Zero, qonunga itoatkorlik, jamiyatda yurish-turish qoidalariga amalga qilish, ijtimoiy hayotga moslashuvchanlik ko'nikmasini shakllantirish, yangi jinoyat sodir etilishining oldini olish uchun mahkumlarni o'qitib, kasb-hunarga yo'naltirish muhim sanaladi.
2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning mutlaqo yangi ustuvor yo'nalishlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 14 maydagi 3723-sonli qaroriga binoan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish kontseptsiyasi qabul qilindi. Kontseptsiya doirasida jazolarni liberallashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
O'tgan qisqa davrda ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning umumiy o'rta hamda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi uchun oltita jazoni ijro etish muassasasida umumta'lim, to'rttasida esa kasb-hunar o'rgatish markazlari faoliyati yo'lga qo'yildi. SHuningdek, “Usta-shogird” tizimi asosida mahkumlarni kasb-hunarga yo'naltirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Umumta'lim va kasb-hunar o'rgatish markazlari faoliyat ko'rsatmayotgan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi, shuningdek, barcha jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning oliy ta'lim egallashi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratish, qolaversa, probatsiya xizmati uchun kadrlar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yish zarurati mavjud. SHu bois, O'zbekiston Prezidentining “Jinoiy jazoni ijro etish tizimida ta'limni tashkil etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik fikrini o'rganish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Ilk bor qaror loyihasida umumta'lim muassasalari va kasb-hunarga o'qitish markazlari faoliyat ko'rsatmayotgan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi, shuningdek, barcha jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning oliy ma'lumotli bo'lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
SHuningdek, me'yoriy hujjat loyihasida 2021-2022 o'quv yilidan boshlab ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning masofaviy ta'lim shakli orqali umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi uchun jazoni ijro etish muassasalarida faoliyat ko'rsatayotgan umumta'lim va kasb-hunar o'rgatish markazlarida, oliy ma'lumot olishi uchun esa tegishli oliy ta'lim maskanlarida maxsus o'quv guruhlari tashkil etilishi ko'rsatilgan. Maxsus o'quv guruhida ta'lim oluvchilarning o'rni oliy ta'lim muassasalarining belgilangan umumiy qabul kvotalariga kirmaydi va davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.
SHuningdek, qarorda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan vazifalar ham belgilangan. Jazoga hukm qilinganlar har oyda kamida bitta tavsiya etilgan adabiyotni o'qishi lozim. Xulq-atvorini baholash, jazosini engillatish, muddatidan ilgari shartli ozod qilishda mahkumlarning bilim va kasb-hunar egallashga vijdonan yondashuvini hisobga olish nazarda tutilgan. Bu ularning kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda ta'lim olishga intilishini rag'batlantiruvchi o'ziga xos mexanizmdir.
Qaror loyihasida tegishli vazirlik va idoralar oldiga masofaviy ta'lim shakli orqali bilim olish istagida bo'lgan mahkumlarni o'qishga qabul qilish, shu jumladan, hujjatlarini rasmiylashtirish, topshirish, imtihonlarni o'tkazish va natijasini e'lon qilish, mahbuslarning umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim olishini tashkil etish, ularga muayyan ma'lumot olganini tasdiqlovchi hujjatlarni berish, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan sobiq o'quvchi yoki talabalarning ta'lim muassasalaridagi o'qishini davom ettirish tartibi kabi qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash vazifasi qo'yilgan.
Jinoyat-ijroiya kodeksining 18-moddasiga asosan, shikoyatlarni ko'rib chiqish hamda fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari buzilgani hollarini o'z tashabbusi bilan tekshirishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Ushbu qoidadan kelib chiqib, ta'lim olish istagidagi mahkumlarni o'qishga qabul qilish, shu jumladan, hujjatlarini rasmiylashtirish, topshirish, imtihonlarni o'tkazish va natijasini e'lon qilishda inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlar vakillari ishtiroki nazarda tutilsa, jarayonning adolatli va shaffof o'tishi ta'minlanadi.
Bizningcha, qaror loyihasidagi “o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi” jumlasi o'rnida “o'rta maxsus professional ta'lim” jumlasini ishlatish maqsadga muvofiq. SHunda qaror loyihasi O'zbekiston Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni talablariga muvofiq keladi.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar orasida bilib-bilmay jinoyat sodir etgan ziyolilar, ilm-fan vakillari ham mavjudligini inobatga olsak, bu toifa mahkumlar uchun oliy ta'limdan keyingi ta'limni davom ettirish, ilm-fan bilan shug'ullanish, muayyan sohalarda tadqiqotlar olib borish, mavzularni tanlash, tasdiqlash yoki oldin tanlagan mavzusini davom ettirish imkoniyati yaratilsa, elektron kutubxonalar tashkil etilib, ulardan ilm yo'lida foydalanilsa, bu sa'y-harakatlar, albatta, ijobiy natija beradi.
Xulosa shuki, ushbu qaror loyihasi tasdiqlansa, mahkumlarning ta'lim olish huquqini ta'minlash va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish orqali ularning tafakkurini kengaytirib, jamiyatga ijtimoiy moslashuvida yordam berilgan, mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash va kafolatlashda yana bir muhim qadam qo'yilgan bo'lar edi.
Lazizaxon G'AFUROVA,
Inson huquqlari bo'yicha vakil (Ombudsman)ning
Toshkent viloyati bo'yicha vakili, professor
Ra'no TURDIBOEVA,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent









