Bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazilishi,. «Tashabbusli byudjet» dasturi doirasida 8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 2 trillion soʻm «Tashabbusli byudjet» jarayonlari uchun tuman va shahar byudjetlarida rejalashtirilgan, 320 milliard soʻm «Mening yoʻlim» loyihasi doirasida tuman va shahar byudjetlaridan ajratilishi, 4 trillion soʻm «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilishi moʻljallangan boʻlsa, mahalliy byudjetlar tomonidan ajratilgan qoʻshimcha pullarning 30 foizi hisobiga 1,7 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlar Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga oʻtkazilishi belgilangan.
Joriy yilning birinchi mavsumida 55 970 ta taklif ilgari surildi. Ularning 33 680 tasi hududiy ichki komissiyalar tomonidan saralab olinib, ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi. Eng koʻp ovoz olgan 1666 ta loyiha gʻolib deb eʼlon qilindi.
Agar taqqoslaydigan boʻlsak, 2021-yilda oʻtkazilgan ovoz berish jarayonida 1,1 million fuqaro qatnashgan boʻlsa, 2022 yilning dastlabki mavsumida ularning soni 6,7 milliondan ziyodroq boʻlgan edi. Joriy yilning mos davrida ishtirokchilar soni 16 milliondan oshdi. Yana bir muhim jihati, ilk marotaba «Tashabbusli byudjet» dasturida respublikaning barcha mahallalari oʻz loyihasi bilan ishtirok etdi.
Bu jarayonda eng faol ishtirok etib kelayotgan Fargʻona viloyati misolida oladigan boʻlsak, 1 062 ta mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomonidan 2 450 ta taklif ilgari surilib, ularning 1 990 tasi ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi. Ovoz berish jarayonida bildirilgan takliflarni qoʻllab-quvvatlashda 2 million 222 ming fuqaro ishtirok etdi. Bu viloyat umumiy aholisining 57 foizi tashkil qiladi.
Natijalar tahliliga koʻra, umumiy qiymati 141,3 milliard soʻmlik 133 ta eng koʻp ovoz toʻplagan loyiha gʻolib deb topildi. Bular ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlakchalari, yoʻl oʻtkazgichlarni taʼmirlash, umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, ichimlik suvi va oqava tizimini yaxshilash, elektr taʼminoti sifatini oshirish, mahalla guzari va qonun hujjatlari bilan belgilangan mezonlarga muvofiq boshqa tadbirlarni amalga oshirishga doir loyihalardan iborat.
— Aholi kundalik hayot tarzi uchun kerakli boʻlgan masalalar yechimida bevosita fuqarolar ishtirok etayotgani. mahalliy byudjet mablagʻlarini xolis va shaffoflik asosida aniq maqsadlar sari yoʻnaltirish imkoniyatini bermoqda, — deydi viloyat moliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Hayitboy Xayrullayev. — Bu jarayonda gʻolib deb topilgan takliflar ijrosi boʻyicha buyurtmachi korxonalar loyiha-smeta hujjatlarini shakllantirish hamda ularni amalga oshirish uchun «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali loyihachi va pudratchi korxonalarni aniqlash choralari koʻrilmoqda.
Uchkoʻpik tumanidagi «Mashad» mahalla fuqarolar yigʻinidagi ichki yoʻllarni taʼmirlash, transport va aholi harakati uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish borasida qilgan koʻplab murojaatlari yillar davomida eʼtibordan chetda qoldi. Xususan, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan ichki yoʻllar yozda chang, yogʻingarchilik kunlarida loyga belanib ketardi. Fuqaro Normuhammad Nosirov hamda Oybek Abdurahimovning Mashad va Boytumor qishloq yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha bildirgan takliflari «Ochiq byujet» portaliga joylanib, 43 mingdan ortiq ovoz toʻpladi va gʻolib boʻldi. Tez orada umumiy uzunligi 5 kilometrdan ortiq, eni 4 mert boʻlgan ichki yoʻllar 2 milliard 400 million soʻm hisobiga taʼmirdan chiqariladi.
— Mahallamizda 3 ming 700 nafar aholi yashaydi. Boʻlib oʻtgan «Tashabbusli byudjet» dasturida barcha ichki yoʻllarni asfaltlash yuzasidan bildirgan taklifimiz gʻolib boʻlgani hammamizni quvontirdi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Mirzohid Xoʻjamatov. — Ichki yoʻllarni taʼmirlash borasidagi takliflar bilan avvalgi mavsumlarda ham ishtirok etganmiz. Lekin kerakli miqdorda ovoz toʻplay olmagandik. Bu gal hamma ushbu maqsad yoʻlida birlashdi. Eʼtiborlisi, odamlar oʻz hayot tarzi uchun muhim boʻlgan masalalar yechimida har jihatdan faol boʻldi, bir-birini qoʻllab-quvvatladi. Mana endi uzoq yillardan buyon abgor oʻib yotgan yoʻllarimiz pavon boʻladi, odamlar uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilishga xizmat qiladi.
