Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu naql mohiyatini mazmunan boyitib, taʼlim dargohlarini boʻlgʻusi Renessansning toʻrtinchi halqasi deb atadi. Hech ikkilanmay: “Oʻqituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman”, dedi.
Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov uchinchi mingyillik ostonasida turib, insoniyat qarshisida chuqur oʻyga tolar ekan: “Zamondoshlarim yelkasiga tushgan yukni, ongi va qalbiga yetgan kuchlanishni men fazo kemasining koʻtarilish chogʻida fazogirning vujudiga tushgan ogʻirlikka qiyoslayman”, degan edi. Shu maʼnoda, biz, oʻqituvchilar ham oʻtmish va bugunni taqqoslab, taʼlim sohasida erishilayotgan ulkan yutuq va muammolar, eʼtibor va gʻamxoʻrliklar, oldingi va hozirgi ahvol haqida tez-tez fikrlashib turamiz.
— Har qanday yuksak tamaddun, islohotlar negizida inson va uning intellektual salohiyati turishini hisobga olsak, taʼlim tizimiga, soha mutaxassislariga koʻrsatilayotgan davlat siyosati darajasidagi yuksak eʼtibor hamda gʻamxoʻrliklar mohiyatini anglash qiyin emas, — deydi maktabimizning jismoniy tarbiya oʻqituvchisi va badiiy gimnastika murabbiyi Nozima Joʻrayeva. — Oʻzbekiston Prezidentining qaysi soha vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvini koʻrmang, albatta, oʻqituvchilar haqida alohida jon kuydirib, ularning turmush sharoitini yaxshilash haqida yoki oʻquvchilarning chuqur bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni hozirlash toʻgʻrisida soʻz aytadi, masʼullarga koʻrsatma beradi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori sabab, soʻnggi besh yil ichida xalq taʼlimi tizimi bilan bogʻliq koʻplab qarorlar qabul qilinib, yaqqol koʻzga tashlanib turgan kompleks muammolarga uzil-kesil barham berildi. Jumladan, eng mashaqqatli, eng sharafli kasb egalarining moddiy ahvolini tubdan yaxshilash, oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozliklaru faoliyatiga nooʻrin aralashuvlardan hamda ularni majburiy mehnatga jalb qilish singari nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarnining oʻz kasbiga boʻlgan munosabatiga salbiy taʼsir qiladigan nojoʻya munosabatlarga chek qoʻyildi. Prezidentimiz ushbu holatni oʻtgan yili Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida kuyunchaklik bilan chuqur tahlil qilar ekan, jumladan, shunday degandi:
“Mana, yaqin-yaqingacha oʻqituvchi-muallimlar, ayrim joylarda oʻquvchilar ham, toʻrt oylab paxta yigʻim-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgani sir emas. Natijada oʻqituvchi bir oyda oʻrtacha 80 soat dars oʻtishi kerak boʻlsa, toʻrt oyda 320 soat yoʻqotadigan vaziyat vujudga keldi. Oʻz navbatida, oʻquvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan boʻlsa, toʻrt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur boʻldi.
Agar bu raqamlarni oʻn bir yilga koʻpaytirsak, bilasizmi, qancha boʻladi? Bu, axir, yuqori sinf oʻquvchilari uchun belgilangan 8,5 ming soatlik oʻquv dasturining qariyb 3 ming soati – 30 foizi dalada majburiy mehnatda oʻtdi, degani emasmi? Boshqacha aytganda, bola 11 yil oʻrniga atigi 7 yil oʻqishga majbur boʻldi.
Yaratganga shukrki, bunday salbiy holatlar endi tarixda qoldi. Hamma sohani oʻz egasiga, jumladan, qishloq xoʻjaligini ham fermer va klasterlarga topshirayotganimiz tufayli bunga erishmoqdamiz”.
