqi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan oʻtkazilgan va “Oʻzbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar” deb nomlangan yirik tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan hisobotda Oʻzbekiston 15-20 yildan soʻng noyob demografik dividendni qoʻlga kiritishi taʼkidlab oʻtilgan.

    2048-yilga borib mamlakatda mehnatga layoqatli aholi soni tarixiy yuqori darajaga yetishi kutilmoqda. Tabiiyki, ularning salmoqli qismini yoshlar tashkil qiladi. Hozir davlat oldidagi asosiy vazifa demografik dividendni qoʻldan boy bermaslik hamda undan maksimal foydalanishdan iborat. Boshqacha aytganda, hukumat inson kapitaliga, yaʼni yoshlarning sifatli taʼlim olishi va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishga katta hajmda investitsiya kiritishi zarur. Bu kelajakda nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirish, balki ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish — kambagʻallik va salohiyatli kadrlar migratsiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish, xalqning turmush darajasini oshirish imkonini beradi.

    Maʼlumotlarga koʻra, oʻqishni bitirgach, uyda oʻtirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmogʻi ancha yuqori — 51 foiz. 18 yoshdan keyin mazkur koʻrsatkich yanada ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababi qizlar oila yumushlari bilan mashgʻulligi hamda daromad topish uchun boshqa joyga koʻchib oʻtish imkoniyati cheklangani bilan izohlanadi. Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda oliy taʼlim muassasalariga kamroq oʻqishga kiradi. Shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Mamlakatimizda startap loyihalarga qishloq yoshlari qoʻl urmoqda. Ayollar, asosan, sogʻliqni saqlash, taʼlim va qayta ishlash sanoatida band. Erkaklar orasida nisbatan ommalashgan kasblar quruvchilik va fermerlik hisoblanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, yoshlar bilan muloqot faqat idoralarda yoki maktablarda boʻlmaydi. Muloqotni uzviy ravishda yoʻlga qoʻyish uchun, birinchi navbatda, yoshlar ichiga quchoq ochib kirib borish talab etiladi. Aynan mana shunday sharoitda yoshlar yetakchisiga zarurat seziladi.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, 2021-yilning 1-sentyabr holatiga koʻra, yurtimiz boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlari soni 9255 tani tashkil etmoqda. Shundan 41 tasi shaharcha, 81 tasi qishloq, 164 tasi ovul, 8969 tasi mahalla fuqarolar yigʻini hisoblanadi.

    Endi tasavvur qiling, ushbu mahallalarning har birida yetakchilarning boʻlishi mavjud vaziyatni qanchalik yengillashtiradi? Oʻylashimizcha, ular hukumat va yoshlar orasidagi masofani yanada yaqinlashtiradi, oʻgʻil-qizlar bilan ishlashning yangicha usullarini ishlab chiqqan holda jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qoʻshadi.

    Yoshlar yetakchisi taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishda turli muassasalar hamda yoshlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, ularning turli jarayonlarga moslashuviga koʻmaklashadi. Yigit-qizlarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam koʻrsatgan holda Vatanga muhabbat hissini oshiradi. Shu bilan birga, yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish boʻyicha muntazam tahlil qilib boradi va ish sifatini oshiradi. Shuningdek, ularning ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor boʻlib turadi.

    Yoshlar yetakchisi, oʻz navbatida, davlat bilan tengqurlari oʻrtasidagi vositachiga aylanadi. U yoshlarning manfaati va muammolarini tahlil qiladi. Ularning mavjud qobiliyatidan kelib chiqib, toʻgʻri maqsad sari yoʻnaltiradi. Shuningdek, salohiyatini rivojlantirishning individual yoʻnalishini izlab topadi.

    Zero, yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yurituvchi kadrlar yoshlarning taʼlimga nisbatan qiziqishini aniqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi. Ularning tashabbusini amalga oshirishga yordam beradi. Yoshlarning oʻqishi va taʼlimdagi yutuqlarini loyihalashtirish, tahlil qilish va taqdim etishga koʻmaklashadi. Yoshlar bilan ularning yutuq va qiyinchiliklarini, turli joylarda va turli tadbirlarda amalga oshiriladigan faoliyatning qay darajada samaradorligini, sinov harakatlarida samarali ishlashga taʼsirini tahlil qiluvchi tadbirlarni oʻtkazadi.

    Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun jihatidan bevosita ularga naqadar daxldor ekanini anglaymiz. Zero, har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi, albatta, davlatning yetakchi kuchi hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq.

    Xayrulla SATTOROV,

    Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari,

    “YOSHLAR — KELAJAGIMIZ” jamgʻarmasi ijrochi direktori