Bu qonun bilan amaldagi 14 ta qonun hujjati, yaʼni 11 ta qonun va 3 ta kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Endilikda mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga oid qonunlarga kiritilayotgan meʼyorlarga asosan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilingan qonunga zid qarorlarni bekor qilish vakolati Senatga beriladi. Deputatni javobgarlikka tortishga rozilik berishni xalq deputatlari Kengashlari sessiyalari oraligʻida hal etish amaliyotidan voz kechiladi.

Mahalliy Kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish bilan bir qatorda yuqori palataning faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlarga Senat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyatiga doir hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etish, shuningdek, hududiy manfaatlardan kelib chiqib, Senat tomonidan Davlat byudjetining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi oʻrnatiladi.

Qonunga asosan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni, davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish haqidagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining taqdimnomalari bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.

Iqtisodiyot sohasida yana bir oʻzgartishga koʻra, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun yigʻimlar endi respublika byudjetiga emas, Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorni rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

Qonun bilan davlat boshqaruvi organlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi, ijobiy xulosa olingandan soʻng hisobga olinishi hamda oʻz-oʻzi bilan soʻng joriy etilishi, umumiy texnik reglamentlar esa bundan mustasnoligi belgilangan.