Qarang, qanday muammolar girdobida yashabmiz, lekin shu vaqtgacha ijtimoiy-siyosiy hayotimizda shunday jiddiy yondashuv va tahliliy munosabat bormidi? Vaziyatni teran anglagan Prezidentimiz mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini oʻylab, oʻqituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi hamda mavqeini oshirish uchun ularning maqomini qonun darajasida belgilash taklifini berdi. Ushbu qonunda yoshlarga taʼlim-tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari kafolatlanishi kerakligi, shu bilan birga, maktab direktori, uning oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomini aniq belgilash koʻzda tutilishi taʼkidlandi. Shu fikrning amaliy isboti sifatida sinf rahbarlarining mashaqqatli va masʼuliyatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish uchun 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab, 242 ming sinf rahbariga qoʻshimcha toʻlov miqdori bir yarim barobar oshirildi. Prezidentimiz farmoniga binoan ilk bor 14 nafar sinf rahbari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi.
— Oʻqituvchilar maoshining oshirilishi, ularga avtokreditlar, namunaviy uy-joylar uchun imtiyozli kreditlarning berilishi, dam olish uchun yilda bir marta sihatgohlarga yuborish amaliyotining joriy etilishi sohadagi tub burilishlarning amaliy ifodasidir, — deydi maktabimizning matematika fani oʻqituvchisi Venera Halimova. — Ayniqsa, matematika hamda kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish boʻyicha maxsus qarorlar qabul qilinib, har bir tuman va shaharda ana shu fanlarga ixtisoslashgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilayotgani tarixda kuzatilmagan voqelikdir. Yaqin oʻtmish va bugungi kun manzarasi qiyoslanganda, jadid bobolarimiz kabi tinimsiz, fidokorona mehnat qilib, Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishgan, bugungi kunimizning haqiqiy maʼrifatparvari deb hisoblanayotgan, mohir pedagog Toʻxtamurod Jumayevning Prezidentimiz farmoniga binoan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi muhim hodisadir.
Darvoqe, Toʻxtamurod Jumayev tamal toshini qoʻygan mazkur maktab bugungi kunda Xalqaro matematika maktabiga aylantirilgani va bitiruvchilarining 95 foizdan ortigʻi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirib, xalqaro olimpiadalarda eng koʻp medal va sovrinli oʻrinlarni olib kelayotgani uchinchi Renessans uchun yurtimizda munosib poydevor mavjudligini koʻrsatadi. Bunday dadil tashabbuslar va islohotlar samarasi oʻlaroq xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishayotgan oʻgʻil-qizlarimiz taraqqiyot maktab ostonasidan boshlanishini bot-bot isbotlamoqda.
Bularning barchasi taʼlim samaradorligini oshirish, barkamol shaxs tarbiyasi taʼlim markazida boʻlishini hamda yoshlarning mustaqil bilim olishini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan oʻqituvchilarga katta eʼtibor va imkoniyatlar berilayotganining yorqin dalilidir. Muhimi, biz kelajak avlod vakillarini tarbiyalash va kamolga yetkazish, ustoz-murabbiylar mehnatini yuksak qadrlash yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlar, qabul qilinayotgan muhim dastur va qarorlar, qad rostlayotgan zamonaviy taʼlim muassasalarida yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, ulkan bunyodkorlikning faol ishtirokchisiga aylanyapmiz.
Ustoz degan nomga munosib boʻlish uchun yurtimizdagi barcha fidoyi oʻqituvchilar butun mahoratini ishga solib, bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga intilmoqda. Zero, muallim kamolotning koʻzgusi ekan, bu yoʻlda oʻqituvchi nafaqat kasbiga fidoyi boʻlishi, taʼlim dargohi, oʻquvchi-talabalarni sevishi, balki qatʼiyatli va irodali boʻlishi ham oʻta muhim. Zotan, kelajak yoshlar qoʻlida ekan, Oʻzbekistonning ertangi kuni yorugʻ va istiqboli yana-da porloq boʻlishi uchun barchamiz, ayniqsa, biz, oʻqituvchilar yoshlar tarbiyasiga, taʼlim tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda bor bilim va tajribamizni ishga solib, bu sharafli yoʻldagi eng katta kuch, tayanch va suyanchga aylanishimiz lozim.
Zero, yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi!
Diyora RAHMATULLAYEVA,
Toshkent shahridagi
260-maktab oʻqituvchisi