Jahon so‘fiylar markazi 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan nodavlat tashkiloti hisoblanadi.
Maʼlumki, Naqshbandiya - so‘fiylar tariqati bo‘lib, uning asoschisi, Buxoroda yashagan, Islom rivojida muhim o‘rin tutgan olimlardan biri - Bahouddin Naqshband (1318-1389) nomi bilan ataladi. Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va Xitoy Naqshbandiya taʼlimoti tarafdorlarining asosiy markazlari hisoblanadi. Dunyoda bu taʼlimotning 60 milliondan ortiq izdoshlari bor. Malayziyada ushbu tariqat vakillarining soni 250 ming kishini tashkil qiladi.
Jahon so‘fiylar markazi (World Sufi Center) Bosh kotibi Abdul Karim bin Said Xadaid bilan kechgan muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ziyorat turizmi imkoniyatlarini targ‘ib qilish, respublikaga malayziyalik ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 2018 va 2019 yillarda Buxoroda Malayziya, Indoneziya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, AQSH, Janubiy Afrika va boshqa davlatlardan kelgan 400 nafardan ortiq Naqshbandiya tariqati izdoshlari ishtirokida “Naqshbandiya” sayyohlik festivali tashkil etilgan.
Malayziya tomoniga respublikada bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish va Islom dinining insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish, ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizda sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiyalash, tarixiy shaharlarimiz haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
O‘zbekistonning o‘rta asr olimlari va mutafakkirlarining ilohiy-falsafiy tafakkur hamda butun Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi keng miqyosda eʼtirof qozongan. Shu nuqtai nazardan, suhbatdosh O‘zbekiston haqli ravishda dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilarni o‘ziga jalb etuvchi maskan ekanligini, biroq arzon narxlarda muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarining yo‘qligi mamlakatga kelayotgan sayyohlar sonining o‘sishiga to‘sqinlik qilayotganini alohida taʼkidladi.
Muzokaralar natijasida joriy yil noyabr oyi boshida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan «Ziyorat turizmi haftaligi»da ishtirok etish, 2023 yil boshida Buxoro shahrida III “Naqshbandiya” turizm festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, O‘zbekiston, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Termiz shaharlaridagi ziyoratgohlarni ko‘rish uchun Malayziyadan sayyohlarni jalb etish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.