Oliy Majlis Qonunchilik palatasining innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo'mitasi tashabbusi bilan Xalq ta'limi vazirligi faoliyatida “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning ijro etilishi holatini nazorat-tahlil shaklida o'rganish doirasida videokonferentsiya tarzida davra suhbati o'tkazildi. “Ta'lim sohasiga raqamli texnologiyalarni jalb qilishning axamiyati” mavzuida tashkil etilgan tadbirda qo'mita a'zolari, Xalq ta'limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarining rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda dunyoda ro'y berayotgan o'zgarishlar, xususan, axborot-kommunikatsion texnologiyalarining rivojlanishi ko'plab sohalar qatori, ta'lim tizimiga ham yangicha yondashuvni talab etmoqda. Qolaversa, jahon bo'ylab tarqalgan COVID-19 infektsiyasi tufayli farzandlarimiz bir muddat masofaviy ta'lim shaklida o'qishga majbur bo'ldi. Bu jarayon “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning ijrosini o'z vaqtida ta'minlash qay darajada muhim ekanligidan dalolat bermoqda.

Tadbirda Xalq ta'limi vazirligining ushbu qonunning ijro etilishi holati yuzasidan axboroti tinglandi.

Qayd etilganidek, Xalq ta'limi tizimida 10 dan ortiq axborot tizimlari va dasturlari ishlab chiqilib, ularni ta'lim tizimiga keng joriy etish ishlar amalga oshirilmoqda. Tizimda bir qator axborot tizimlari va resurslari joriy etilgan. CHunonchi, olympiad.uzedu.uz — onlayn olimpiadalar tashkil etish va iqtidorli o'quvchilar bazasini shakllantirish axborot tizimi, attestat.uzedu.uz — “Attestat” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, bam.uzedu.uz — “Barkamol avlod” markazlari faoliyatini boshkarishning axborot tizimi, ustozovozi.uzedu.uz — Ustoz ovozi, virtual inspektor tizim kabilar shular jumlasidan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning ijrosini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi sifatida xalq ta'limi tizimida uchrayotgan qator kamchiliklar sanab o'tildi.

Jumladan, “O'zbektelekom” AKning mablag'lari (202 milliard so'm) hisobiga respublika bo'yicha 6 827 ta xalq ta'limi muassasasigacha 8 339 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan. Biroq shu kunga qadar optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan aksariyat xalq ta'limi ob'ektlarida telekommunikatsiya (yuqori tezlikdagi Internet) xizmatlari uchun mablag'lar xarajatlar smetasida inobatga olinmaganligi bildirilmoqda. Optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan taqdirda ham aksariyat maktablar yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish uchun tayyor emas, ya'ni, komp`yuterlar texnik talablarga javob bermaydi, lokal tarmoq mavjud emas, litsenziyali dasturiy ta'minotlar o'rnatilmagan.

Tanqidiy ruhda o'tgan tadbirda  deputatlar qo'mitaning nazorat-tahlil faoliyati doirasida topilgan kamchiliklarni ham sanab o'tdi.

Ta'kidlanganidek, xalq ta'limi tizimida ma'lumotlar almashinuvi bo'yicha elektron ma'lumotlar bazasi samaradorligi, aholiga ko'rsatilayotgan xizmatlarning natijadorligi yuzasidan tahliliy ma'lumotlar tayyorlash davomida bir qator kamchiliklar aniqlangan. Chunonchi, 2019 yilda jami 10154 ta ob'ektdan 6827 ( 67 foiz) ta ob'ektga optik tolali aloqa kabeli tortilgan, shundan 4969 (48 foiz) ta ob'ektga ulangan bo'lsa, 5569 ta ob'ektga ulanmagan. xDSL va CPON texnologiyalarini inobatga olgan holda 4585 (45 foiz) ta ob'ektda yuqori tezlikdagi internetdan foydalanilmoqda. SHundan, Xorazm viloyatida 100 foiz, Toshkent shahrida 90 foiz maktablar foydalanayotgan bo'lsa, Farg'ona viloyatida 36 foiz, Surxondaryo viloyatida 30 foiz, Jizzax viloyatida 20 foiz, Qashqadaryo viloyatida atigi 17 foiz maktablar yuqori tezlikdagi internetdan foydalanib kelmoqda.

“Kundalik.som” tizim 2019 — 2020 o'quv yilida Toshkent shahridagi 300 dan ortiq maktabda tajriba sinovdan o'tkazilgan, 2020 — 2021 o'quv yilidan esa 1400 dan ortiq maktablarga joriy etilgan. ATning texnik topshirig'i ishlab chiqilgan, 2020 yil 10 noyabrda Xalq ta'limi vazirligi va “Kundalik” XK MCHJ bilan bitim imzolangan, 12 noyabrda Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan ro'yxatdan o'tkazilganligi sababli vakolatli organ tomonidan ekspertizadan o'tkazilmagan.

O'qituvchilar ishini engillashtirish, qog'ozbozlikni oldini olishga qaratilgan islohotlar rejalashtirilgan bo'lsa-da, o'quvchining o'zlashtirgan baholarini to'g'ridan to'g'ri dars jarayonlarida “Kundalik.com” ATga joylashtirish imkoniyati mavjud emas. O'z navbatida, vazirlikka bu borada xar bir fandan o'quvchilarning o'zlashtirishini dars jarayonlarida kiritish imkoniyatini yaratish bo'yicha mexanizm ishlab chiqishi bo'yicha takliflar berildi.

Tadbirda onlayn darslarda o'quvchilarning o'zlashtirish darajasini aniqlash bo'yicha tizim yaratilmagani, o'quvchilarning onlayn darslarni kuzatib borish hamda samarasini nazoratga olish imkoniyatlari mavjud emasligi aytib o'tildi.

Bundan tashqari, axborot resurslarida saqlanadigan va ishlov beriladigan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan axborot elektron hujjatlar aylanishini tashkil etish bo'yicha “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona portalga ulangan, E-Xat elektron pochtasidan foydalanish qo'yi tizimdagi tashkilotlar bilan samarali yo'lga qo'yilmagan. elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjatlarning aylanishini tashkil etish rejalashtirilgan, biroq to'liq yo'lga qo'yilmaganligi aniqlangan.

Vazirlik tasarrufidagi 5 714 ta maktabda zamonaviy kompyuterlarning etarli emasligi, elektron darslar, virtual laboratoriya, axborot tizimlaridan foydalanish samaradorligiga erishish uchun to'sqinlik qilishini inobatga olgan holda Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi maktablarda bu borada amalga oshirilgan ishlarni qayta ko'rib chiqish hamda ikki oy muddatda yo'l xaritasini ishlab chiqish tavsiya etildi.