Malayziya bilan davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish yoʻnalishida tajriba almashiladi

    Oʻzbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Davlat xizmati departamenti (DXD) bosh direktori oʻrinbosari Anisi bin Ibrohim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Malayziya tomoniga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari, respublikada davlat xizmati faoliyati transformatsiyasi, kadrlar siyosatini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Muloqot davomida davlat fuqarolik xizmati sohasini isloh qilish va rivojlantirish borasida ikki mamlakat vakolatli organlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish, muvaffaqiyatli tajribalarni oʻrganish, oʻzaro tashriflar va qoʻshma ilmiy-amaliy tadbirlar uyushtirish masalalarida hamkorlik rejalari muhokama etildi.

    Uchrashuv natijasida respublika vakillari uchun davlat xizmatini takomillashtirish va inson resurslarini boshqarish mavzularida Kuala-Lumpurda qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish va Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Malayziya Davlat xizmati departamenti oʻrtasida tegishli muzokaralar oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.