Uchrashuvda Malayziya Eksimbanki rahbariyati bilan Oʻzbekiston tijorat banklariga moliyaviy resurslarni ajratish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
Nurbayu binti Kasim Chang Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekistonda ulkan salohiyatga egaligi, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash va investorlarga qulay shart-sharoit yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining ijobiy natijalarini berayotganini taʼkidladi.
Malayziya tomoni bilan Oʻzbekistondagi xalqaro reytinglar va standartlarga javob beradigan moliyaviy barqaror boʻlgan davlat va xususiy banklar bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida fikr almashildi.
Eksimbankning oʻtgan yillar davomida islomiy banking yoʻnalishida erishgan ulkan tajribasini inobatga olib, Malayziya tomoniga Oʻzbekiston moliyaviy sektoriga islomiy banking va sugʻurta (takaful) bozoriga birinchilardan boʻlib kirish taklifi bildirildi.
Eksimbanki prezidenti Oʻzbekistonga investitsiya kiritishni rejalashtirayotgan Malayziya kompaniyalari bilan alohida uchrashuv oʻtkazish, har bir kompaniya loyihalarini batafsil tahlil qilgan holda, ularni qulay shartlardagi moliyaviy resurslar bilan taʼminlash masalasini oʻrganib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Malayziya eksport-import banki 1995-yil avgustda Moliya vazirligi taʼsisligida strategik sektorlarga investitsiyalar va eksportni ragʻbatlantirish hamda mamlakat kompaniyalarining yangi bozorlarga kirishini osonlashtirish maqsadida tashkil etilgan.
2023-yilda bankning umumiy aktivlari qiymati 1,35 milliard dollar, jami kreditlar va moliyalashtirish aktivlari 1,07 milliard dollarni, shundan, 707 million dollar (66 foiz) anʼanaviy va 363 million dollar (34 foiz) islomiy moliya aktivlari tashkil etadi. Hozirda bankning moliyaviy xizmatlari dunyoning 53 ta davlatini qamrab olgan.