Har bir mahallaning oʻziga xos katta-kichik muammolari bor. Ichki yoʻllarni taʼmirlash, ichimlik suvi tortish, elektr va gaz taʼminotini yaxshilash, maktab, bogʻcha, tibbiy xizmat sifatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalari hamisha dolzarb boʻlib kelgan. Ammo bugunga kelib vaziyat tom maʼnoda tubdan oʻzgaryapti. Toʻrt yildan buyon mavjud masalalar amaliy yechimini oʻzida mujassam etgan yangi tizim, kamchiliklarni aniqlash bilan birga, ularning hal etilishiga kamarbasta boʻlmoqda .
Bagʻdod tumanidagi 3-sonli umumtaʼlim maktabi yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelardi. Barcha sinflar va maʼmuriy xonalarni zamon talabi asosida taʼmirlash va qayta jihozlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kompyuter bilan taʼminlash, faollar zalida kerakli sharoitlar yaratish zarur edi. Mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan murojaatlar turli bahonalar bilan orqaga surilib kelinardi. Fuqaro Bahromjon Abdusaminovning mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bildirgan taklifi «Tashabbusli byudjet» orqali fuqarolar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanib, 14 ming 151 ta ovoz jamlandi. Yaqinda bu yerda umumiy qiymati 1,1 milliard. soʻm boʻlgan qurilish, obodonchilik ishlari amalga oshiriladi.
— Aholi soni va tadbirkorlik subyektlarining koʻpayib borayotgani elektr energiyasiga boʻlgan talabni oshirib boryapti, — deydi Qoʻshtepa tumanidagi «Gʻishtmon» mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan Oyatillo Qodirov. — Elektr taʼminotini yaxshilash uchun mahalla hududiga yaqin nuqtadan tarmoq tortish, Gʻishtmon va Fidoiy koʻchasiga 2 ta, Javohir, Yangiariq, Ohang hamda Ibn Sino koʻchalariga 1 tadan transformator oʻrnatish va barcha eski simyogʻochlarni yangi tayanch ustunlariga almashtirish, zamonaviy yopiq kabellar tortish, yoritish chiroqlarini oʻrnatish yuzasidan bildirgan taklifim «Tashabbusli byudjet» jarayonida eng koʻp ovoz toʻplab gʻolib boʻldi. Quvonarlisi, fuqarolar tomonidan bildirilayotgan taklif ochiq, shaffof tarzda toʻplangan ovozlar orqali aniqlanayotgani ayni muddao boʻlyapti.
Haq gap. «Tashabbusli byudjet» orqali mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmadagi kamchiliklar manzilli hal etilmoqda. Eng muhimi, bu loyihalar aholining talab va takliflari asosida shakllantirilmoqda.
Oʻtgan kuni Prezidentimiz aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda ana shu jihatlarni alohida eʼtirof etar ekan, «Tashabbusli byudjet» dasturida gʻolib boʻlmagan koʻplab loyihalarga ham mablagʻ ajratilishi boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Gʻolib loyihalarni sifatli bajarish bilan birga, ilgari surilgan boshqa takliflarga ham eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.
— Masalan, 1 ming 300 ta loyihaga 2 mingdan ortiq aholi ovoz bergan boʻlsada, gʻolib boʻlmagan. Bu — 4 milliondan ortiq aholi koʻtargan masala yechimini topmadi, degani. Shuning uchun aholining bu xayrli takliflarini qoʻllab-quvvatlashimiz zarur, — dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur dasturda qatnashgan 34 mingta loyiha kelgusi yil byudjetini shakllantirish uchun tayyor taklif hisoblanadi. Masalan, mahallalardagi tibbiyot muassasalarini taʼmirlash boʻyicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushgan.
Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan. «Tashabbusli byudjet»da 1 ming 500 dan ortiq ovoz toʻplagan loyihalarni 2024-yilgi byudjetni shakllantirishda inobatga olinadi.
— Davlatimiz rahbari 10-aprel kuni imzolagan «Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida tizimga oid bir qator vazifa va qoidalar belgilandi, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azim Hasanov. — Jumladan, 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 1 309 ta loyiha uchun ham qoʻshimcha ravishda 1,3 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.
2023 yil birinchi mavsumda gʻolib deb topilgan 2 975 ta loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi qatʼiy nazoratga olinadi. Bunda jihozlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish soʻnggi muddati etib joriy yilning iyul oyi, qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalarni bajarishning soʻnggi muddati etib avgust oyi belgilandi.
Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari doirasida byudjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yigʻish boʻyicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Majburiy ovoz yigʻishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi. «Tashabbusli byudjet» jarayonida ovoz toʻplash va gʻoliblarni aniqlash mexanizmini tanqidiy koʻrib chiqish, bu borada keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda, takliflar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
Abdurauf QORJOVOV,
Rasuljon KAMOLOV,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbirlari