Ayniqsa, yoshlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi qatlam sifatida jamiyatdagi turli jarayonlarga tezroq moslashmoqda. Ammo bu jarayonning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda muayyan xavf-xatarlari ham mavjud. Xususan, internetdagi nosogʻlom axborotlar, yolgʻon maʼlumotlar, virtual tahdidlar yoshlar ongiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Bu borada huquqiy madaniyatni shakllantirish va profilaktik choralarni tizimli yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Aynan shu nuqtayi nazardan mahalla institutining roli muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalla jamiyatning tarixiy shakllangan, maʼnaviy jihatdan boy, ishonch va oʻzaro hurmat asosida qurilgan ijtimoiy institutidir. Mahallaning kuchli va samarali faoliyati insonni tugʻilganidan tortib, kamolga yetishigacha hamrohlik qiladi. Ayniqsa, yosh avlodning tarbiyasi, fuqarolik masʼuliyati va huquqiy ongini oshirishda mahallaning oʻrni beqiyosdir.
Mahallada jamiyatning barcha qatlamlari oʻzaro muntazam muloqotda boʻladigan muhit mavjud. Bu muhitda kattani hurmat qilish, kichikka izzat koʻrsatish, mehr-oqibat, oʻzaro yordam va javobgarlik tuygʻusi kabi qadriyatlar amalda oʻrgatiladi. Mahallada tarbiya taʼsiri faqat oila doirasida emas, balki butun jamoa ishtirokida shakllanadi. Bu esa yoshlarning ijtimoiy ongi, axloqiy pozitsiyasi va fuqarolik burchini anglashini taʼminlaydi.
Bugungi kunda mahallaning roli faqat maʼnaviy tarbiya bilan cheklanib qolmayapti. U huquqiy profilaktika va jamoatchilik nazorati sohalarida ham faoliyat yuritmoqda. Xususan, mahallalardagi profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda yoshlarning huquqiy ongini oshirish, internetdagi salbiy taʼsirlardan himoya qilish maqsadida turli tadbirlar oʻtkazilmoqda. “Internet – imkoniyatmi yo tahdid?”, “Kiberxavfsizlik va huquqiy javobgarlik” kabi targʻibot-tashviqot ishlari mahallalarda yoshlar bilan amaliy muloqot asosida tashkil etilmoqda.
Mahallaning bu boradagi yana bir muhim vazifasi – kiber makonda yuzaga kelayotgan tahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan jamoaviy yechimlarni amalga oshirishdir. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan yolgʻon axborotlar, zoʻravonlikni targʻib qiluvchi kontentlar, ekstremistik gʻoyalar va zararli saytlar haqida aholini xabardor etish orqali yoshlarni kiberjinoyatlardan himoya qilish imkoni yuzaga keladi.
Mahalla azaldan xalqimizning oʻziga xos ijtimoiy tuzilmasi, odob-axloq va tarbiya masalalarida beqiyos maktab hisoblangan. Bugungi kunda ham u davlat va jamiyat oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini oʻtab, joylardagi axborot profilaktikasi va targʻibot ishlarining markaziga aylanmoqda.
2025-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-sonli qaror mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida muhim qadam hisoblanadi.
Mazkur qarorning amaliy ahamiyatini quyidagilar bilan asoslash mumkin:
Birinchidan, Mahalla – xavfsizlik tayanchi sifatida mustahkamlanmoqda. Qaror mahallalarni jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdagi asosiy boʻgʻin sifatida belgilab berdi. Yaʼni, endilikda mahalla fuqarolar yigʻini faoliyati faqat maʼnaviy-maishiy masalalar bilan chegaralanib qolmay, xavfsizlikni taʼminlashda ham tizimli va masʼuliyatli ishtirokchiga aylandi.
Ikkinchidan, profilaktika samaradorligi oshiriladi. Qarorga koʻra, har bir mahallada profilaktika inspektori, “Yoshlar yetakchisi”, xotin-qizlar faoli va boshqa jamoatchilik vakillari hamkorligida huquqbuzarliklarni bartaraf etish va yoshlarni xatarli muhitdan saqlash boʻyicha individual yondoshuvga asoslangan kompleks choralar belgilanmoqda.
