Unda mamlakatimizning boy madaniyati, turizm salohiyati va yurtimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini Malayziyada keng targʻib qilish masalalari muhokama qilindi.
Yap Yi Lengning aytishicha, Ramazon oyi munosabati bilan 2025-yil 7-martdan 6-aprelgacha “Hari Raya” targʻibot oyligi doirasida mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdo-yarmarkasini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar “1 Utama” savdo markazida boʻlib oʻtadigan mazkur savdo-yarmarkasini oʻtkazishda hamkorlik qilish, jumladan mazkur savdo-markazida ajratilgan maydonda Samarqand shahridagi Registon maydoni koʻrinishida pavilyon tashkil etish xususida fikr almashildi.
Muzokaralar natijasida mazkur tadbirda Oʻzbekiston oziq-ovqat korxonalari, hunarmandlari va turoperatorlari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etishi uchun maxsus stendlar ajratishga kelishib olindi.
Malayziya tomoniga koʻra, tadbir davomida oʻzbek milliy kuy-qoʻshiqlari va raqslarining namoyish etilishi malayziyaliklarning Oʻzbekiston sanʼatiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“1 Utama” savdo-koʻngilochar majmuasi 1995-yilda “Bandar Utama City Centre” kompaniyasi tomonidan qurilgan. Majmua Malayziyaning eng yirik savdo markazlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu majmuada 700 dan ortiq savdo nuqtalari faoliyat olib bormoqda. Savdo markazi maʼmuriyati har yili Ramazon oyiga bagʻishlab majmuaning asosiy maydonida halol oziq-ovqatlar va boshqa mahsulotlar savdo-yarmarkasini oʻtkazib keladi.