Uchinchidan, “Xavfsiz mahalla” tamoyili amaliyotga joriy etiladi. Har bir mahallada videokuzatuv, yoritish tizimi, jamoatchilik nazorati, profilaktik tadbirlar samaradorligi, kiberxavfsizlik boʻyicha aniq mezonlar joriy etiladi. Bu mahallalarda nafaqat jismoniy xavfsizlik, balki axborot va raqamli makonda ham huquqiy muhitni shakllantirish imkonini beradi.
Toʻrtinchidan, yoshlarga qaratilgan alohida eʼtibor. Qarorda yoshlar orasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir maxsus dasturlar, ijtimoiy-psixologik yordam tizimini rivojlantirish, internetda madaniyatli va xavfsiz foydalanishni oʻrgatish boʻyicha mahalla markazlari faoliyatini kengaytirish belgilangan.
Beshinchidan, jamoaviy masʼuliyat va nazorat kuchaytiriladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasidagi hamkorlik institutsional darajaga olib chiqiladi. Endi har bir huquqbuzarlik boʻyicha javobgarlik nafaqat shaxs, balki jamoa darajasida ham tahlil qilinib, sabablar bartaraf etiladi.
Bugungi kunda Internet faqat axborot olish vositasi emas, balki hayot tarziga aylangan. Shu bois yoshlarimiz nafaqat internetdan foydalanish, balki axborotni tahlil qilish, tanlash, xavfsizlikni taʼminlash, huquqiy cheklovlarni bilish kabi raqamli savodxonlik kompetensiyalariga ega boʻlishlari shart.
Yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish uchun nima qilish kerak?
Mahalla faollari, yoshlar yetakchilari, psixolog va huquqshunoslar ishtirokida onlayn va offlayn formatda amaliy tadbirlar tashkil etish orqali kiberxavflar, onlayn aldovlar, kiberbulling haqida targʻibotni samarali tashkil etish mumkin. Bu orqali yoshlarda tanqidiy yondashish koʻnikmalari shakllanadi;
Raqamli media mahsulotlar – videolar, infografika, bloglar va podkastlar orqali yoshlarga huquqiy va axloqiy onlayn odob-axloq, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, kiberjinoyatlarni tanish yoʻllari tushuntirilishi kerak;
Oilada raqamli savodxonlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ota-onalar uchun maxsus tavsiyalar, seminarlar, broshyuralar tayyorlab, ularni farzandlarining axborot madaniyatini shakllantirishda asosiy maslahatchi va kuzatuvchi boʻlishiga koʻmak berish lozim;
Qonunchilikka oid maʼlumotlarni ommaviylashtirish uchun yoshlar, blogerlar, inflyuyenserlar, internet kontent yaratuvchilari orasida “onlayn faoliyatda javobgarlik”, “Internetda huquqbuzarlik” va “kiberjinoyatchilik uchun javobgarlik” mavzusiga oid qonunchilikdagi yangiliklar va oʻzgarishlar haqida bilim berishni tizimli tarzda amalga oshirish.
Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, yoshlar ongida huquqiy madaniyatni shakllantirish, raqamli xavfsizlikni taʼminlash va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash nafaqat xavfsiz hayot, balki barqaror rivojlanish uchun zarur poydevordir.
Xulosa shuki, Internet yoshlarga tezkor axborot olish va xabardor boʻlish imkonini beradi, ammo tafakkur va tarbiyani shakllantirish faqat hayotiy muloqot, huquqiy bilim va axloqiy yondashuv bilan amalga oshadi. Mahalla shunday hayotiy maktabki, agar uning imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalanilsa, u Internetga qaraganda koʻproq taʼsir oʻtkaza oladi.
Oblomuradova Xabiba Naimovna
TDYU dotsenti, falsafa fanlari boʻyicha
falsafa doktori (PhD)